📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

MA’NAVIY QUDRAT MANBAYI

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida o‘rin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki ilm-fan, madaniyat va ma’naviy hayotning mislsiz rivojlangani bilan ham ahamiyatlidir. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari tomo nidan amalga oshirilgan islohotlar natijasida diniy va dunyoviy bilimlar, madaniyat va san’at, ilm-ma’rifat, adabiyot va she’riyat, ta’lim-tarbiya kabi sohalar jadal rivojlanib, yuqori bosqichga ko‘tarilgan.

Amir Temur uchun ilm-ma’rifat – davlatning ma’naviy qanotini tashkil etgan. Shuning uchun ham olim-u fuzalolarga zarur shart-sharoitlar yaratib, yangi ilmiy asarlar va kitoblarni chop etishni yo‘lga qo‘ygan. Olimlarni jamiyatning eng muhim qatlami deb bilgan ulug‘ bobomiz “Temur tuzuklari” asarida “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash va tadbir, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, deb yozadi.

Amir Temurning ilmga bo‘lgan muhabbati uning bunyodkorlik falsafasida ham aks etgan. Bu yo‘lda Samarqandni o‘z davrining yirik ilmiy-madaniy mar kaziga aylantirishni maqsad qilgan va o‘z niyatiga erishgan. U qurdirgan har bir madrasa ilm-fan o‘chog‘iga aylanib, jamiyat ravnaqiga xizmat qilgan. Amir Temur dunyoning turli mamla katlaridan ko‘zga ko‘ringan faqihlar, muhaddislar, mufassirlar, mutakallim va xattotlarni Samarqandga olib kelib, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. Bunday olimlar qatorida Muhammad ibn Jazariy, Sa’duddin Taftazoniy, Sayyid Sharif Jurjoniy va Ibn Arabshoh kabilarni sanab o‘tish mumkin. Bu esa islom ilmlari sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashinuvini kuchaytirgan, ilmiy muhitni yanada boyitgan.

Bu davrda Samarqandda ko‘plab masjidlar, madrasalar, kutubxonalar va boshqa ilmiy muassasalar barpo etildi. Bibixonim masjidi, Shohi Zinda ansambli kabi obidalar nafaqat me’moriy jihatdan, balki ma’naviy va ilmiy markaz sifatida ham shuhrat qozondi. Kutubxonalar esa qo‘lyozmalarni to‘plash, saqlash va qayta ko‘chirish, tarjima ishlarini tizimli amalga oshirishga xizmat qilgan. Temuriylar davrida madrasalarda Qur’on va tafsir ilmi, hadis, fi qh, aqida bilimlari bilan bir qatorda, mantiq va falsafa, astronomiya va matematika, tibbiyot kabi dunyoviy aniq fanlar o‘qitilgan. Amir Temur va temuriy shahzodalar ilm ahliga homiylik qilishni, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni o‘zlari uchun asosiy vazifa deb bilishgan. Natijada, bu davrda yetishib chiqqan olimlar jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib, Sharqda Ikkinchi Renessansga asos solganlar. Bu davrda Mirzo Ulug‘bek astronomiya sohasida o‘z davridan juda ham ilg‘orlab ketgan buyuk kashfi yotlar qilgan. Jumladan, uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” yulduzlar jadvali asrlar davomida Yevropada ham asosiy ilmiy manba sifatida qo‘llanilgan. G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi kabi olimlar esa matematika, astronomiya va mantiq sohalarida, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi buyuk daholar adabiyot, ma’naviyat va tasavvuf ilmlarida o‘chmas iz qoldirgan.

Amir Temur va temuriylar davrida islom ilmlari rivojiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu borada shuni aytish mumkinki, birin chi dan, mavjud ilmlarni tizimlashtirgan holda o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Ikkinchidan, islom ilmlarini amaliy hayotga tatbiq etish keng kuzatilgan. Masalan, Mirzo Ulug‘bek davrida astronomiya fani yutuqlaridan ibodat vaqtlarini, shuningdek, Ramazon oyining boshlanishini aniqlashda foydalanilgan. Uchinchidan, hukmdorlar tomonidan ilm ahlining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi islom ilmlarining rivojlanishiga katta turtki bergan. Temuriylar davrida xattotlik san’ati, ayniqsa, kitobat madaniyati taraqqiy etib, har bir qo‘lyozma san’at asari darajasida yaratilgan. Xattotlar Qur’oni Karim nusxalarini, ilmiy va badiiy asarlarni go‘zal yozuvlarda ko‘chirishni yo‘lga qo‘yganlar. Nash, suls va nasta’liq kabi xat turlari keng qo‘llanilgan. Kitob yaratish jarayonida xattot, musavvir va muzahhib (zarhallovchi) kabi hunar egalari ishtirok etgan. Bu hamkorlik natijasida haqiqiy san’at asarlari yaratilgan. Hirot maktabi miniatyura san’ati bu sohada alohida mashhur bo‘lgan. Temuriylar davrida Hirot shahri tasviriy san’at, xattotlik, she’riyat va adabiyot, me’morchilik markaziga aylangan bo‘lsa, Samarqand tafsir, kalom, mantiq, balog‘at, astronomiya, matematika kabi fanlar yuksak taraqqiy etgan bilim markazi sifatida mashhur bo‘lgan.

