📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

“Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘yicha DЕKLARATSIYA

Biz, 2026-yil 9-iyul kuni Samarqandda o‘tkazilgan “Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari – vazirlar, muftiylar, ulamolar, ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari, akademik doira vakillari konferensiya yakunlari bo‘yicha ushbu deklaratsiyani yuksak mas’uliyat va yakdillik bilan qabul qilamiz.

G‘oyaviy ziddiyatlar, mafkuraviy xurujlar avj olgan bugungi globallashuv davrida dunyoda tinchlik, ijtimoiy barqarorlik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashda Imom Moturidiy merosi beqiyos ahamiyat kasb etishini e’tirof etgan holda, quyidagilarni ta’kidlaymiz:

  • Imom Moturidiy ilgari surgan bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat g‘oyalari jamiyatda diniy-ma’naviy barqarorlik hamda ahli sunna val jamoa e’tiqodi musaffoligini ta’minlashda mustahkam g‘oyaviy poydevor bo‘lib xizmat qiladi;
  • Imom Moturidiy kalom ilmi tarixida eng yirik va atoqli mutakallimlardan biri sifatida ahli sunna val jamoa aqidaviy ta’limotini tizimlashtirgan, uning nazariy asoslarini mustahkamlagan buyuk mutafakkir hisoblanadi;
  • moturidiylik ta’limoti aql va naql uyg‘unligini ta’minlagan mo‘tadil islom tafakkurining yuksak namunasidir;
  • Imom Moturidiy asos solgan ta’limot inson qadri, adolat, mas’uliyat, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi;
  • Imom Moturidiy merosi zamonaviy dunyoda ekstremizm, radikalizm va zo‘ravonlik g‘oyalariga qarshi kurashning ma’rifiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Moturidiylik ta’limoti, ash’ariylik aqidaviy maktabi bilan birga, ahli sunna val jamoaning yagona va buzilmagan e’tiqodi hisoblanishini, mazkur ta’limotning mo‘tadillik va bag‘rikenglik xususiyati musulmon jamiyatlarini mutaassiblikning turli ko‘rinishlaridan himoya qiluvchi eng kuchli vosita ekanini alohida e’tirof etgan holda, uni ommaviy axborot vositalari va ta’lim dasturlari orqali keng targ‘ib etish dolzarb zarurat ekanini qat’iy ta’kidlaymiz.

Biz, konferensiya ishtirokchilari, moturidiylik ta’limotining bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat g‘oyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazish maqsadida o‘zaro ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada jadallashtirishga kelishib oldik. Bu borada quyidagi strategik vazifalarni amalga oshirishni o‘zimiz uchun birlamchi maqsad etib belgiladik:

  • Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganish, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Samarqand shahridagi Imom Moturidiy majmuasi tarkibida Imom Moturidiy innovatsion muzeyini tashkil etish ezgu tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz;
  • e’tiqod musaffoligini ta’minlash, turli radikal oqimlarning g‘oyaviy xurujlariga qarshi ilmiy asoslangan raddiyalar berish malakasiga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida diniy ta’lim muassasalarida falsafa, mantiq, psixologiya va kalom kabi fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘qitishni tashkil etish taklifini ilgari suramiz;
  • Imom Moturidiy ishlab chiqqan ma’rifat nazariyasini chuqur o‘rganish, shu asosda yoshlarda ilm-fanga qiziqish uyg‘otish va Uchinchi Renessans poydevoriga asos solishni ustuvor vazifa deb belgilaymiz;
  • biz, konferensiya ishtirokchilari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari tomonidan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, xususan, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizni, ushbu ezgu tashabbusni ro‘yobga chiqarish yo‘lida butun bilim va kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga tayyor ekanligimizni ma’lum qilamiz.

Biz ushbu deklaratsiya orqali butun islom olamini tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘lida birlashishga da’vat etamiz. Imom Moturidiy merosi – bu o‘tmishning esdaligi emas, balki kelajak avlodlarni ezgulik va ilm-ma’rifat bilan tarbiyalashning e’tiqodiy manbaidir. Ushbu hujjatni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va uning ijrosi yuzasidan doimiy hamkorlik qilishga barcha ishtirokchilar o‘z roziligini bildiradilar.

Biz ishonch bilan ta’kidlaymizki, Imom Moturidiy merosi nafaqat musulmon jamiyatlari, balki butun insoniyat uchun tinchlik, adolat, bag‘rikenglik va ma’rifatga asoslangan barqaror taraqqiyotning muhim ma’naviy poydevoridir.

Konferensiya ishtirokchilari davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va diniy-ma’rifiy markazlarni Imom Moturidiy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish hamda ushbu boy intellektual merosni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga chaqiradilar.

Ushbu Deklaratsiya Samarqand shahrida qabul qilinib, Imom Moturidiy ta’limoti asosida tinchlik, mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat madaniyatini qaror toptirishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning muhim dasturiy hujjati sifatida e’tirof etiladi.