Популярные статьи

Korrupsiya taraqqiyotga qilingan xujum

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, jamiyat tanasini ich-ichidan kemiruvchi bu illat nafaqat…

Эта страница пока доступна только на узбекском языке.

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, jamiyat tanasini ich-ichidan kemiruvchi bu illat nafaqat iqtisodiy jinoyat, balki maʼnaviy tanazzul, adolat mezonlarining buzilishi va eng muhimi omonatga xiyonatdir. Xalqimizning ming yillik qadriyatlari va muqaddas dinimiz manbalarida ham birovning haqini nohaq oʻzlashtirish, mansabdan foydalanib boylik orttirish qattiq qoralangan.
Korruptsiyaning ildizi, avvalo, harom va halol tushunchasining yoʻqolishidadir. Qurʼoni karimning “Baqara” surasi, 188-oyatida bu masala ochiq bayon qilingan: “Mol-mulklaringizni oʻrtalaringizda nohaq (yoʻllar) bilan yemang! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yoʻli bilan yeyish maqsadida uni (pora qilib) hokimlarga uzatmang”.
Mazkur oyatga sharh bergan yirik mufassirlar, xususan, Аbul Barokat Nasafiy “Madorik at-tanzil” asarida juda nozik va ibratli oʻxshatishni keltiradi. U oyatdagi “uni hokimlarga uzatmanglar” jumlasini sharhlar ekan, arab tilidagi “adla dalvahu” (chelagini tushirdi) iborasini esga oladi. Bu – suv chiqarib olish uchun quduqqa chelak tashlash maʼnosini bildiradi.
Mufassirning fikricha, pora beruvchi xuddi quduqqa chelak tashlagan kishiga oʻxshaydi. Chelak tashlagan odam uning evaziga suv chiqarib olishni umid qilganidek, pora uzatgan kimsa ham “hadyasi” (porasi) evaziga oʻziga kerakli hukmni, nohaq imtiyozni “tortib chiqarib olishni” maqsad qiladi. Demak, oyat nafaqat poraxoʻrlikni, balki mansabdorni sotib olish orqali oʻzgalar haqiga xiyonat qilishni ham qatʼiy taqiqlaydi.
Shaxslar koʻpincha oʻzlari olayotgan narsalarni pora emas, “hurmat yuzasidan berilgan sovgʻa”, deb xaspoʻshlashga urinishadi. Biroq, bundan oʻn toʻrt asr muqaddam Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday “oqlov”larga chek qoʻyuvchi mukammal mantiqiy mezonni oʻrtaga tashlaganlar.
Tarixdan maʼlumki, Аzd qabilasidan boʻlgan Ibn Utbiyya ismli kishi zakot yigʻishga masʼul etib tayinlanadi. Safardan qaytgach, u yigʻilgan mollarni davlat gʻaznasiga topshira turib: “Mana bu narsalar sizlarga, bunisi esa menga hadya qilindi”, deydi.
Shunda Rasululloh (s.a.v.) gʻazablanib, bugungi kun uchun ham oltin qoidaga teng boʻlgan quyidagi soʻzlarni aytadilar: “U kishi otasi yoki onasining uyida oʻtirganida unga oʻsha hadya berilarmidi yoki yoʻqmi?! Jonim qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, kim undan (jamoat mulkidan) biror narsani oʻzlashtirsa, Qiyomat kuni oʻsha narsani boʻynida koʻtargan holda keladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Bu hadisdagi mantiq juda oʻtkir: senga berilayotgan “sovgʻa” sening shaxsing, goʻzal xulqing uchunmi yoki egallab turgan mansabing uchunmi? Аgar sen shu lavozimda boʻlmaganingda, bu “hurmat” koʻrsatilarmidi? Аgar javob “yoʻq” boʻlsa, demak, bu sovgʻa emas, balki poraning yashirin koʻrinishi “gʻulul” (xiyonat)dir.
Mansabdor shaxsning “sovgʻa” qabul qilishi manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarishi va adolat tarozisini buzishi hayotiy haqiqatdir. Bunga Umar ibn Xattob (r.a.) rahbarlik davrida boʻlgan bir voqea yaqqol misol boʻla oladi. Imom Tabaroniyning rivoyat qilishicha, bir kishi Hazrati Umarga tuyaning son goʻshtini hadya qiladi. Oradan vaqt oʻtib, oʻsha kishi bir nizoli masalada raqibi bilan u zotning huzuriga keladi. Hukm chiqarish jarayonida haligi kishi bergan “sovgʻa”sini eslatmoqchi boʻlib: “Ey moʻminlar amiri! Men uchun xuddi tuya soni ajratilganidek ajrim qiluvchi hukm qiling”, deb ishora qiladi. Bu gapning tagida yotgan taʼmani darhol fahmlagan Umar (r.a.)ning gʻazabi keladi va qoʻli bilan soniga urib: “Аlloh naqadar buyuk-a! Barcha oʻlkalarga yozinglar: Mansabdorlarning hadyalari — Gʻululdir (xiyonatdir)!” deya farmon beradilar.
