📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

IMOM MOTURIDIY MANOQIBLARI (1-qism)

Imom Moturidiyning tasavvufiy qarashlari va zohidlik hayoti haqida bizga ma’lumot beruvchi manbalar yetarli darajada mavjud. Ushbu ma’lumotlar imomning shogirdlari va ularning shogirdlari kabi unga eng yaqin bo‘lgan manbalar orqali yetib kelgan. Shuningdek, bunday ma’lumotlar keyingi davr manbalarida ham uchrab turadi va ularda sezilarli xilma-xillik ko‘zga tashlanadi. Yaqin vaqtgacha Imom Moturidiyning hayoti haqida ma’lumot yetishmasligi tufayli, uning islom ilmlaridagi fikr va qarashlari borasida asosli so‘z aytish qiyin bo‘lib kelgandi. Biroq, bugungi kunda moturidiylik ta’limoti olimlarining asarlarini o‘rganish, ularni tahqiq va tarjima qilish jarayonining o‘sib borishi hamda bu yo‘nalishga qiziqishning kuchayishi tufayli, bu borada asosli fikr yuritish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Imom Moturidiy haqida so‘z yuritish qiyin bo‘lgan davrlarda uning tasavvufiy qarashlari va zohidlik hayotiga doir fikrlar ko‘pincha imomni qanday ko‘rmoqchi yoki ko‘rsatilmoqchi ekanligi asosida shakllangani anglashilmoqda. Turkiyadagi tadqiqotlarda yondashuv ko‘proq Imom Moturidiyning tasavvufdan uzoq bo‘lgani, uning tasavvufiy hayot tarziga ega bo‘lmagani, hatto tasavvufdan uzoq va unga qarshi bo‘lganini ta’kidlashga qaratilgan edi . Bu tendensiyaning ideologik yoki shaxsiy omillari va sabablari bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo hozirgi kunda, ayniqsa akademik tadqiqotlarda, “tasavvuf bilan orasi uzoq” bo‘lgan Imom Moturidiy tasviri chizilganini inkor qilib bo‘lmaydi .
Holbuki, bizning fikrimizga ko‘ra, Imom Moturidiy o‘z asrining zohidlari va karomat sohibi bo‘lgan so‘fiylaridan biri sifatida qabul qilingani shubhasiz aniq haqiqatdir. Bu haqiqat bizga ma’lum bo‘lganidek, hammaga ma’lum bo‘lishi uchun, bu yerda Imom Moturidiyning tasavvufiy shaxsiyatini ochib beradigan rivoyatlarni xronologik tartibda yig‘ishga va taqdim etishga harakat qilamiz. Shu tariqa, ushbu da’vo imomning zamondoshlari, shogirdlari va shogirdlarining shogirdlari kabi ilk davr ulamolari naqllari bilan qanchalik mosligi oydinlashadi. Bu orqali mazkur rivoyatlarning bari unga tasavvufiy qiyofa baxsh etish uchun keyinchalik to‘qilgan, degan da’vo haqiqatga zid ekani barchaga ma’lum bo‘ladi. 
Imomning tasavvufiy shaxsiyatini ochib beradigan rivoyatlarning bir qismi u bilan uchrashgan yoki ikkinchi darajada bo‘lsa ham bu yaqinlikni saqlagan shaxslarning bayonotlariga asoslangani uchun, ular katta e’tirozga uchraydigan rivoyatlar emas. Ammo imom haqidagi ba’zi rivoyatlar manoqibnomalarda keltirilgani, ularning adabiy va to‘qima hikoyalarni o‘z ichiga olishi ular imomga tasavvufiy shaxsiyatni nisbat berish niyati bilan yaratilgan, degan ayrim da’volarga sabab bo‘lgan .  Ammo Imom Moturidiy haqidagi ilk davr qaydlari va keyingi davr tasvirlari o‘rtasidagi muvofiqlik va yaqinlik bu kabi iddaoning asossiz ekanini ko‘rsatish uchun yetarli dalil bo‘ladi.
Imom Moturidiy bilan uchrashganlar uni qanday so‘zlar bilan eslashgan va qanday tavsiflashgan? Avvalo shunga to‘xtalib o‘tsak. Abul Yusr Pazdaviy “Usulu-d-din” asarining avvalida Moturidiyning shogirdlaridan biri (ayni paytda o‘zining bobosi) bo‘lgan Abdulkarim ibn Muso Pazdaviy o‘z oilasiga imomning karomatlari haqida so‘zlab berganini aytadi . Ushbu karomatlarning aniq tavsifi keltirilmagan bo‘lsa-da, ba’zi karomatlarga shaxsan imomning shogirdlari guvoh bo‘lishgan va Pazdaviy tomonidan umumiy tarzda bildirilgan fikr aynan shu guvohliklarga tayanadi. Bu qaydlar imomning shogirdlari uni karomat sohibi sifatida qabul qilganlarining yaqqol dalilidir. Uning karomat sohibi ekanini ko‘rsatuvchi bu izoh Imom Moturidiyni maqtash maqsadida to‘qilgan yoki qo‘shimcha qilingan, deb aytish mumkin emas. Chunki, agar Pazdaviyning maqsadi imomni maqtash bo‘lganida, u o‘z asarida Moturidiyning “Kitobu-t-Tavhid” asaridagi uslubni tanqid qilmagan bo‘lar, aksincha, bu haqda gapirganida maqtov yoki sukutni afzal ko‘rgan bo‘lar edi. Holbuki, u “Kitobu-t-Tavhid”ni ochiqchasiga tanqid qilgan va undagi uslubning og‘irligini o‘z asarining yozilish sababi sifatida ko‘rsatgan.
