2026-yil 7-oktyabr’ kuni YUNESKOning Parij shahridagi Bosh qarorgohida “Islom sivilizasiyasi: Movarounnahrning buyuk maʼnaviy va ilmiy merosi hamda maʼrifat ufqlari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2025-yil sentyabrdagi yubiley 80-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslari doirasida Islom sivilizasiyasi markazi va Imom Buxoriy, Imom Moturidiy hamda Imom Termiziyning boy ilmiy-maʼnaviy merosini xalqaro maydonda targʻib etish maqsadida tashkil etildi.

Yuqori darajada tashkil etilgan nufuzli anjumanda Buyuk Britaniya, Fransiya, Shveysariya, Italiya, Turkiya, Marokash kabi davlatlardan 300 ga yaqin xorijlik olim va mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.

Xususan, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi prezidenti Xondker Muhammad Talha, YUNESKO Ijroiya kengashi raisi Nosir bin Hamad al-Xinzab, YUNESKO Bosh direktorining maslahatchisi Deniz Peris de Karvalʼyu, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Solim al-Malik, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish (IRCICA) bosh direktori Mahmud Erol Qilich, “al-Furqon” islom merosi jamgʻarmasi ijrochi direktori Sali Shahsivari, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy, Islom hamkorlik tashkilotining YUNESKO huzuridagi vakili Salima Delibey, Temuriylar davri tarixi va sanʼatini oʻrganish assosiasiyasi prezidenti Frederik Bressand, Milan Dizayn universiteti professori Mario Teddi, Jeneva diplomatik doirasi prezidenti Robert Blum kabi nufuzli mehmonlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etib, yurtimizda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdilar.

Eʼtiborga molik jihati, xalqaro konferensiyada buyuk ajdodimiz Imom Moturidiyning ilmiy-maʼnaviy merosi ilk bor YUNESKOning Bosh qarorgohi minbaridan targʻib qilindi.

Konferensiyada Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov “Imom Moturidiy merosi: bagʻrikenglik va moʻtadillik falsafasi” mavzusidagi maʼruza bilan ishtirok etib, unda allomaning boy ilmiy-maʼnaviy merosi, uning taʼlimotidagi umuminsoniy ezgu gʻoyalarning bugungi kundagi ahamiyati, allomaning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasi haqida maxsus taqdimot qildi.
Konferensiya doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda allomalar merosiga bagʻishlangan roliklar namoyish etilib, ilmiy-maʼrifiy markazlarning eng soʻnggi nashrlari taqdimotlari oʻtkazildi.

Xalqaro tadbir CNN, BBC va Euronews, shuningdek, Fransiyadagi nufuzli xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Mazkur tadbir jahon hamjamiyatini yurtimiz allomalarining ilm-fan va sivilizasiya rivojiga qoʻshgan hissasi bilan yaqindan tanishtirishga, Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy soha hamda ajdodlar merosini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan ulkan loyiha va tashabbuslarni yetkazishga xizmat qiladi.