Amir Temur va temuriylar davrida, ayniqsa, Qur’oni Karim nusxalarini ko‘chirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qur’on nusxalarini tayyorlashga nafaqat ehtiyoj, balki yuksak san’at an’anasi sifatida qaralgan. Samarqand va Hirot kabi shaharlar bu sohada jahon ahamiyatiga molik markazlarga aylangan.

Amir Temur va temuriy shahzodalarning Qur’on kotiblariga homiylik ko‘rsatishlari, hatto o‘zlari ham shaxsan ushbu faoliyat bilan bevosita shug‘ullanishlari bunga sabab bo‘lgan. Xususan, Amir Temurning kotibi Umar Aqto tomonidan 1402–1405-yillarda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi bugungi kunda Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyida saqlanadi. Bundan tashqari, Amir Temurning nevarasi Ibrohim Sulton o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan yana bir Qur’oni Karim nusxasi ham yuqorida qayd etilgan muzeyda saqlanadi. Eronda ham Ibrohim Sulton tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni Karimning bir nechta qo‘lyozmalari mavjud. U Sherozda ikkita xattotlik maktabiga asos solgan. Xattotlik faqatgina kitobat san’atida emas, balki me’morchilikda ham keng qo‘llanilgan. Masjid va madrasalar devorlaridagi oyat va hadislar nafaqat ma’no, balki yuksak estetik ahamiyatga ham ega bo‘lgan.

Temuriylar davri tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ilm-fanga e’tibor qaratish jamiyat taraqqiyotining asosiy omili hisoblanadi. Ayniqsa, ilm va san’atning uyg‘un rivojlanishi temuriylar davrining eng muhim xususiyatidir. Bu jihat bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega.

Darhaqiqat, oradan yetti asrga yaqin vaqt o‘tdi. Bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimizda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mana shu tarixiy davomiylikning amaliy isbotidir. Ushbu zamonaviy majmua nafaqat ajdodlar merosiga ehtirom, balki Uchinchi Renessans poydevorini qurayotgan Yangi O‘zbekistonning zamonlar osha aks etayotgan qudrati va bunyodkorlik ruhini ifoda etadi. Islom sivilizatsiyasi markazi – Temuriylar boshlagan ma’rifi y yurishning mantiqiy davomidir. Bu maskanda buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temurning milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida egallagan o‘rni hamda temuriy lar merosiga alohida e’tibor qaratil gan. Markazning Ulug‘bek portalidan kirave rishdagi “Shon-sharaf” zalida diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va sarkardalar tasvirlangan bo‘lib, Amir Temur siymosi undan munosib o‘rin olgan.

Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi mar kazi ning yirik ekspozitsiyasi “Ikkinchi Renessans va o‘zbek xonliklari davri” deb nomlanib, bu yerda asosan temuriylar davri ilm-fani, san’ati va madaniyatiga oid qimmatli asarlar va nodir ashyolar bilan birga, o‘sha davr tamaddunining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini gavdalantiruvchi noyob eksponatlar o‘rin olgan.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezi denti ning 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi 46-son qarori temuriylar dunyoga taqdim etgan merosni qayta tiklashda yangi davrni boshlab berdi. Qarorga ko‘ra, endilikda har yili aprel oyi mamlakatimizda “Amir Temur oyligi” sifatida keng nishonlanadi, “Temur tuzuklari” asari jahonning ko‘plab tillarida chop etiladi. Xorijda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarning nusxalari yurtimizga olib kelinadi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi eng zamonaviy texnologiyalar asosida rekonstruktsiya qilinadi.

Mamlakatimizda Amir Temur nomidagi davlat stipendiyasi va “Temuriylar merosini asrash” umummilliy jamg‘armasining tashkil etilishi ilm-fan va ta’lim sohasi dagi temurshunoslik an’analarini yangi bosqichga ko‘taradi. Ushbu islohotlar nafaqat tarixiy merosni muhofaza qilish, balki Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan Yangi O‘zbekiston uchun ma’naviy kuch-quvvat manbayi bo‘lib xizmat qiladi.

Komiljon Shermuxamedov,
 Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: "Jadid" gazetasining 2026-yil 17-aprel kuni 16 (120)-son