Imom Moturidiyning boshqa bir shogirdi Abul Hasan Rustufag‘niy ham xuddi Abdulkarim ibn Muso Pazdaviy kabi o‘z ustozini karomat sohibi bo‘lgan muborak zot sifatida eslab, uning ba’zi karomatlarini zikr qiladi. Rustufag‘niy imomni duosi ijobat bo‘ladigan insonlardan biri sifatida tavsiflaydi. Buning bir misoli sifatida Imom Moturidiyning shogirdlaridan birining uyini egallab olgan kishi bilan bog‘liq voqeani keltiradi: vaziyatni hal qilishga qaratilgan barcha harakatlar samara bermagach, Imom Moturidiy o‘sha kishini badduo qilgan, natijada u odam kasal bo‘lib qolgan va holatni tushunib yetgach, uyni bo‘shatib qo‘ygan . Shuningdek, Rustufag‘niy bir solih kishi tushida Abu Nasr Iyoziyni oldida bir gul va shakarqamish turgan holda ko‘rganini naql qiladi. Iyoziy gulni Abul Qosim Samarqandiyga, qamishni esa Abu Mansur Moturidiyga beradi, bu bilan Hakim Samarqandiyga hikmat, Abu Mansur Moturidiyga esa haqiqat ilmlari berilgani ifodalanadi . Rustufag‘niy o‘zining ham bir necha bor tushida Imom Moturidiyni ko‘rib, unga ba’zi masalalarda savollar berganini aytadi . Rustufag‘niy Imom Moturidiyning shogirdi bo‘lsa-da, ustozining obro‘sini maqsadli ravishda oshirish uchun uning karomatlarini to‘qib chiqargan emas. Aksincha, u ba’zi o‘rinlarda ustoziga qarshi fikrlar ham bildirgan. Masalan, Imom Abu Hanifadan kelgan “Har bir mujtahid o‘z ijtihodiga ko‘ra to‘g‘ri hukm chiqaradi”, degan so‘zga nisbatan Imom Moturidiy “Har bir mujtahid to‘g‘ri hukm chiqarishi ham, xato qilishi ham mumkin” degan fikrda bo‘lgan. Ammo Rustufag‘niy bu masalada ustoziga qo‘shilmay, Imom A’zamning fikrini afzal ko‘rgan .
Rustufag‘niyning shogirdlari orasida bo‘lgan Abul Husayn Bashog‘ariy ham bizga Imom Moturidiy haqida ma’lumotlar taqdim qiladi. U imomni ilm, idrok va taqvoda alohida ajralib turadigan shaxs sifatida ta’riflaydi . Bashog‘ariy bilan bir avloddan bo‘lgan Abu Ali Yahyo ibn Ali Zandavistiy (vaf. 400/1010) tomonidan rivoyat qilingan bir voqea esa imomning zohidligini namoyon etishi jihatidan e’tiborlidir. Unga ko‘ra, Abu Ahmad Iyoziy bir kuni Moturidiyni Samarqandning boy kishilaridan birining uyida mehmon bo‘lishga majbur qiladi. O‘sha davrda Samarqandning boy xonadonlarida mehmonlarning soqoliga atir surtish odati bor bo‘lib, bu ish ularga nisbatan ehtiromni ko‘rsatish uchun qilingan. Imom Moturidiy majbur bo‘lgan holda ushbu mehmondorchilikda qatnashganida, uning soqoliga ham atir surtmoqchi bo‘ladilar, ammo imom qattiq qarshilik qilib, bunga rozi bo‘lmaydi. Shunda ular atirdan ozginasini uning ulovining dum qismiga surtib qo‘yishadi. Imom bu holatni sezib qolib, qattiq g‘azablanadi va atirning hidi to‘liq ketmaguncha uloviga minmaydi . Aynan shu hodisa Ahmad ibn Muso Kashshiyning (v. 550/1155) “Majmu’ al-havodis van-navozil” asarida ham ba’zi farqlar bilan keltiriladi .
Imom Moturidiyning shogirdlaridan tashqari, e’tiborga molik bo‘lgan yana bir guruh uning do‘stlaridir. Ulardan biri Mansur Hallojning xalifasi Abul Qosim Foris ibn Iso Bag‘dodiy Dinavariydir (vaf. 342/953). Rivoyatlarga ko‘ra, Imom Moturidiy va Foris ibn Iso vafotlariga qadar o‘rtalaridagi mustahkam do‘stlikni saqlab qolganlar . Malom(at)iya tariqati ichida zikr qilinuvchi va Halloj Mansur kabi tasavvuf tarixidagi eng bahsli va taniqli shaxsning xalifasi, ayni paytda Kaloboziyning (vaf. 380/990)  ustozi bo‘lgan bir olim bilan Imom Moturidiyning yaqin do‘stligi uning hayotidagi tasavvufiy sohaning ochiq dalillaridir. Umuman, imomning yaqin atrofida Foris ibn Iso va Hakim Samarqandiy kabi so‘fiylar bo‘lgani e’tiroz qilib bo‘lmaydigan faktlardir.
