O‘zbekistonning ilg‘or tashabbuslari dunyo miqyosida qo‘llab-quvvatlanmoqda

Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida bo‘lib o‘tadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli nufuzli xalqaro konferensiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro konferensiya xususida Imom Moturidiy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimovga bir necha savollar bilan murojaat etdik.
– Jamoliddin Abdulhamidovich, dunyoga yangilanayotgan O‘zbekiston sifatida tanilayotgan mamlakatimizning keyingi yillarda ilg‘or ma’rifiy tashabbuslarni xalqaro miqyosda ilgari surayotgani xususida fikringizni bilmoqchi edik.
– Bugun O‘zbekiston nufuzli xalqaro tashkilotlarning yuksak minbaridan turib bildirayotgan ilg‘or ma’rifiy tashabbuslar hayotiyligi, amaliy ahamiyati va dolzarbligi bilan dunyo hamjamiyatini o‘ziga jalb etmoqda. Bu borada so‘z yuritganda, eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2017 yil sentyabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasidagi ishtirokini eslab o‘tish lozim. Darhaqiqat, BMTning mazkur sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muhim ma’rifiy tashabbuslar mamlakatning xalqaro miqyosdagi faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ushbu tashabbuslar orasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik haqida”gi maxsus rezolyusiyani qabul qilish haqidagi taklif alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu taklif ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash borasida qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyilining xalqaro ko‘lamdagi amaliy ifodasi bo‘ldi. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu taklif tashkilotga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi hamda 2018 yil 12 dekabrda tasdiqlandi. Mazkur rezolyusiyaning ko‘tarinkilik bilan qabul qilinishi O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy sohadagi faoliyati, ilg‘or ma’rifiy tashabbuslari xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganidan darak beradi.
Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 72-sessiyadagi nutqi haqida iliq fikrlarni bildirib, ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning muhimligini e’tirof etdi hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 2023 yil 19 sentyabr sanasida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida ham nutq so‘zlab, bir qator ilg‘or ma’rifiy tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, BMT Bosh kotibining “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusi doirasida tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonda BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish haqidagi taklif bilan chiqdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yilda O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning minbaridan turib bildirilayotgan ma’rifiy tashabbus va takliflar O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi mavqei tobora yuksalib, global muammolarni hal etishda o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.
– Tez kunlarda bo‘lib o‘tadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga xorijlik olim va mutaxassislar, ilmiy tadqiqot va ta’lim muassasalarining qiziqishi tobora ortib bormoqda. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
– Avvalo, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2023 yil 19 sentyabrdagi 78-sessiyasida ilgari surilganini ta’kidlab o‘tish lozim. Albatta, bu mazkur konferensiyaning ahamiyati qanchalik ulkan ekanini, shuningdek, unga nafaqat musulmon mamlakatlari, balki tashkilotga a’zo barcha davlatlar katta qiziqish bilan qarayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, mazkur konferensiya islom dini niqobi ostidagi ekstremistik va radikal oqimlarning buzg‘unchi faoliyati ko‘lami kengayib borayotgan, Sharq va Gʻarb mamlakatlaridagi yoshlarni o‘z ta’siriga olayotgan bir vaqtda islom dinining asl tinchlikparvar va insonparvarlik mohiyatini ochib berish zarurati bugungi kunda xalqaro jamoatchilik oldida turgan dolzarb vazifalardan biriekani ham ushbu konferensiyaga bo‘lgan qiziqishning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli, konferensiya e’lon qilingan vaqtdan boshlab musulmon mamlakatlarining eng ko‘zga ko‘ringan ulamolari, o‘z sohasining yetuk olim va mutaxassislari unda ishtirok etish istagini bildirib, murojaat qilib kelmoqda. Chunki, BMT darajasidagi bu kabi anjumanlarning tashkil etilishini har doim ham kuzatavermaysiz. O‘ylaymanki, ushbu konferensiya bugungi kunda mashhurlikka erishgan musulmon ulamolarining islomning tinchlik va ezgulik dini ekani haqidagi o‘z fikrlarini butun dunyoga baralla aytishlari uchun eng qulay platforma hisoblanadi. Shu sababli ham, dunyo olimlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va ta’lim muassasalari xodimlarining unda ishtirok etishga bo‘lgan qiziqishlari tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga, konferensiya Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar, fuqarolarning diniy erkinligi hamda haq-huquqlarini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim o‘rin tutishi bilan ham ahamiyatlidir.
– Buyuk alloma Imom Moturidiy ilmiy merosi va ta’limotiga xos tinchlikparvarlik hamda insonparvarlik g‘oyalarning bugungi kundagi ahamiyati qanday?
– Imom Moturidiy olimlar tomonidan buyuk mutakallim, qomusiy alloma va ulug‘ mutafakkir sifatida e’tirof etiladi. Uning birinchilardan bo‘lib kalom ilmiga bilish nazariyasini kiritishi hamda o‘z ta’limotida aqlga alohida o‘rin ajratishini ushbu sohada o‘ziga xos burilish nuqtasi bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” kabi asarlari allomaning o‘z sohasining yetuk olimi, peshqadami bo‘lganini ko‘rsatadi.
U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lgan davridan hozirgi kunga qadar muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ma’lumki, islom dinida adashgan toifalar, buzg‘unchi oqimlar bugun paydo bo‘lib qolmagan. Ular kelib chiqishining tarixiy-g‘oyaviy ildizi ilk islom davriga borib taqaladi. O‘z davrida islom ulamolari tomonidan bu kabi buzg‘unchi aqidalarga ilmiy asoslantirilgan raddiyalar berilgan, ularga qarshi kurashning ma’rifiy asoslari shakllantirilgan. Imom Moturidiy ham mana shunday olimlardan biri sifatida “Musahhih e’tiqod ahli sunna” – “Ahli sunna e’tiqodining to‘g‘rilovchisi” kabi sharafli nomga sazovor bo‘lgan. Bu bejizga emas albatta. Zero, ushbu ta’limot vakillari IX asrdan buyon ixtilofli aqidaviy masalalarga javob berish, moʻtadil ta’limotni keng tarqatish yuzasidan ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.
Imom Moturidiyning mutaassib oqimlarga qarshi kurash metodologiyasi, ayniqsa, bu borada ham naqliy, ham aqliy dalillardan birdek foydalangani yuksak amaliy samara keltirgani uning o‘z davrida mavjud bo‘lgan buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga batamom barham berib, musulmonlarning e’tiqodiy birligi hamda jipsligini ta’minlay olganida o‘z isbotini topgan. Ushbu metodologiyaning asosini uning “Qurolingni ilmdan yasa”, degan hikmati tashkil qilgan.
Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaassib oqimlarning tarixiy-g‘oyaviy ildizlari uzoq o‘tmishdagi “salaf”lariga borib taqalishini hisobga oladigan bo‘lsak, moturidiylik ta’limoti zamonaviy jamiyatdagi ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirishda ham yuksak amaliy ahamiyatga ega ekanligi ravshanlashadi. Shu sababli hozirgi vaqtda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish davlat darajasidagi dolzarb vazifa hisoblanadi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, islom olamida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti yuksak qadrlanishidan tashqari, uning yana bir muhim jihati ham borki, bu mazkur ta’limotning bugungi g‘oyaviy ziddiyatlar avj olgan globallashuv davrida jamiyatda uchrayotgan ayrim ixtilofli aqidaviy masalalarning yechimini topish, jumladan, islom niqobi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi naqliy hamda aqliy dalillar asosida ilmiy asoslangan raddiyalarni berish, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlashda muhim amaliy ahamiyatga ega ekanligi bilan ifodalanadi.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.