Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami – milliy va maʼnaviy qadriyatlar timsoli

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ezgu tashabbusi bilan “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida keksalar, yolgʻiz fuqarolar holidan xabar olindi, ehtiyojmand oilalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga moddiy yordam berildi.
Ushbu muborak kunlarda mehrga tashna qalblar, yolgʻiz keksalar va bemorlar yoʻqlandi.
Iftorlik dasturxonlari ustida yurtdoshlarimizning kafti duoga ochilib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yoʻlida ezgu niyatlar qilindi.
Muborak Ramazon oyida mutafakkir ajdodlarimiz siymosiga hurmat-ehtirom koʻrsatish, ularning hayoti va boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish hamda yosh avlodga yetkazish yuzasidan ham ulkan ishlar bajarildi.
Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining qaytadan bunyod etilgani, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi Ramazon hayiti hamda Navroʻz ayyomiga hamohang ravishda xalqimizga haqiqiy bayram shukuhini ulashdi.
Zotan, qadriyatlarimiz timsoli boʻlgan muqaddas Ramazon hayiti hamda bahorning qutlugʻ ayyomi — Navroʻz bayrami yurtimizda alohida qadrlanadigan, xalqimizning maʼnaviy va madaniy hayotida muhim oʻrin tutadigan kunlardan. Bu bayramlar xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy madaniyati va yuksak maʼnaviyatini namoyon etadi. Shunday muborak kunlarda xayrli tadbirlarning oʻtkazilishi ham bejiz emas, albatta.
Toshkent shahrida qad rostlagan muhtasham va mahobatli Islom sivilizatsiyasi markazi ulugʻvorligi hamda beqiyos xazinasi bilan butun dunyo xalqlarini lol qoldirib, ajdodlarimizning ilm-fan va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi, yangi Oʻzbekistonda inson qadrini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni xalqaro miqyosda targʻib qiladigan noyob va yirik ilmiy-madaniy platforma sifatida namoyon boʻlmoqda.
Samarqand viloyatida tubdan qayta yangilanib, oʻzgacha qiyofa kasb etgan Imom Buxoriy majmuasi esa buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqeyi, ulkan salohiyatiga munosibdir.
Mazkur xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida Samarqandda aqida va kalom ilmining sultoni Imom Moturidiy majmuasi yangidan barpo etilmoqda.
Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Imom Moturidiy yodgorlik majmuasidagi bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi. Endi Imom Moturidiy ziyoratgohi qayta qurilib, 250 oʻrinli masjid, innovatsion muzey, kutubxonani qamrab olgan muhtasham majmuaga aylanadi.
Mazkur majmualar yurtimizning dovrugʻini xalqaro hamjamiyatga keng yoyish, koʻp asrlik tariximiz va boy madaniyatimiz, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini namoyon etadigan ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi.
Ramazon oyi munosabati bilan oʻtkazilgan iftorlik marosimida keng jamoatchilik vakillari, turli millat va diniy konfessiyalar, diplomatik korpuslar, xalqaro tashkilotlar xodimlari ham ishtirok etgani yurtimizda bagʻrikenglik, hamjihatlik, bir damlik anʼanalari naqadar ustuvor ekanini koʻrsatdi.
Davlatimiz rahbari hozirgi gʻoyat tahlikali davrda tinchlik naqadar ulugʻ va bebaho neʼmatligiga alohida eʼtibor qaratib, 38 milliondan ziyod yurtdoshlarimiz yagona xalq, ahil oila boʻlib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini, buni barchamiz yanada chuqur his etishimiz zarurligini taʼkidladi.
Chunki bugun dunyoning turli nuqtasida notinchlik va qurolli nizolar davom eta yotgan bir paytda Oʻzbekistonda oʻtkazila yotgan bu kabi xayrli tadbirlar tinchlik va xotirjamlik, oʻzaro ahillikning naqadar bebaho neʼmat ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Osoyishta va farovon kunlar uchun Yaratganga har qancha shukrona keltirsak arziydi. Zero, faqat mana shunday osudalik, barqarorlik hukmron joydagina bunyodkorlik ishlari, ilm-fan, taraqqiyot ravnaq topadi.
Iftorlik marosimida davlatimiz rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining taqdimotini BMT qaror gohida oʻtkazish tashabbusini yana bir bor taʼkidladi.
Bu ilmiy markazlar shunchaki muhtasham binolar emas, balki yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniylar, ulugʻbeklar, fargʻoniylar, buxoriylar, termiziylar, mo turidiylar yetishib chiqishi uchun mustahkam maʼnaviy maydon boʻlishi kerak.
Ramazon oyi munosabati bilan qilingan xayrli ishlar, maʼrifiy-madaniy tadbirlarda Imom Moturidiy xalqaro il miy-tadqiqot markazi jamoasi ham faol ishtirok etdi. Unda moturidiylik taʼlimoti namoyandalarining boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va keng targʻib qilish bilan bir qatorda, xalqimizga maʼnaviy ozuqa ulashish, ayniqsa, Ramazon oyida insonlarni ezgulik va yaxshilikka chorlaydigan turli targʻibot materiallarini namoyish etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, muborak Ramazon oyi davomida davlat va nodavlat telekanallarda “Maʼrifat manzillari” turkumi doirasida yurtimizda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, xususan, ilmiy-maʼrifiy markazlar, taʼlim muassasalari, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar, qayta taʼmirlangan majmualar faoliyatiga bagʻishlangan 18 ta qisqa, xalqchil, maʼrifiy koʻrsatuv, kalom ilmining sultoni Imom Moturidiyning bagʻrikyenglik, moʻtadillik va maʼrifatga chorlovchi hikmatlarini yoritishga bagʻishlangan 30 ta rolik, alloma qalamiga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” asaridagi bugungi kun uchun dolzarb mavzular sharhiga bagʻishlangan 20 ta koʻrsatuv efirga uzatildi.
Ramazon oyi insonlarni ezgulik, mehr-oqibat va bagʻrikenglikka chorlaydigan, jamiyatda hamjihatlik va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlaydigan muborak oy dir. Bu oydagi xayr-saxovat, ehtiyojmandlarga koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar xalqimizning yuksak insoniy qadriyatlarga sodiq ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Komiljon Shermuxamedov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2026-yil 24-mart kuni 56 (1655)-son