Abul Yusr Pazdaviyning “Usulu-d-din” asarida imomning karomat sohibi bo‘lganiga ishora qilingani haqida aytgan edik. Shuningdek, Pazdaviy “Ma’rifat al-hujaj ash-shar’iyya” deb nomlangan boshqa bir asarida ham imomnining nomini zikr qilar ekan, uni “zohid” deb ataydi . Pazdaviy Imom Moturidiy haqidagi eng ishonchli manbalardan biri hisoblanadi. Buning sababi faqat uning katta bobosi imomning shogirdlari orasida bo‘lganligi emas. Aksincha, uning o‘zi ham Dorul-Juzjoniya ilmiy an’anasining davomchisi bo‘lib, u yerda dars bergan va hadis rivoyat qilgan . Shu tariqa, madrasa tarixi va ulamolari haqidagi eng yaqin ma’lumotlarni turli manbalardan o‘rgangan. Abul Muin Nasafiy ham Pazdaviy kabi imomning zohid va karomat sohibi olim bo‘lganini ta’kidlagan ilk davr ulamolaridan biridir . Imomning karomatlariga qaratilgan bu urg‘ular uni tasavvufiy shaxsiyat sifatida taqdim etish niyatidan kelib chiqqan, degan zamonaviy da’vo bizningcha butunlay noto‘g‘ri. Buning xatoligini tushunish uchun e’tibor qaratish lozim bo‘lgan eng muhim jihat shundaki, biz zikr qilgan ilk davr olimlaridan deyarli hech biri mutasavvif sifatida tanilmagan, tasavvuf tabaqalarida tilga olinmagan olimlardir. O‘zlari mutasavvif bo‘lmagan bu olimlar imomni so‘fiy sifatida taqdim qilish istagida bo‘lgan, deb o‘ylash asossiz va mantiqsizdir.
Abu Bakr Hosiriyning “al-Hoviy” nomli asarida zikr etilgan holat imomning zohidligiga doir jonli bir namunadir. Hosiriy Abu Bakr ibn Ismoil Samarqandiy, Abul Hasan Farro, Abu Mansur Moturidiy va Abu Nasr ibn Ibrohim kabi olimlar solih faqihlardan bo‘lgani, ular juma namoziga uylaridan chiqqanlarida zarurat bo‘lmasa, masjidga piyoda borishgani, hech qanaqa maxsus kiyimlar kiymay, oddiy odamlar kabi xalq orasida yurishni afzal ko‘rishganini aytadi .
Najmiddin Umar Nasafiy “al-Qand” asarida Imom Moturidiy Xizr alayhissalomni ko‘rgani haqidagi hikoyani keltiradi. Bu hikoyaga ko‘ra, Imom Abu Mansur Xizr alayhissalomni ko‘rib, undan duo so‘ragan, Xizr alayhissalomning duosi ortidan imom hikmat ilmiga voqif bo‘lgan va bid’atchi mazhab tarafdorlarini mag‘lub qilgan. So‘nmaz Qutlu buni Bartolddan iqtibos keltirib, rivoyat “turklar orasidagi Xizr bilan bog‘liq kultlardan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin"ligini aytadi . Lekin biz Xizr alayhissalomga bo‘lgan ishonch faqat turklarda emas, balki barcha musulmonlarda mavjud ekani va uni "kult" deb atash noto‘g‘ri ekanligini qayd etamiz . Biroq, Imom Moturidiyning Xizr (a.s.) bilan ko‘rishganiga doir yagona naql bu emas, bir-biriga guvohlik beruvchi va shu tariqa manbaning ishonchliligini orttiruvchi boshqa xabarlar ham bor. Imom Moturidiyning Xizr (a.s.) bilan jami uch marta ko‘rishgani aytiladi .
Xizr alayhissalomdan duo so‘rash va uning duosi orqali hikmat ilmiga voqif bo‘lish haqidagi qisqacha rivoyatni imom haqidagi boshqa bir rivoyat yana ham to‘ldiradi. Bu rivoyatga ko‘ra, Xizr alayhissalom imomga o‘zi ham o‘qiydigan hojat namozini o‘rgatgan va imom ham bu namozni o‘qigan . Demak, Xizr alayhissalomdan olingan yordam aynan ushbu hojat namozini o‘rganish va imomning bu namozni hojati ravo bo‘lishi niyatida o‘qishi orqali sodir bo‘lgan. Nasafiy imomni "qudvat al-fariqayn" deb ham atagan, bu esa uning zohiriy va botiniy ilmlar sohibi bo‘lgan olim sifatida tan olinganini ko‘rsatuvchi yana bir dalildir .
Keyingi davrda yashagan moturidiy mutakallimlaridan biri Sa’diddin Taftazoniy Imom Navaviyning (vaf. 676/1277) “al-Arbain” asariga yozgan sharhida Imom Abu Mansurning bir karomatini zikr qiladi. Unga ko‘ra, o‘sha davrdagi amir Samarqand ahlidan yangi va yuqori miqdorda soliq to‘plash haqida qaror chiqarib, bu qarorni yetkazish uchun shaharga o‘z elchisini yuboradi. Elchi shahar peshvolarini yig‘ib, amirning soliq to‘g‘risidagi talabini o‘qib eshittiradi. Soliq oshishini eshitgan Imom Moturidiy bu qarorni zulm deb hisoblaydi. Elchiga: “Amirning irodasini bizga yetkazding, endi bizning irodamizni unga yetkaz”, deb shuni qo‘shimcha qiladi: “U bizga nisbatan zulmini kuchaytirdi, biz ham tundagi badduolarimizni ko‘paytirmiz.” Shundan so‘ng aholi tarqaladi va oradan bir necha kun o‘tib, amirning o‘ldirilgani ma’lum bo‘ladi . Diqqat qilinadigan bo‘lsa, bu rivoyat Rustufag‘niyning ustozi haqidagi “duosi maqbul zot” degan ta’rifiga to‘liq mos tushadi.
Ba’zi manbalarda Imom Moturidiyning kalomiy masalalarni tasavvuf nuqtayi nazaridan izohlagani haqida ma’lumotlar uchraydi. Ushbu ma’lumotlardan biri Ato ibn Ali Juzjoniyning (vaf. 687/1288 yildan avval) “al-Fiqh al-akbar” asariga yozgan sharhida keltirilgan. Unda “Alloh osmonlar va yerning nuridir. Nurining misoli xuddi bir tokcha, uning ichiga chiroq qo‘yilgan, chiroq esa shisha ichida, shisha esa go‘yo durdan bo‘lgan bir yulduz bo‘lib, sharqiy ham, g‘arbiy ham bo‘lmagan muborak zaytun daraxtidan yoqiladir. Uning moyi o‘ziga olov tegmasa ham, yoritib yuboray deydir. (Bu) nur ustiga nurdir. Alloh xohlagan odamni O‘z nuriga hidoyat qilur. Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani biluvchidir”  ma’nosidagi oyatga taalluqli holda keltirilgan naqlga ko‘ra, Imom Moturidiy iymon va islom so‘zlarini quyidagicha izohlagan: “Ma’rifatulloh (Allohni tanish) to‘rt darajadan iborat: Birinchi daraja — Haq taoloni hech qanday kayfiyatsiz va o‘xshatishsiz bilishdir. Bu ma’rifat “islom” deyiladi va uning makoni sadrdir. Ikkinchi daraja — uluhiyat bilan tanishdir, bunga “iymon” deyiladi va uning makoni qalb bo‘lib, u sadrning ichidir. Uchinchi daraja — Haq taoloni sifatlari orqali tanish va uning o‘rni fuoddir. To‘rtinchi daraja — tavhid, ya’ni vahdoniyat bilan bilishdir. Uning o‘rni fuodning siri, ichkarisidir. Sirning ham ichkari qismi xafiy deyiladi. Hidoyat nuri o‘sha yerdan chiqadi. Unga hech bir bandaning hech qanday aralashuvi yo‘q…” 
Jamoliddin Ko‘nyaviy mazkur naqlni keltirganidan so‘ng, Imom Moturidiyning iymon nuri qanday qilib barcha a’zolarga tarqalishi haqida yana tasavvufiy ma’nodagi boshqa izohlarini ham keltiradi . Shunday tasavvufiy izohlarni ayni shaklda Abu Nasr Tojiddin Abdulvahhob ibn Ali Subkiyning (vaf. 771/1370) “as-Sayf al-mashhur” asarida ham uchratish mumkin .
Jamol Qarshiyning (vaf. 702/1303 yildan keyin) “Mulhaqot as-suroh” asarida keltirilgan yana bir rivoyat ham yuqoridagi naqllarga muvofiq keladi. Ushbu rivoyatga ko‘ra, Bag‘doddan xalifa Muttaqiyning buyrug‘i bilan fatvo so‘rash uchun Samarqandga bir elchi keladi. Elchi eski kiyimda turgan imomni ko‘rib, uning imom ekaniga ehtimol bermagan holda “Mavlono qayerda?”, deb so‘raydi. Imom unga “Mavlomiz Allohdir”, deb javob qaytaradi. Keyin elchi “Xoja qayerda?”, deb so‘raydi, imom esa “Xoja Mustafodir”, deb javob beradi. Elchi oxirida “Abu Mansur hazratlari qayerda?”, deb so‘raganida, imom “Abu Mansur mana shu faqirdir”, deb javob qaytaradi . Ushbu rivoyat imomning boshqalardan farqli kiyimda yurmagani haqidagi Hosiriyning naqllari bilan ham, uning zohidona hayoti haqidagi boshqa tasvirlar bilan ham to‘liq muvofiqdir.
Melikshah Sezenning “İmam Maturidi: Hayatı, Eserleri ve İlmi Şahsiyeti” kitobidan tarjima

