Научные статьи

Oʻzbekistonning ilgʻor tashabbuslari dunyo miqyosida qoʻllab-quvvatlanmoqda

Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida boʻlib oʻtadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli nufuzli xalqaro konferensiyasiga qizgʻin…

Эта страница пока доступна только на узбекском языке.

Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida boʻlib oʻtadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli nufuzli xalqaro konferensiyasiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro konferensiya xususida Imom Moturidiy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimovga bir necha savollar bilan murojaat etdik.

– Jamoliddin Abdulhamidovich, dunyoga yangilanayotgan Oʻzbekiston sifatida tanilayotgan mamlakatimizning keyingi yillarda ilgʻor maʼrifiy tashabbuslarni xalqaro miqyosda ilgari surayotgani xususida fikringizni bilmoqchi edik.

– Bugun Oʻzbekiston nufuzli xalqaro tashkilotlarning yuksak minbaridan turib bildirayotgan ilgʻor maʼrifiy tashabbuslar hayotiyligi, amaliy ahamiyati va dolzarbligi bilan dunyo hamjamiyatini oʻziga jalb etmoqda. Bu borada soʻz yuritganda, eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2017 yil sentyabr oyida Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan 72-sessiyasidagi ishtirokini eslab oʻtish lozim. Darhaqiqat, BMTning mazkur sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muhim maʼrifiy tashabbuslar mamlakatning xalqaro miqyosdagi faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Ushbu tashabbuslar orasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik haqida”gi maxsus rezolyusiyani qabul qilish haqidagi taklif alohida eʼtiborga loyiq boʻldi. Taʼbir joiz boʻlsa, ushbu taklif ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash borasida qoʻllanilayotgan “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyilining xalqaro koʻlamdagi amaliy ifodasi boʻldi. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu taklif tashkilotga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi hamda 2018 yil 12 dekabrda tasdiqlandi. Mazkur rezolyusiyaning koʻtarinkilik bilan qabul qilinishi Oʻzbekistonning madaniy-maʼrifiy sohadagi faoliyati, ilgʻor maʼrifiy tashabbuslari xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlar tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganidan darak beradi.

Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 72-sessiyadagi nutqi haqida iliq fikrlarni bildirib, ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning muhimligini eʼtirof etdi hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 2023 yil 19 sentyabr sanasida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan 78-sessiyasida ham nutq soʻzlab, bir qator ilgʻor maʼrifiy tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, BMT Bosh kotibining “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusi doirasida tajriba almashish maqsadida Oʻzbekistonda BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yoʻl” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish haqidagi taklif bilan chiqdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yilda Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning minbaridan turib bildirilayotgan maʼrifiy tashabbus va takliflar Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi mavqei tobora yuksalib, global muammolarni hal etishda oʻz soʻzi va oʻrniga ega boʻlib borayotganini koʻrsatadi. 

– Tez kunlarda boʻlib oʻtadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga xorijlik olim va mutaxassislar, ilmiy tadqiqot va taʼlim muassasalarining qiziqishi tobora ortib bormoqda. Buning sababi nimada deb oʻylaysiz?
– Avvalo, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyani oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2023 yil 19 sentyabrdagi 78-sessiyasida ilgari surilganini taʼkidlab oʻtish lozim. Albatta, bu mazkur konferensiyaning ahamiyati qanchalik ulkan ekanini, shuningdek, unga nafaqat musulmon mamlakatlari, balki tashkilotga aʼzo barcha davlatlar katta qiziqish bilan qarayotganini koʻrsatadi. Shuningdek, mazkur konferensiya islom dini niqobi ostidagi ekstremistik va radikal oqimlarning buzgʻunchi faoliyati koʻlami kengayib borayotgan, Sharq va Gʻarb mamlakatlaridagi yoshlarni oʻz taʼsiriga olayotgan bir vaqtda islom dinining asl tinchlikparvar va insonparvarlik mohiyatini ochib berish zarurati bugungi kunda xalqaro jamoatchilik oldida turgan dolzarb vazifalardan biriekani ham ushbu konferensiyaga boʻlgan qiziqishning ortishiga sabab boʻlmoqda. Shu sababli, konferensiya eʼlon qilingan vaqtdan boshlab musulmon mamlakatlarining eng koʻzga koʻringan ulamolari, oʻz sohasining yetuk olim va mutaxassislari unda ishtirok etish istagini bildirib, murojaat qilib kelmoqda. Chunki, BMT darajasidagi bu kabi anjumanlarning tashkil etilishini har doim ham kuzatavermaysiz. Oʻylaymanki, ushbu konferensiya bugungi kunda mashhurlikka erishgan musulmon ulamolarining islomning tinchlik va ezgulik dini ekani haqidagi oʻz fikrlarini butun dunyoga baralla aytishlari uchun eng qulay platforma hisoblanadi. Shu sababli ham, dunyo olimlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va taʼlim muassasalari xodimlarining unda ishtirok etishga boʻlgan qiziqishlari tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga, konferensiya Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ijobiy oʻzgarishlar, fuqarolarning diniy erkinligi hamda haq-huquqlarini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan ishlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim oʻrin tutishi bilan ham ahamiyatlidir. 

– Buyuk alloma Imom Moturidiy ilmiy merosi va taʼlimotiga xos tinchlikparvarlik hamda insonparvarlik gʻoyalarning bugungi kundagi ahamiyati qanday?

 – Imom Moturidiy olimlar tomonidan buyuk mutakallim, qomusiy alloma va ulugʻ mutafakkir sifatida eʼtirof etiladi. Uning birinchilardan boʻlib kalom ilmiga bilish nazariyasini kiritishi hamda oʻz taʼlimotida aqlga alohida oʻrin ajratishini ushbu sohada oʻziga xos burilish nuqtasi boʻlgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Uning “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Kitob at-tavhid” kabi asarlari allomaning oʻz sohasining yetuk olimi, peshqadami boʻlganini koʻrsatadi.

U asos solgan moturidiylik taʼlimoti paydo boʻlgan davridan hozirgi kunga qadar muhim amaliy ahamiyatga ega boʻlib kelgan. Maʼlumki, islom dinida adashgan toifalar, buzgʻunchi oqimlar bugun paydo boʻlib qolmagan. Ular kelib chiqishining tarixiy-gʻoyaviy ildizi ilk islom davriga borib taqaladi. Oʻz davrida islom ulamolari tomonidan bu kabi buzgʻunchi aqidalarga ilmiy asoslantirilgan raddiyalar berilgan, ularga qarshi kurashning maʼrifiy asoslari shakllantirilgan. Imom Moturidiy ham mana shunday olimlardan biri sifatida “Musahhih eʼtiqod ahli sunna” – “Ahli sunna eʼtiqodining toʻgʻrilovchisi” kabi sharafli nomga sazovor boʻlgan. Bu bejizga emas albatta. Zero, ushbu taʼlimot vakillari IX asrdan buyon ixtilofli aqidaviy masalalarga javob berish, moʻtadil taʼlimotni keng tarqatish yuzasidan ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.

Imom Moturidiyning mutaassib oqimlarga qarshi kurash metodologiyasi, ayniqsa, bu borada ham naqliy, ham aqliy dalillardan birdek foydalangani yuksak amaliy samara keltirgani uning oʻz davrida mavjud boʻlgan buzgʻunchi oqimlar faoliyatiga batamom barham berib, musulmonlarning eʼtiqodiy birligi hamda jipsligini taʼminlay olganida oʻz isbotini topgan. Ushbu metodologiyaning asosini uning “Qurolingni ilmdan yasa”, degan hikmati tashkil qilgan.
Bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan mutaassib oqimlarning tarixiy-gʻoyaviy ildizlari uzoq oʻtmishdagi “salaf”lariga borib taqalishini hisobga oladigan boʻlsak, moturidiylik taʼlimoti zamonaviy jamiyatdagi ijtimoiy muhitni sogʻlomlashtirishda ham yuksak amaliy ahamiyatga ega ekanligi ravshanlashadi. Shu sababli hozirgi vaqtda Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganish hamda keng targʻib qilish davlat darajasidagi dolzarb vazifa hisoblanadi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, islom olamida Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti yuksak qadrlanishidan tashqari, uning yana bir muhim jihati ham borki, bu mazkur taʼlimotning bugungi gʻoyaviy ziddiyatlar avj olgan globallashuv davrida jamiyatda uchrayotgan ayrim ixtilofli aqidaviy masalalarning yechimini topish, jumladan, islom niqobi ostida faoliyat koʻrsatayotgan oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalariga qarshi naqliy hamda aqliy dalillar asosida ilmiy asoslangan raddiyalarni berish, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini mustahkamlashda muhim amaliy ahamiyatga ega ekanligi bilan ifodalanadi.

OʻzA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.

Статьи

Читайте также

Все статьи
Популярные статьи

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Популярные статьи

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…