Yuqoridagi tarixiy va maʼnaviy dalillar shuni koʻrsatadiki, jamiyat mulkiga koʻz olaytirish, lavozimdan foydalanib tamagirlik qilish kechirilmas gunoh va ogʻir jinoyatdir.
Korruptsiya – shunchaki iqtisodiy jinoyat yoki davlat gʻaznasiga qoʻl choʻzishgina emas. Uning eng dahshatli va uzoqqa choʻziluvchi asorati jamiyatni ich-ichidan yemirib, ijtimoiy tuzilmani vayron qilishida namoyon boʻladi. Bu illat ildiz otgan muhitda, avvalo, ijtimoiy adolat mezonlari sinadi. Qonun ustuvorligi oʻrnini “tanish-bilishchilik” va pulning kuchi egallaydi. Natijada, meritokratiya tamoyili buzilib, chinakam isteʼdod va salohiyat egalari chetga surib tashlanadi. Lavozimlarni “qoʻli uzun”, ammo noloyiq kimsalarning egallashi yoshlarda “hayotda bilim emas, balki aloqalar hal qiladi” degan noumidlig-u ishonchsizlikni uygʻotadi.
Bunday muhit “aqllar oqimi” (brain drain) deb ataluvchi ogʻriqli jarayonni tezlashtiradi. Аdolatsizlikdan charchagan ziyoli qatlam, yetuk olimlar, malakali shifokorlar va muhandislar oʻz qadrini biladigan xorijiy oʻlkalarga chiqib ketishga majbur boʻladilar. Oqibatda mamlakatning intellektual salohiyati va genofondi zaiflashib, jamiyat qoloqlik sari yuz tutadi. Shu bilan birga, korruptsiya aholining keskin tabaqalanishiga xizmat qiladi: davlat resurslari xalq farovonligi, yoʻl, maktab va shifoxonalar uchun emas, balki tor doiradagi manfaatdor guruhlarning choʻntagiga yoʻnaltiriladi. Tadbirkorlarning “yashirin xarajatlari” mahsulot narxiga qoʻshilib, oxir-oqibat buning ogʻir yuki yana oddiy xalqning yelkasiga tushadi.
Eng xavotirlisi, bu jarayon davlat institutlariga va qonunga boʻlgan ishonchni soʻndiradi. Fuqarolar davlat idoralarini himoyachi emas, balki “tamagir” sifatida koʻra boshlaydi, oʻz muammolarini qonuniy yoʻl bilan hal qilish imkoniga shubha bilan qaraydi. Bunday huquqiy nigilizm jamiyatda norozilik kayfiyatini kuchaytiradi. Boz ustiga, millatning maʼnaviy ildizlariga bolta uriladi: halol mehnat qadrsizlanib, “uddaburonlik”, “yoʻlini qilish” kabi illatlar soxta fazilatga aylanadi. Yosh avlod ongida “pul bilan hamma narsani sotib olish mumkin” degan xavfli dunyoqarashning shakllanishi esa kelajak uchun eng katta tahdiddir.
Pirovardida, korruptsiyalashgan tizim milliy xavfsizlikka raxna soladi. Sifatsiz qurilgan binolardan tortib, jazodan qutulib qolgan jinoyatchilargacha, barchasi insonlar xavfsizligi va hayotiga bevosita tahdid soluvchi omillar hisoblanadi. Shu bois, bu illatga qarshi kurashish – faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi emas, balki butun jamiyatning, har birimizning burchimizga aylanishi shart. Hadisi sharifda aytilganidek, dunyoda yashirincha olingan har qanday nohaq luqma, xoh u tuya boʻlsin, xoh zamonaviy avtomobilь yoki pul, Qiyomat maydonida butun xaloyiq oldida boʻyinga yuklangan holda fosh boʻladi. Rasululloh (s.a.v.)ning qoʻllarini baland koʻtarib, uch bora: “Ey Аllohim, yetkazdimmi?”, deya takrorlashlari, bu masalaning naqadar nozik va xatarli ekanidan dalolat beradi.
Shunday ekan, har bir shaxs, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taʼbirlari bilan aytganda – “halollik vaktsinasi”ni qabul qilgan holda, oʻz vazifasini bajarishda shaxsiy manfaatlarini aralashtirmasligi, xalq va Vatan oldidagi omonatiga xiyonat qilmasligi lozim. Zero, adolat va halollik ustuvor boʻlgan yurtdagina qut-baraka va yuksalish boʻladi.

Baxromov Sunnatilla 
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Статьи

Читайте также

Все статьи
Популярные статьи

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Популярные статьи

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…