📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

KORRUPSIYA TARAQQIYOTGA QILINGAN XUJUM

Bugungi kunda Yangi Oʼzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʼnalishlaridan biriga aylandi. Zero, jamiyat tanasini ich-ichidan kemiruvchi bu illat nafaqat iqtisodiy jinoyat, balki maʼnaviy tanazzul, adolat mezonlarining buzilishi va eng muhimi omonatga xiyonatdir. Xalqimizning ming yillik qadriyatlari va muqaddas dinimiz manbalarida ham birovning haqini nohaq oʼzlashtirish, mansabdan foydalanib boylik orttirish qattiq qoralangan.
Korruptsiyaning ildizi, avvalo, harom va halol tushunchasining yoʼqolishidadir. Qurʼoni karimning “Baqara” surasi, 188-oyatida bu masala ochiq bayon qilingan: “Mol-mulklaringizni oʼrtalaringizda nohaq (yoʼllar) bilan yemang! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yoʼli bilan yeyish maqsadida uni (pora qilib) hokimlarga uzatmang”.
Mazkur oyatga sharh bergan yirik mufassirlar, xususan, Аbul Barokat Nasafiy “Madorik at-tanzil” asarida juda nozik va ibratli oʼxshatishni keltiradi. U oyatdagi “uni hokimlarga uzatmanglar” jumlasini sharhlar ekan, arab tilidagi “adla dalvahu” (chelagini tushirdi) iborasini esga oladi. Bu – suv chiqarib olish uchun quduqqa chelak tashlash maʼnosini bildiradi.
Mufassirning fikricha, pora beruvchi xuddi quduqqa chelak tashlagan kishiga oʼxshaydi. Chelak tashlagan odam uning evaziga suv chiqarib olishni umid qilganidek, pora uzatgan kimsa ham “hadyasi” (porasi) evaziga oʼziga kerakli hukmni, nohaq imtiyozni “tortib chiqarib olishni” maqsad qiladi. Demak, oyat nafaqat poraxoʼrlikni, balki mansabdorni sotib olish orqali oʼzgalar haqiga xiyonat qilishni ham qatʼiy taqiqlaydi.
Shaxslar koʼpincha oʼzlari olayotgan narsalarni pora emas, “hurmat yuzasidan berilgan sovgʼa”, deb xaspoʼshlashga urinishadi. Biroq, bundan oʼn toʼrt asr muqaddam Paygʼambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday “oqlov”larga chek qoʼyuvchi mukammal mantiqiy mezonni oʼrtaga tashlaganlar.
Tarixdan maʼlumki, Аzd qabilasidan boʼlgan Ibn Utbiyya ismli kishi zakot yigʼishga masʼul etib tayinlanadi. Safardan qaytgach, u yigʼilgan mollarni davlat gʼaznasiga topshira turib: “Mana bu narsalar sizlarga, bunisi esa menga hadya qilindi”, deydi.
Shunda Rasululloh (s.a.v.) gʼazablanib, bugungi kun uchun ham oltin qoidaga teng boʼlgan quyidagi soʼzlarni aytadilar: “U kishi otasi yoki onasining uyida oʼtirganida unga oʼsha hadya berilarmidi yoki yoʼqmi?! Jonim qoʼlida boʼlgan Zotga qasamki, kim undan (jamoat mulkidan) biror narsani oʼzlashtirsa, Qiyomat kuni oʼsha narsani boʼynida koʼtargan holda keladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Bu hadisdagi mantiq juda oʼtkir: senga berilayotgan “sovgʼa” sening shaxsing, goʼzal xulqing uchunmi yoki egallab turgan mansabing uchunmi? Аgar sen shu lavozimda boʼlmaganingda, bu “hurmat” koʼrsatilarmidi? Аgar javob “yoʼq” boʼlsa, demak, bu sovgʼa emas, balki poraning yashirin koʼrinishi “gʼulul” (xiyonat)dir.
Mansabdor shaxsning “sovgʼa” qabul qilishi manfaatlar toʼqnashuvini keltirib chiqarishi va adolat tarozisini buzishi hayotiy haqiqatdir. Bunga Umar ibn Xattob (r.a.) rahbarlik davrida boʼlgan bir voqea yaqqol misol boʼla oladi. Imom Tabaroniyning rivoyat qilishicha, bir kishi Hazrati Umarga tuyaning son goʼshtini hadya qiladi. Oradan vaqt oʼtib, oʼsha kishi bir nizoli masalada raqibi bilan u zotning huzuriga keladi. Hukm chiqarish jarayonida haligi kishi bergan “sovgʼa”sini eslatmoqchi boʼlib: “Ey moʼminlar amiri! Men uchun xuddi tuya soni ajratilganidek ajrim qiluvchi hukm qiling”, deb ishora qiladi. Bu gapning tagida yotgan taʼmani darhol fahmlagan Umar (r.a.)ning gʼazabi keladi va qoʼli bilan soniga urib: “Аlloh naqadar buyuk-a! Barcha oʼlkalarga yozinglar: Mansabdorlarning hadyalari — Gʼululdir (xiyonatdir)!” deya farmon beradilar.
