Xalqaro ilmiy hayʼat
This page is currently available in Uzbek only.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hayʼati haqida
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoshidagi Xalqaro ilmiy hayʼat moturidiylik taʼlimotini chuqur oʻrgangan, dunyoda eʼtirof etilgan olim va mutaxassislarni oʻzlarida jam qilgan. Hayʼat qarorlari tavsiyaviy harakterga ega. Asosiy maqsad – moʻtadil taʼlimotni keng targʻib qilish, Markaz faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jahonning eng ilgʻor tajribalarini Markaz faoliyatiga tatbiq etishga koʻmaklashish, islomshunoslik, xususan, moturidiyshunoslikka oid dolzarb masalalar boʻyicha ilmiy yechim va amaliy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqish sanaladi. Xalqaro ilmiy hayʼat tarkibi 22 nafar boʻlib, ular tarkibida Misr, Turkiya, Iordaniya, Albaniya, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston olim va mutaxassislar ishtirok etadi. Rais – Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliknazarov sanaladi. Xalqaro ilmiy hayʼat nizomida Hayʼatning ishchi tillari sifatida oʻzbek, arab va ingliz tillari belgilangan. Xalqaro ilmiy hayʼatning birinchi yigʻilishi 2021 yil 17 mart kuni boʻlib oʻtdi. Unda Hayʼat nizomi va tarkibini tasdiqlash, islom olamida moʻtadil taʼlimotni keng targʻib qilish, diniy taʼlim muassasalarida moturidiylik taʼlimoti oʻqitilishini yoʻlga qoʻyish, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari va mutaxassislar bilan hamkorlik qilish, moturidiylik taʼlimotiga oid qoʻlyozmalarni jamlash, ularning elektron platformasini yaratish, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya nizomini tasdiqlash kabi masalalar koʻrib chiqilgan.