[1] Баъзи мисоллар учун қар. Sönmez Kutlu, "Bilinen ve Bilinmeyen Yönleriyle İmam Mâturîdî", s. 32-34; "İmam Mâtürîdî'nin Sûfîleştirilmesi veya Mutasavvıf Olarak Sunulması Mümkün mü?", İmam Mâtürîdî ve Mâtürîdiyye Geleneği, (ed.) Hülya Alper, İstanbul: İfav, 2018, s. 421-435; Mehmet Kalaycı, Tarihi Süreçte Eşarilik- Maturidilik İlişkisi, s. 222; Yunus Eraslan, Mâtürîdîlik ve Tasavvuf, Ankara: Türkiye Diyanet Vakfı, 2021, s. 87.

[2] Тасаввуф тушунчаси атрофида шаклланган ушбу масалани тўлиқ тушуниш учун "тасаввуфни англаш муаммоси" ҳамда тасаввуфнинг институционаллашмаган даври бўлган "зуҳд даври" ҳақида кенг маълумотга эга бўлиш, шунингдек, ҳанафийлик анъанасини ушбу маълумотлар асосида баҳолаш керак.

[3] Маноқибнома асарларида учрайдиган барча ривоятлар тўлиқ тарихий ҳақиқатдан узоқ, деб баҳоланиши мумкин эмас. Аксинча, бу ривоятларнинг кўпи тарихий воқеликлар билан жиддий даражада мос келади. Бироқ, бундай асарлардаги тил ва услуб баъзан муболағали тус олади, буни ҳам эътиборга олиш керак. Шу сабабли, маноқибнома туркумидаги асарлардан фойдаланишда улардаги тарихий ҳақиқатларга мос келувчи ривоятларни аниқлаш учун синчковлик билан ёндашиш керак. Акс ҳолда, бу каби асарлардаги барча маълумотларни муболаға ёки тўқима деб баҳолаб, уларни рад этиш илмий ва ҳаққоний ёндашув бўлмайди. Қар. Zeki Velidi Togan, Tarihte Usûl, İstanbul: Enderun Kitabevi, 1985, s. 48-49; Ahmet Yaşar Ocak, Kültür Tarihi Kaynağı Olarak Evliya Menâkıbnâmeleri -XV-XII. Yüzyıllar-, İstanbul: Timaş, 5. Baskı, 2016, s. 61-62.

