Новости

“Imom Moturidiy merosi: moʻtadillik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻyicha DЕKLARATSIYA

Biz, 2026-yil 9-iyul kuni Samarqandda oʻtkazilgan “Imom Moturidiy merosi: moʻtadillik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari – vazirlar, muftiylar, ulamolar,…

Эта страница пока доступна только на узбекском языке.

Biz, 2026-yil 9-iyul kuni Samarqandda oʻtkazilgan “Imom Moturidiy merosi: moʻtadillik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari – vazirlar, muftiylar, ulamolar, taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari, akademik doira vakillari konferensiya yakunlari boʻyicha ushbu deklaratsiyani yuksak masʼuliyat va yakdillik bilan qabul qilamiz.

Gʻoyaviy ziddiyatlar, mafkuraviy xurujlar avj olgan bugungi globallashuv davrida dunyoda tinchlik, ijtimoiy barqarorlik va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlashda Imom Moturidiy merosi beqiyos ahamiyat kasb etishini eʼtirof etgan holda, quyidagilarni taʼkidlaymiz:

  • Imom Moturidiy ilgari surgan bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat gʻoyalari jamiyatda diniy-maʼnaviy barqarorlik hamda ahli sunna val jamoa eʼtiqodi musaffoligini taʼminlashda mustahkam gʻoyaviy poydevor boʻlib xizmat qiladi;
  • Imom Moturidiy kalom ilmi tarixida eng yirik va atoqli mutakallimlardan biri sifatida ahli sunna val jamoa aqidaviy taʼlimotini tizimlashtirgan, uning nazariy asoslarini mustahkamlagan buyuk mutafakkir hisoblanadi;
  • moturidiylik taʼlimoti aql va naql uygʻunligini taʼminlagan moʻtadil islom tafakkurining yuksak namunasidir;
  • Imom Moturidiy asos solgan taʼlimot inson qadri, adolat, masʼuliyat, diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi;
  • Imom Moturidiy merosi zamonaviy dunyoda ekstremizm, radikalizm va zoʻravonlik gʻoyalariga qarshi kurashning maʼrifiy asosi boʻlib xizmat qiladi.

Moturidiylik taʼlimoti, ashʼariylik aqidaviy maktabi bilan birga, ahli sunna val jamoaning yagona va buzilmagan eʼtiqodi hisoblanishini, mazkur taʼlimotning moʻtadillik va bagʻrikenglik xususiyati musulmon jamiyatlarini mutaassiblikning turli koʻrinishlaridan himoya qiluvchi eng kuchli vosita ekanini alohida eʼtirof etgan holda, uni ommaviy axborot vositalari va taʼlim dasturlari orqali keng targʻib etish dolzarb zarurat ekanini qatʼiy taʼkidlaymiz.

Biz, konferensiya ishtirokchilari, moturidiylik taʼlimotining bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat gʻoyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazish maqsadida oʻzaro ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada jadallashtirishga kelishib oldik. Bu borada quyidagi strategik vazifalarni amalga oshirishni oʻzimiz uchun birlamchi maqsad etib belgiladik:

  • Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini chuqur oʻrganish, uni xalqaro miqyosda keng targʻib etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Samarqand shahridagi Imom Moturidiy majmuasi tarkibida Imom Moturidiy innovatsion muzeyini tashkil etish ezgu tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz;
  • eʼtiqod musaffoligini taʼminlash, turli radikal oqimlarning gʻoyaviy xurujlariga qarshi ilmiy asoslangan raddiyalar berish malakasiga ega boʻlgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida diniy taʼlim muassasalarida falsafa, mantiq, psixologiya va kalom kabi fanlarni chuqurlashtirilgan holda oʻqitishni tashkil etish taklifini ilgari suramiz;
  • Imom Moturidiy ishlab chiqqan maʼrifat nazariyasini chuqur oʻrganish, shu asosda yoshlarda ilm-fanga qiziqish uygʻotish va Uchinchi Renessans poydevoriga asos solishni ustuvor vazifa deb belgilaymiz;
  • biz, konferensiya ishtirokchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari tomonidan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni, xususan, “Uchinchi Renessans” gʻoyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlashimizni, ushbu ezgu tashabbusni roʻyobga chiqarish yoʻlida butun bilim va kuch-gʻayratimizni safarbar etishga tayyor ekanligimizni maʼlum qilamiz.

Biz ushbu deklaratsiya orqali butun islom olamini tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat yoʻlida birlashishga daʼvat etamiz. Imom Moturidiy merosi – bu oʻtmishning esdaligi emas, balki kelajak avlodlarni ezgulik va ilm-maʼrifat bilan tarbiyalashning eʼtiqodiy manbaidir. Ushbu hujjatni xalqaro miqyosda targʻib qilish va uning ijrosi yuzasidan doimiy hamkorlik qilishga barcha ishtirokchilar oʻz roziligini bildiradilar.

Biz ishonch bilan taʼkidlaymizki, Imom Moturidiy merosi nafaqat musulmon jamiyatlari, balki butun insoniyat uchun tinchlik, adolat, bagʻrikenglik va maʼrifatga asoslangan barqaror taraqqiyotning muhim maʼnaviy poydevoridir.

Konferensiya ishtirokchilari davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va diniy-maʼrifiy markazlarni Imom Moturidiy ilmiy merosini chuqur oʻrganish, uning insonparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish hamda ushbu boy intellektual merosni kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga chaqiradilar.

Ushbu Deklaratsiya Samarqand shahrida qabul qilinib, Imom Moturidiy taʼlimoti asosida tinchlik, moʻtadillik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat madaniyatini qaror toptirishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning muhim dasturiy hujjati sifatida eʼtirof etiladi.

Новости

Читайте также

Все новости
Новости

Parij Bosh masjidiga tashrif

9-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning…