Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Biz, Islom sivilizatsiyasi I xalqaroforumi ishtirokchilari – nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardagi ilmiy-maʼrifiy tuzilmalar rahbarlari, dunyoning ellikdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan vazirlar, muftiylar, taniqli olimlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxonalar, muzeylar hamda madaniy muassasalarning vakillarinomidan Sizga samimiy minnatdorlik va chuqur ehtirom bilan murojaat etmoqdamiz.
Avvalo, Sizning bevosita tashabbusingiz va shaxsan qoʻllab-quvvatlashingiz bilan oʻtkazilgan Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi, oʻzining tub mohiyati va ahamiyatiga koʻra, xalqaro ilmiy tadbirlar darajasidan ancha yuqori turadigan va yuksak eʼtirof topgan ulkan voqea boʻlganini alohida taʼkidlashni istardik.
Hech shubhasiz, Sizning Forum ishtirokchilariga murojaatingizda ilgari surilgan gʻoyat muhim fikr va gʻoyalar toʻrt kun davomida dunyo jamoatchiligi eʼtiborida boʻlgan ushbu anjumanda muhokama qilingan masalalar koʻlami, maqsadi va maʼno-mazmunini belgilab berdi.
Ishonch bilan ayta olamizki, musulmon olamidagi ilgʻor ilm-maʼrifat namoyandalari ishtirokidagi bu forum islom sivilizatsiyasining boy merosini insoniyatning maʼnaviy, madaniy va intellektual sohadagi umumiy boyligining ajralmas bir qismi sifatida oʻrganish, asrab-avaylash, saqlash va keng targʻib etishga qaratilgan global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Anjumanning Toshkent, Samarqand va Termiz singari Oʻzbekistonning tarixiy shaharlarida oʻtkazilishi uning maʼrifiy ruhi va ahamiyatini yanada oshirdi. Aynan shu tabarruk diyorlarda asrlar davomida buyuk ilmiy maktablar shakllangan, ilohiyot, falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya va boshqa fanlar taraqqiyotiga shiddatli turtki bergan fundamental asarlar yaratilgan. Butun insoniyat taraqqiyotiga ulkan taʼsir koʻrsatgan ezgu gʻoyalar va kashfiyotlar ham jahon boʻylab aynan shu shaharlardan tarqalgan.
Siz tomoningizdan 2017 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish boʻyicha ilgari surilgan ezgu tashabbus soʻnggi oʻn yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida ushbu zamindagi buyuk tarix va madaniyatni yaxlit maʼrifiy hodisa sifatida anglashda tub burilish nuqtasi boʻlganini biz bugun alohida minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz. Mazkur tarixiy voqea islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va maʼnaviyati rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini yangicha talqin va targʻib etishda xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi hamda Yangi Uygʻonish davri – Uchinchi renessansning intellektual va maʼnaviy asoslarini barpo etish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Ushbu tashabbus zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga uzoqni koʻzlab, vaqtida berilgan taʼsirchan javob boʻlganini ham bugun biz chuqur idrok etmoqdamiz.Dunyoning turli hududlarida islom dinining insonparvarlik mohiyatini buzib koʻrsatish, madaniyat va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarama-qarshi qoʻyish, shuningdek, musulmon olimlarining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qoʻshgan buyuk hissasini kamsitishga urinishlar kuzatilayotgan bir paytda Siz maʼrifat, ilmiy tafakkur, tarixiy haqiqatga ehtirom hamda islom sivilizatsiyasining haqqoniy merosini jahon hamjamiyatiga qayta taqdim etishga asoslangan bunyodkorlik yoʻlini taklif qildingiz. Shu tariqa tarixiy adolatni tiklash, ochiq ilmiy muloqot madaniyatini mustahkamlash, oʻzaro hurmat va xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida muhim olgʻa siljish amalga oshirildi.
Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda ana shu ezgu intilishlar alohida global ahamiyat kasb etmoqda. Zero, aynan bilim, tarixiy xotira va xalqlarning intellektual salohiyatini birlashtirish davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlashga, ekstremizm, radikalizm va murosasizlikka qarshi samarali kurashishga, sivilizatsiyalar oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni chuqurlashtirishga hamda tinchlik, barqaror taraqqiyot va bunyodkorlikning mustahkam maʼnaviy poydevorini yaratishga xizmat qiladi.
Ana shunday dolzarb fikrlarni mujassam etgan Murojaatingiz, hech shubhasiz, bizning birgalikdagi kelgusi faoliyatimiz uchun ulkan tarixiy va dasturiy hujjat boʻlib qoladi.
Oʻzbekiston Prezidentiga xos yuksak iroda va donishmandlik, tarix, bugungi kun va kelajakni yaxlit bir jarayon sifatida koʻra olish salohiyati mahsuli boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat jahon darajasidagi zamonaviy ilmiy-maʼrifiy majmuaga, ayni vaqtda ushbu noyob jarayon tarkibidagi bebaho merosni oʻrganish, asrab-avaylash va keng targʻib etishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, ilmiy muassasalar, universitetlar, kutubxonalar, muzeylar va maʼnaviy-maʼrifiy markazlarni birlashtiradigan nufuzli muloqot maydoniga aylanib borayotganini barchamiz koʻrib turibmiz. Aminmizki, yaqin yillarda bu maskan gumanitar ilm-fan sohasidagi yetakchi xalqaro markazlar qatoridan munosib oʻrin egallaydi hamda yangi gʻoyalar, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar va uzoq muddatli xalqaro loyihalar shakllanadigan yirik madaniy-maʼrifiy va taʼlim platformasiga aylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida maʼnaviy, ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bizda ayniqsa katta taassurot qoldirdi. Islom sivilizatsiyasi markazi, yangilangan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti kabi noyob muassasalar tarixiy xotirani saqlash, fundamental ilm-fanni rivojlantirish hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil davlat siyosatining amaldagi yorqin ifodasidir.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi islom ilm-fani, madaniyati va maʼrifatining eng qadimgi beshiklaridan biri sifatida bugun gumanitar hamkorlik, ilmiy izlanishlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot borasidagi azaliy mavqeini yana mustahkamlab bormoqda.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi «Tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat» shiori ostida oʻtkazilgani alohida eʼtiborga loyiq. Islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini oʻzida mujassam etgan, oʻzaro chambarchas bogʻliq boʻlgan bu bezavol qadriyatlar bugungi zamonaviy dunyo uchun ham beqiyos ahamiyatga egadir. Bu buyuk meros butun insoniyatning madaniy, maʼnaviy va intellektual boyligining ajralmas qismi hisoblanadi. Bu esa uni asrab-avaylash, har tomonlama oʻrganish va kelajak avlodlarga yetkazish boʻyicha xalqaro tashkilotlar, davlatlar, ilmiy jamoatchilik, tinchlik, oʻzaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga intilayotgan barcha insonlarzimmasiga umumiy masʼuliyat yuklashitabiiy, albatta.
Biz Forum yakunlari boʻyicha qabul qilingan Deklaratsiya hamda islom sivilizatsiyasini asrash, oʻrganish va rivojlantirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni uzoq muddatli xalqaro hamkorlikning mustahkam poydevori sifatida toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Siz ularda belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, umumiy maʼnaviy merosimizni asrab-avaylash hamda islom sivilizatsiyasini tinchlik, maʼrifat va oʻzaro anglashuv yoʻlida rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarga bundan buyon ham yetakchilik qilib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlaysiz, deb chin dildan umid bildiramiz.
Forum qarorlarini amaliy hayotga tatbiq etish maqsadida biz, Siz bilan maslahatlashgan holda, Islom sivilizatsiyasini Jahon alyansini taʼsis etish tashabbusini ilgari surish niyatidamiz.Mazkur Alyansning faoliyati qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, akademik almashinuvlarni rivojlantirish, nashriyot ishiga oid xalqaro loyihalarni amalga oshirish, madaniy meros namunalariniasrash va keng targʻib qilish, shuningdek, davlatlar oʻrtasidagi gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonamiz.
Forum davomida qabul qilingan qarorlar Oʻzbekiston zaminida paydo boʻlgan ushbu ezgu tashabbus xalqaro miqyosda keng qoʻllab-quvvatlanayotgani va jahondagiilmiy-maʼnaviy hamjamiyatning umumiy ishiga aylanayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Biz mazkur qarorlarni amalga oshirish, islom sivilizatsiyasining buyuk merosini saqlash va kelajak avlodlarga yetkazish borasida oʻzimizning intellektual, ilmiy va maʼnaviy salohiyatimizni birlashtirishga tayyor ekanimizni yana bir bor bayon qilamiz. Ishonamizki, qadimiy Oʻzbekiston diyorida qabul qilingan ushbu qarorlar islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish, asrash va keng targʻib etishsohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi. Ushbu Murojaatni qabul qilar ekanmiz, mazkur qarorlarni amalga oshirish boʻyicha zimmamizga ulkan umumiy masʼuliyatolayotganimizni yana bir bor eʼtirof etamiz hamda tinchlik, maʼrifat, oʻzaro hurmat va butun insoniyat boyligining uzviy bir qismi hisoblangan buyuk maʼnaviy hamda intellektual merosni asrab-avaylash yoʻlida doimo Siz bilan bir safda turib ish olib borishga tayyor ekanimizni bildiramiz.
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Biz Sizga va Sizning timsolingizda Forumning barcha tashkilotchilariga, koʻp millatli butun Oʻzbekiston xalqiga Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi yuksak saviyada tashkil etilgani hamda samimiy mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishdek gʻoyat sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda yanada ulkan yutuqlar tilaymiz. Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish hamda bu qutlugʻ zaminning ilm-fan, maʼrifat, islom sivilizatsiyasi, gumanitar hamkorlik va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot boʻyicha jahonda yetakchi markazlardan biri sifatidagi yuksak oʻrni, shuhrati va nufuzini yanada mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlaringizga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Alloh taolo Sizning ezgu niyat va harakatlaringizga xayru barakotlar bersin!
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumida qabul qilingan qarorlar dunyo xalqlari oʻrtasida oʻzaro anglashuv, adolat va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilsin!
Parvardigori olam uch ming yillik buyuk tarix va madaniyat bunyodkori boʻlgan mehnatkash, mehmondoʻst va olijanob Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, umummilliy birlik, farovonlik va ravnaq ato etsin, ijodkorlik salohiyatini bundan ham ziyoda qilsin, barcha ezgu niyatlariga yetkazsin!
Chuqur hurmat bilan, Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilari
2026 yil 9 iyul
Oʻzbekiston Respublikasi,
Toshkent shahri
