Популярные статьи

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…

Эта страница пока доступна только на узбекском языке.

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki ilm-fan, madaniyat va maʼnaviy hayotning mislsiz rivojlangani bilan ham ahamiyatlidir. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari tomo nidan amalga oshirilgan islohotlar natijasida diniy va dunyoviy bilimlar, madaniyat va sanʼat, ilm-maʼrifat, adabiyot va sheʼriyat, taʼlim-tarbiya kabi sohalar jadal rivojlanib, yuqori bosqichga koʻtarilgan.

Amir Temur uchun ilm-maʼrifat – davlatning maʼnaviy qanotini tashkil etgan. Shuning uchun ham olim-u fuzalolarga zarur shart-sharoitlar yaratib, yangi ilmiy asarlar va kitoblarni chop etishni yoʻlga qoʻygan. Olimlarni jamiyatning eng muhim qatlami deb bilgan ulugʻ bobomiz “Temur tuzuklari” asarida “Davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash va tadbir, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, deb yozadi.

Amir Temurning ilmga boʻlgan muhabbati uning bunyodkorlik falsafasida ham aks etgan. Bu yoʻlda Samarqandni oʻz davrining yirik ilmiy-madaniy mar kaziga aylantirishni maqsad qilgan va oʻz niyatiga erishgan. U qurdirgan har bir madrasa ilm-fan oʻchogʻiga aylanib, jamiyat ravnaqiga xizmat qilgan. Amir Temur dunyoning turli mamla katlaridan koʻzga koʻringan faqihlar, muhaddislar, mufassirlar, mutakallim va xattotlarni Samarqandga olib kelib, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatgan. Bunday olimlar qatorida Muhammad ibn Jazariy, Saʼduddin Taftazoniy, Sayyid Sharif Jurjoniy va Ibn Arabshoh kabilarni sanab oʻtish mumkin. Bu esa islom ilmlari sohasida oʻzaro bilim va tajriba almashinuvini kuchaytirgan, ilmiy muhitni yanada boyitgan.

Bu davrda Samarqandda koʻplab masjidlar, madrasalar, kutubxonalar va boshqa ilmiy muassasalar barpo etildi. Bibixonim masjidi, Shohi Zinda ansambli kabi obidalar nafaqat meʼmoriy jihatdan, balki maʼnaviy va ilmiy markaz sifatida ham shuhrat qozondi. Kutubxonalar esa qoʻlyozmalarni toʻplash, saqlash va qayta koʻchirish, tarjima ishlarini tizimli amalga oshirishga xizmat qilgan. Temuriylar davrida madrasalarda Qurʼon va tafsir ilmi, hadis, fi qh, aqida bilimlari bilan bir qatorda, mantiq va falsafa, astronomiya va matematika, tibbiyot kabi dunyoviy aniq fanlar oʻqitilgan. Amir Temur va temuriy shahzodalar ilm ahliga homiylik qilishni, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni oʻzlari uchun asosiy vazifa deb bilishgan. Natijada, bu davrda yetishib chiqqan olimlar jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshib, Sharqda Ikkinchi Renessansga asos solganlar. Bu davrda Mirzo Ulugʻbek astronomiya sohasida oʻz davridan juda ham ilgʻorlab ketgan buyuk kashfi yotlar qilgan. Jumladan, uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” yulduzlar jadvali asrlar davomida Yevropada ham asosiy ilmiy manba sifatida qoʻllanilgan. Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi kabi olimlar esa matematika, astronomiya va mantiq sohalarida, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi buyuk daholar adabiyot, maʼnaviyat va tasavvuf ilmlarida oʻchmas iz qoldirgan.

Amir Temur va temuriylar davrida islom ilmlari rivojiga toʻxtaladigan boʻlsak, bu borada shuni aytish mumkinki, birin chi dan, mavjud ilmlarni tizimlashtirgan holda oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Ikkinchidan, islom ilmlarini amaliy hayotga tatbiq etish keng kuzatilgan. Masalan, Mirzo Ulugʻbek davrida astronomiya fani yutuqlaridan ibodat vaqtlarini, shuningdek, Ramazon oyining boshlanishini aniqlashda foydalanilgan. Uchinchidan, hukmdorlar tomonidan ilm ahlining har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi islom ilmlarining rivojlanishiga katta turtki bergan. Temuriylar davrida xattotlik sanʼati, ayniqsa, kitobat madaniyati taraqqiy etib, har bir qoʻlyozma sanʼat asari darajasida yaratilgan. Xattotlar Qurʼoni Karim nusxalarini, ilmiy va badiiy asarlarni goʻzal yozuvlarda koʻchirishni yoʻlga qoʻyganlar. Nash, suls va nastaʼliq kabi xat turlari keng qoʻllanilgan. Kitob yaratish jarayonida xattot, musavvir va muzahhib (zarhallovchi) kabi hunar egalari ishtirok etgan. Bu hamkorlik natijasida haqiqiy sanʼat asarlari yaratilgan. Hirot maktabi miniatyura sanʼati bu sohada alohida mashhur boʻlgan. Temuriylar davrida Hirot shahri tasviriy sanʼat, xattotlik, sheʼriyat va adabiyot, meʼmorchilik markaziga aylangan boʻlsa, Samarqand tafsir, kalom, mantiq, balogʻat, astronomiya, matematika kabi fanlar yuksak taraqqiy etgan bilim markazi sifatida mashhur boʻlgan.

