📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Konstitutsiya – milliy va diniy qadriyatlarning huquqiy kafolati

Konstitutsiyamizda ham xalqimizning azaliy qadriyatlaridan boʻlgan har bir ishni oʻzaro maslahat va kengashib bajarish haqida alohida norma kelgan boʻlib, unda “Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qoʻyiladi. Referendum oʻtkazish tartibi qonun bilan belgilanadi” (9-modda) deya xalq muhokamasi davlat va jamiyat boshqaruvida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlanadi. Bu qoidadan kelib chiqib, mamlakatizmizda bir qator muhim masalalar xalqning muhokamasi taqdim etilgan hamda umumiy ovozga – referendumga qoʻyilgan. Ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan bu anʼana kelgusida ham davlat boshqaruvining asosiy usullaridan boʻlib qoladi.

Maʼlumki, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida millatlararo va dinlararo keskinlik kuchayib bormoqda, millatchilik, diniy murosasizlik bosh koʻtarmoqda. Har qanday oqil inson bu illatlar davlatchilikni yemirib, jamiyatni parchalab, diniy ruhdagi nizolarga zamin hozirlashiga shubha qilmaydi.

Ana shunday murakkab vaziyatda mamlakatimizda ham turli dinga mansub insonlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiya va u asosda qabul qilingan qonun-hujjatlari yurtimizda yashayotgan turli din vakillar oʻrtasida hamjihatlikni taʼminlash, jamiyatda oʻrnatilgan tinchlik va osoyishtalikning mustahkam kafolati, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirishning asosi boʻlib xizmat qilmoqda.

Xalqimizning oʻziga xos fazilatlaridan sanalgan bagʻrikenglik anʼanasi asrlar davomida shaklangan qadriyatlardandir. Bu oʻlkada yashagan ajdodlarimiz ming yillar davomida millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni musatahkam qaror topishida jonbozlik koʻrsatganlar. Xususan, sohibqiron Amir Temur ham islom diniga cheksiz hurmat koʻrsatishi bilan bilan birga oʻzga din vakillarini hurmatlab, ularga ehtirom koʻrsatgani tarix kitoblarida muhrlangan. Shuningdek, dunyoda eng uzoq hukmronlik qilgan imperiyalardan sanalgan boburiylar imperiyasi Hindistonni zabt etgan boʻlsada, hindlarga nisbatan diniy bosim oʻtkazmadi hamda diniy bagʻrikenglikning yuksak namunalarini koʻrsatishdi. Shu bois, Hindiston xalqi bugungi kungacha Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlarini hurmat bilan yodga oladi.   

Asrlar osha davom etib kelayotgan bagʻrikenglik anʼanasi mustaqillik yillarida ham rivojlantirilib borilmoqda. Xusuan, bugungi kunda mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar emin-erkin faoliyat yuritmoqda. Ularning har qanday tazyiqlardan xoli tarzda ish yuritishiga ham Konstitutsiyada mustahkamlangan eʼtiqod erkinligi bilan bogʻliq qoidalar asos boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, Asosiy qonunimizning 35-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi”, deya barcha din vakillariga oʻz eʼtiqodlariga koʻra, ibodat qilish va diniy rasm-rusmlarini ado etishlariga keng imkoniyatlar yaratib berildi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Asosiy qonunimizda mustahkamlangan bu kabi normalar yurtimizdagi tinchlik, barqarorlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, yoshlarimizda diniy bagʻrikenglik anʼanalarini rivojlantirishda oʻziga xos ahamiyat kab etadi.   Zero, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan davlat boshqaruvining bosh maqsadi ham jamiyatda hamjihatlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini taʼminlashdan iborat.

Shukrullo Joʻrayev,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi