9-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning rektori Shamsiddin Hofiz bilan uchrashdi.

1926-yilda ochilgan ushbu masjid ibodat bilan birga taʼlim, maʼrifat va ijtimoiy yordamni ham oʻzida birlashtirgan yirik markaz sanaladi.
Muloqot davomida delegatsiya aʼzolari masjid va uning tarkibidagi ilmiy-maʼrifiy tuzilmalar faoliyati bilan tanishdilar. Tomonlar islom dinining moʻtadillik va bagʻrikenglik tamoyillarini keng targʻib qilish, buyuk allomalar merosini oʻrganish va imomlar malakasini oshirish yoʻnalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda diniy-maʼrifiy sohada oʻzaro tajriba almashish va mushtarak yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tashrif yakunida masjid kutubxonasiga Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining yangi nashrlari taqdim etildi.
Shuning bilan, Oʻzbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi yakunlandi.
