Seminar
2025 yil 27 avgust kuni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universiteti hamkorligida "Yangi renessans sari" mavzusidagi onlayn ilmiy seminar boʻlib oʻtdi. Seminarda ishtirokchilar islom tafakkuri tarixining eng yorqin siymolaridan biri Ibn Sino falsafasi va ilohiyotiga bagʻishlangan ikkita muhim maʼruzani tingladilar: "Ibn Sino falsafasining islom tafakkuriga taʼsiri" "Ibn Sino teologik qarashlarida ratsional tafakkurning oʻrni" Maʼruzalarda Ibn Sinoning ilm-fan, falsafa va teologiya sohalaridagi ulkan merosi, uning islom sivilizatsiyasiga koʻrsatgan taʼsiri hamda uning aqlli fikrlashga asoslangan yondashuvlari atroflicha tahlil qilindi. Anqara Boyazid Yildirim universiteti professori Murat Demirkol oʻz soʻzida Ibn Sinodek buyuk shaxsiyat har qanday xalqning faxri boʻlishga arziydigan siymo ekani, shu jihatdan, oʻzbek xalqi bunday buyuk ajdodi borligi bilan cheksiz iftixor tuyishini taʼkidladi. Ishtirokchilar maʼruzachilarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, qizgʻin ilmiy munozara olib bordilar. Kelgusida ham Imom Moturidiy markazi va Anqara Yildirim Boyazid universiteti oʻrtasidagi bunday ilmiy muloqotlarni davom ettirish rejalashtirilgan. Bu saʼy-harakatlar xorijda buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini oʻrganish sohasidagi yangiliklar bilan mahalliy olim va tadqiqotchilarimizni tanishtirish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.