YUNESKO Bosh qarorgohida ilk marta Movarounnahrning boy ilmiy-ma’naviy merosi targ‘ib qilindi

2026-yil 7-oktyabr’ kuni YUNESKOning Parij shahridagi Bosh qarorgohida “Islom sivilizasiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2025-yil sentyabrdagi yubiley 80-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslari doirasida Islom sivilizasiyasi markazi va Imom Buxoriy, Imom Moturidiy hamda Imom Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.

Yuqori darajada tashkil etilgan nufuzli anjumanda Buyuk Britaniya, Fransiya, Shveysariya, Italiya, Turkiya, Marokash kabi davlatlardan 300 ga yaqin xorijlik olim va mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.

Xususan, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi prezidenti Xondker Muhammad Talha, YUNESKO Ijroiya kengashi raisi Nosir bin Hamad al-Xinzab, YUNESKO Bosh direktorining maslahatchisi Deniz Peris de Karval’yu, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Solim al-Malik, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish (IRCICA) bosh direktori Mahmud Erol Qilich, “al-Furqon” islom merosi jamg‘armasi ijrochi direktori Sali Shahsivari, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy, Islom hamkorlik tashkilotining YUNESKO huzuridagi vakili Salima Delibey, Temuriylar davri tarixi va san’atini o‘rganish assosiasiyasi prezidenti Frederik Bressand, Milan Dizayn universiteti professori Mario Teddi, Jeneva diplomatik doirasi prezidenti Robert Blum kabi nufuzli mehmonlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etib, yurtimizda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdilar.

E’tiborga molik jihati, xalqaro konferensiyada buyuk ajdodimiz Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosi ilk bor YUNESKOning Bosh qarorgohi minbaridan targ‘ib qilindi.

Konferensiyada Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov “Imom Moturidiy merosi: bag‘rikenglik va mo‘’tadillik falsafasi” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etib, unda allomaning boy ilmiy-ma’naviy merosi, uning ta’limotidagi umuminsoniy ezgu g‘oyalarning bugungi kundagi ahamiyati, allomaning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi haqida maxsus taqdimot qildi.
Konferensiya doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda allomalar merosiga bag‘ishlangan roliklar namoyish etilib, ilmiy-ma’rifiy markazlarning eng so‘nggi nashrlari taqdimotlari o‘tkazildi.

Xalqaro tadbir CNN, BBC va Euronews, shuningdek, Fransiyadagi nufuzli xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Mazkur tadbir jahon hamjamiyatini yurtimiz allomalarining ilm-fan va sivilizasiya rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishtirishga, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy soha hamda ajdodlar merosini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ulkan loyiha va tashabbuslarni yetkazishga xizmat qiladi.