Amir Temur va temuriylar davrida, ayniqsa, Qurʼoni Karim nusxalarini koʻchirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Qurʼon nusxalarini tayyorlashga nafaqat ehtiyoj, balki yuksak sanʼat anʼanasi sifatida qaralgan. Samarqand va Hirot kabi shaharlar bu sohada jahon ahamiyatiga molik markazlarga aylangan.

Amir Temur va temuriy shahzodalarning Qurʼon kotiblariga homiylik koʻrsatishlari, hatto oʻzlari ham shaxsan ushbu faoliyat bilan bevosita shugʻullanishlari bunga sabab boʻlgan. Xususan, Amir Temurning kotibi Umar Aqto tomonidan 1402–1405-yillarda koʻchirilgan Qurʼon nusxasi bugungi kunda Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyida saqlanadi. Bundan tashqari, Amir Temurning nevarasi Ibrohim Sulton oʻz qoʻli bilan koʻchirgan yana bir Qurʼoni Karim nusxasi ham yuqorida qayd etilgan muzeyda saqlanadi. Eronda ham Ibrohim Sulton tomonidan koʻchirilgan Qurʼoni Karimning bir nechta qoʻlyozmalari mavjud. U Sherozda ikkita xattotlik maktabiga asos solgan. Xattotlik faqatgina kitobat sanʼatida emas, balki meʼmorchilikda ham keng qoʻllanilgan. Masjid va madrasalar devorlaridagi oyat va hadislar nafaqat maʼno, balki yuksak estetik ahamiyatga ham ega boʻlgan.

Temuriylar davri tajribasi shuni koʻrsatadiki, ilm-fanga eʼtibor qaratish jamiyat taraqqiyotining asosiy omili hisoblanadi. Ayniqsa, ilm va sanʼatning uygʻun rivojlanishi temuriylar davrining eng muhim xususiyatidir. Bu jihat bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega.

Darhaqiqat, oradan yetti asrga yaqin vaqt oʻtdi. Bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimizda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mana shu tarixiy davomiylikning amaliy isbotidir. Ushbu zamonaviy majmua nafaqat ajdodlar merosiga ehtirom, balki Uchinchi Renessans poydevorini qurayotgan Yangi Oʻzbekistonning zamonlar osha aks etayotgan qudrati va bunyodkorlik ruhini ifoda etadi. Islom sivilizatsiyasi markazi – Temuriylar boshlagan maʼrifi y yurishning mantiqiy davomidir. Bu maskanda buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uygʻonish davri – Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temurning milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida egallagan oʻrni hamda temuriy lar merosiga alohida eʼtibor qaratil gan. Markazning Ulugʻbek portalidan kirave rishdagi “Shon-sharaf” zalida diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va sarkardalar tasvirlangan boʻlib, Amir Temur siymosi undan munosib oʻrin olgan.

Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi mar kazi ning yirik ekspozitsiyasi “Ikkinchi Renessans va oʻzbek xonliklari davri” deb nomlanib, bu yerda asosan temuriylar davri ilm-fani, sanʼati va madaniyatiga oid qimmatli asarlar va nodir ashyolar bilan birga, oʻsha davr tamaddunining jahon taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasini gavdalantiruvchi noyob eksponatlar oʻrin olgan.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezi denti ning 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi 46-son qarori temuriylar dunyoga taqdim etgan merosni qayta tiklashda yangi davrni boshlab berdi. Qarorga koʻra, endilikda har yili aprel oyi mamlakatimizda “Amir Temur oyligi” sifatida keng nishonlanadi, “Temur tuzuklari” asari jahonning koʻplab tillarida chop etiladi. Xorijda saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalarning nusxalari yurtimizga olib kelinadi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi eng zamonaviy texnologiyalar asosida rekonstruktsiya qilinadi.

Mamlakatimizda Amir Temur nomidagi davlat stipendiyasi va “Temuriylar merosini asrash” umummilliy jamgʻarmasining tashkil etilishi ilm-fan va taʼlim sohasi dagi temurshunoslik anʼanalarini yangi bosqichga koʻtaradi. Ushbu islohotlar nafaqat tarixiy merosni muhofaza qilish, balki Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun maʼnaviy kuch-quvvat manbayi boʻlib xizmat qiladi.

Komiljon Shermuxamedov,
 Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: "Jadid" gazetasining 2026-yil 17-aprel kuni 16 (120)-son

 

Статьи

Читайте также

Все статьи
Популярные статьи

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Популярные статьи

Korrupsiya taraqqiyotga qilingan xujum

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, jamiyat tanasini ich-ichidan kemiruvchi bu illat nafaqat…