[4] Абул Юср Паздавий. Усул ад-дин. Б. 2-3.

[5] Абул Ҳасан Рустуфағний. Мухтасар Фавоид ар-Рустуфағний. Б. 54.

[6] Насафий. ал-Қанд. Б. 293; Кафавий. Катоиб. II/38

[7] Şükrü Özen, Ebu Mansur el-Maturidi’nin Fıkıh Usulünün Yeniden İnşası, s. 26.

[8] Мüstakimzade Süleyman Sadeddin, Menakıb-ı İmam-ı A’zam, s. 135 (27. Dipnot)

[9] Ибн Яҳё Башоғарий. Шарҳ Жумал усул ад-дин ли Аби Салама ас-Самарқандий. Сулаймония кутубхонаси, Шаҳид Али Пошо, №1648/2, вар. 162а

[10] Абу Али Яҳё ибн Али Зандавистий. Равзат ал-уламо ва нузҳат ал-фузало. Сулаймония кутубхонаси, Фотиҳ, №2635, вар. 10b

[11] Аҳмад ибн Мусо Кашший. Мажмуъ ал-ҳаводис ван-навозил. Сулаймония кутубхонаси, Йени Жами, №547, вар. 316b

[12] Abdurrahman Cami, Nefahatü’l-Üns, -Evliya Menkıbeleri-, (çev.) Lamii Çelebi, (haz.) Süleyman Uludağ & Mustafa Kara, İstanbul: Marifet, 1998, s. 298.

[13] Абул Юср Паздавий. Маърифат ал-ҳужаж аш-шаръиййа. (таҳқиқ) Абдулодир ибн Ёсин ал-Хатиб. – Байрут: Муассаса ар-Рисола, 2000. Б. 65.

[14] Заҳабий. Тарих ал-ислом. XXXIV/164.

[15] Абул Муин Насафий. Табсират ал-адилла. I/360, 473.

[16] Ҳосирий. Ал-Ҳовий фил-фатово. Сулаймония кутубхонаси, Ҳакимўғли, №402, вар. 277b.

[17] Sönmez Kutlu, "Bilinen ve Bilinmeyen Yönleriyle İmam Mâturîdî", s. 32-33; Ahmet Yıldırım, "İmam Mâtürîdî Zaviyesinden Tasavvufa Bakış", Mâtürîdî Düşünce ve Mâtürîdîlik Literatürü, (ed. M. Raşit Akpınar, Recep Tuzcu, Aslı Menekşe, İstanbul, 2018, s. 167.

[18] Қуръони Каримда "Хизр қиссаси" сифатида маълум бўлган оятлар учун Қаҳф сураси 60–82 оятларига қаранг. Хизр алайҳиссаломнинг жисмоний ҳаёти тугагани ва у эндиликда жисмонан ҳаётда эмаслиги муҳаддисларнинг кўпчилиги томонидан айтилган. Хизр (а.с.) қиёматгача яшашини хабар берувчи кўплаб ривоятларнинг сохта экани таъкидланган. Бироқ, Хизр (а.с.) билан учрашилгани ҳақидаги ҳар бир ривоят сохта эмас. Чунки бу учрашувлар маънавий оламда, тушда ёки кўриниш бериш шаклида рўй бериши мумкин ва бу ҳолат жоиздир. Шунингдек, Ибн Ҳажар ва Айний каби муҳаддислар Хизр (а.с.) нинг вафот этганига далолат қилувчи ривоятларни таъвил қилиш мумкинлигини айтишган. Шу боис Хизр (а.с.) ҳақидаги ҳар қандай ривоятни инкор этавериш тўғри эмас.

[19] Ulrich Rudolph, Mâturîdî, s. 223.

[20] Ahmed b. Mahmûd el-Hazînî, Cevâhiru'l-Ebrâr min Emvâci'l-Bihâr, İstanbul Üniversitesi Ktp., TY, nr. 3893, vr. 102a.

[21] Насафий. ал-Қанд. Б. 143.

[22] Тафтазоний. Шарҳ ат-Тафтазоний ала-л-аҳодис ал-арбаъин ан-Нававий. – Байрут: Дор ал-кутуб ал-илмиййа, 2013. Б. 156.

[23] Нур сураси, 35-оят.

[24] Ато ибн Али Жузжоний. Шарҳ ал-Фиқҳ ал-акбар, Б. 82-86. Ушбу нақл кейинги даврларда ёзилган қуйидаги манбаларда ҳам айни шаклда учрайди: Муҳаммад ибн Абу Бакр Розий. Ал-Ҳидоя мин ал-эътиқод. Байрут, 2001. Б. 315; Жамолиддин Кўнявий. Ал-Қалоид фи шарҳ ал-ақоид. Кўня вилоят қўлёзмалар кутубхонаси, №220, вар. 68b; Мустақимзода. Тафсир сура ал-Фотиҳа. Б. 70.

[25] Жамолиддин Кўнявий. Ал-Қалоид фи шарҳ ал-ақоид. Кўня вилоят қўлёзмалар кутубхонаси, №220, вар. 70а.

[26] Тожиддин Субкий. ас-Сайф ал-машҳур фи шарҳ ақида Аби Мансур. Истанбул, 2000. Б. 37.

[27] Necdet Tosun, “Maturidiyye ve Tasavvuf İlişkisi”, Tasavvuf İlmi ve Akademik Araştırma Dergisi, 2016. XVII/38, 49-50.