Yaxshi kishi koʻrmagay yomonliq hargiz

Turfa madaniyat va din vakillari oʼrtasida oʼzaro totuvlik hamda bagʼrikenglik muhitini taʼminlab, Hindiston yarimorolida oʼz davrining eng buyuk markazlashgan davlatlaridan biriga asos solgan boburiylar sulolasi jahon tarixida oʼchmas iz qoldirgan. Bugungi kunda ushbu sulola haqida soʼz ketganda, hindlar boburiylarni ona yurtini bosib olgan bosqinchi emas, balki ichki kurashlar botqogʼiga botib, mayda davlatlarga boʼlinib ketgan, milliy va diniy asosdagi nizolar avj olgan mamlakatni birlashtirib, hind xalqining qudrati va madaniyatini yuksaltirgan sulola sifatida eslaydilar. Jumladan, Hindistonning birinchi bosh vaziri Javoharlaʼl Neru boburiylarning mamlakat madaniy taraqqiyotiga koʼrsatgan ijobiy taʼsiri haqida “Bobur Hindistonga kelganidan keyin katta siljishlar yuz berdi, yangi ragʼbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-biriga tutashib ketdi”, degan iliq fikrlarni bildirgan.
Temuriylar sulolasining yorqin namoyandasi, noziktaʼb shoir, mohir lashkarboshi va yirik siyosiy arbob Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan davlat boshqaruvi avvalboshdan adolat, ijtimoiy-diniy tenglik, ilm-fan va maʼrifat ustiga qurilgan edi. Hukmronlik yillari siyosiy jihatdan tarqoq boʼlgan Hindistonni birlashtirish yoʼlida kechgan suronli kurash va siyosiy voqeliklarga boy boʼlganiga qaramasdan, ilmiy-adabiy faoliyat bilan ham shugʼullanishga vaqt topa olgan Bobur oʼz atrofiga oʼsha davrning koʼzga koʼringan eng ilgʼor olimlari, shoiru adiblari, ulamolari, meʼmorlari hamda sanʼatkorlarini jamlab, ularga homiylik qildi va shu tariqa keyinchalik mamlakat taraqqiyotida muhim rolь oʼynagan muhim ilmiy-madaniy muhit yaratishga muvaffaq boʼldi. Bu esa, garchi umrining katta qismi turli qiyinchiliklar, ziddiyatlar, mashaqqatli safarlar hamda jangu jadallar bilan oʼtganiga qaramasdan, Boburning ilm-fanni sevadigan, sanʼat va adabiyotni teran tushuna oladigan nozik qalb egasi boʼlganini koