📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

MUBORAK BAYRAM – MEROS QADRIYAT

Har yili zulhijja oyining oʼninchi kunida dunyoning toʼrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʼu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar, qurbonlik soʼyib, qarindosh-urugʼni mehmon qiladilar. Qurbon hayiti – bu nafaqat diniy marosim, balki insoniyatning eng ogʼir maʼnaviy sinovdan oʼtganligini tasdiqlovchi tirik xotira, asrlar osha avloddan-avlodga oʼtib kelayotgan ulugʼ anʼanadir.

Bugungi kunda jamiyatimiz hayoti shiddat bilan oʼzgarib, yangilanib borayotgan bir davrda, ushbu muborak ayyom el-yurtimiz uchun yanada teran maʼno-mazmun kasb etmoqda. Xususan, bu yil ham Qurbon hayiti munosabati bilan Prezidentimizning alohida qarorlari qabul qilindi. Unda jamiyatimiz hayotida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan ezgu gʼoyani chuqur qaror toptirishda barcha milliy va diniy qadriyatlarimiz qatori insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bagʼrikenglik kabi olijanob fazilatlarni oʼzida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti gʼoyat muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida taʼkidlandi. Insonparvarlik printsiplariga asoslangan ushbu siyosat tufayli bayram milliy yuksalishimizning maʼnaviy ustunlaridan biriga aylandi.

Islom taʼlimotida Qurbon hayiti ikki ulugʼ bayramdan biri sanaladi. U hijriy taqvimning zulhijja oyida, Haj amaliyotining soʼnggi kunlarida nishonlanadi. Bugun dunyo boʼylab ikki milliarddan ziyod musulmon bu kunni ibodat, qurbonlik soʼyish, ehson ulashish va mehmondoʼstlik bilan oʼtkazadi.

Hayit kuni soʼyilgan qurbonlik goʼshti oila ahli, qarindosh-urugʼlar, kambagʼal va muhtojlarga ulashiladi. Bu taqsimot – islomdagi ijtimoiy adolatning amaliy ifodasidir. Davlatimiz rahbarining yuqorida tilga olingan qarorida bayon etilganidek, mamlakatimizda ijtimoiy davlat barpo etish, yurtdoshlarimiz oʼrtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qoʼllab-quvvatlash, hech kimni mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslik borasida bu bayramning bezavol anʼanalari biz uchun kuch-gʼayrat va ilhom manbai boʼlib xizmat qilmoqda.

Oʼzbekistonda Qurbon hayiti oʼziga xos milliy-madaniy qiyofa kasb etgan. Hayitning rasmiy bayram sifatida belgilangani esa qadriyatlarimizga nisbatan yuksak ehtiromning yaqqol ifodasidir. Har yili bayram arafasida yurtimiz boʼylab keng koʼlamli obodonlashtirish va mehr-muruvvat ishlari avj oladi. Shahar-u qishloqlarda odamlar bayramga oʼzgacha shukuh va kayfiyat bilan tayyorgarlik koʼrishadi.

Bu bayram faqat diniy marosim emas – u avlodlar oʼrtasidagi mustahkam koʼprik, oila va jamiyat birligini yangilovchi ulkan ijtimoiy hodisadir. Tong otmasdan odamlar masjidlar tomon oshiqadi. Namozdan soʼng – yurt tinchligi va elimiz farovonligini soʼrab duoga qoʼl ochiladi, keyin oila davrasiga qaytib, qurbonlik qilish amaliga kirishiladi. Qurbonlik goʼshtidan tayyorlangan taomlar bayram dasturxonining koʼrkiga aylanadi. Mahallalarda koʼtarinki kayfiyat hukm suradi, qoʼni-qoʼshnilar bir-biriga taom ulashadi.

Qurbon hayitida biz faqat qurbonlik soʼymaymiz, balki nafsimizni tiyishga, inson qadrini ulugʼlashga, muhtojlarga yordam qoʼlini choʼzishga, oilaviy rishtalarni mustahkamlashga va inson sifatida yana bir bor oʼzligimizga qaytishga harakat qilamiz. Аna shunday teran maʼnosi va ezgu fazilatlari tufayli Qurbon hayiti haqiqiy insoniylik, mehr-muruvvat va oqibat bayramidir.

Oybek Sotvoldiev,

Imom Moturidiy xalqaro

ilmiy-tadqiqot markazi

boʼlim boshligʼ