Yuqoridagi tarixiy va maʼnaviy dalillar shuni koʼrsatadiki, jamiyat mulkiga koʼz olaytirish, lavozimdan foydalanib tamagirlik qilish kechirilmas gunoh va ogʼir jinoyatdir.
Korruptsiya – shunchaki iqtisodiy jinoyat yoki davlat gʼaznasiga qoʼl choʼzishgina emas. Uning eng dahshatli va uzoqqa choʼziluvchi asorati jamiyatni ich-ichidan yemirib, ijtimoiy tuzilmani vayron qilishida namoyon boʼladi. Bu illat ildiz otgan muhitda, avvalo, ijtimoiy adolat mezonlari sinadi. Qonun ustuvorligi oʼrnini “tanish-bilishchilik” va pulning kuchi egallaydi. Natijada, meritokratiya tamoyili buzilib, chinakam isteʼdod va salohiyat egalari chetga surib tashlanadi. Lavozimlarni “qoʼli uzun”, ammo noloyiq kimsalarning egallashi yoshlarda “hayotda bilim emas, balki aloqalar hal qiladi” degan noumidlig-u ishonchsizlikni uygʼotadi.
Bunday muhit “aqllar oqimi” (brain drain) deb ataluvchi ogʼriqli jarayonni tezlashtiradi. Аdolatsizlikdan charchagan ziyoli qatlam, yetuk olimlar, malakali shifokorlar va muhandislar oʼz qadrini biladigan xorijiy oʼlkalarga chiqib ketishga majbur boʼladilar. Oqibatda mamlakatning intellektual salohiyati va genofondi zaiflashib, jamiyat qoloqlik sari yuz tutadi. Shu bilan birga, korruptsiya aholining keskin tabaqalanishiga xizmat qiladi: davlat resurslari xalq farovonligi, yoʼl, maktab va shifoxonalar uchun emas, balki tor doiradagi manfaatdor guruhlarning choʼntagiga yoʼnaltiriladi. Tadbirkorlarning “yashirin xarajatlari” mahsulot narxiga qoʼshilib, oxir-oqibat buning ogʼir yuki yana oddiy xalqning yelkasiga tushadi.
Eng xavotirlisi, bu jarayon davlat institutlariga va qonunga boʼlgan ishonchni soʼndiradi. Fuqarolar davlat idoralarini himoyachi emas, balki “tamagir” sifatida koʼra boshlaydi, oʼz muammolarini qonuniy yoʼl bilan hal qilish imkoniga shubha bilan qaraydi. Bunday huquqiy nigilizm jamiyatda norozilik kayfiyatini kuchaytiradi. Boz ustiga, millatning maʼnaviy ildizlariga bolta uriladi: halol mehnat qadrsizlanib, “uddaburonlik”, “yoʼlini qilish” kabi illatlar soxta fazilatga aylanadi. Yosh avlod ongida “pul bilan hamma narsani sotib olish mumkin” degan xavfli dunyoqarashning shakllanishi esa kelajak uchun eng katta tahdiddir.
Pirovardida, korruptsiyalashgan tizim milliy xavfsizlikka raxna soladi. Sifatsiz qurilgan binolardan tortib, jazodan qutulib qolgan jinoyatchilargacha, barchasi insonlar xavfsizligi va hayotiga bevosita tahdid soluvchi omillar hisoblanadi. Shu bois, bu illatga qarshi kurashish – faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi emas, balki butun jamiyatning, har birimizning burchimizga aylanishi shart. Hadisi sharifda aytilganidek, dunyoda yashirincha olingan har qanday nohaq luqma, xoh u tuya boʼlsin, xoh zamonaviy avtomobilь yoki pul, Qiyomat maydonida butun xaloyiq oldida boʼyinga yuklangan holda fosh boʼladi. Rasululloh (s.a.v.)ning qoʼllarini baland koʼtarib, uch bora: “Ey Аllohim, yetkazdimmi?”, deya takrorlashlari, bu masalaning naqadar nozik va xatarli ekanidan dalolat beradi.
Shunday ekan, har bir shaxs, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taʼbirlari bilan aytganda – “halollik vaktsinasi”ni qabul qilgan holda, oʼz vazifasini bajarishda shaxsiy manfaatlarini aralashtirmasligi, xalq va Vatan oldidagi omonatiga xiyonat qilmasligi lozim. Zero, adolat va halollik ustuvor boʼlgan yurtdagina qut-baraka va yuksalish boʼladi.

Baxromov Sunnatilla 
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi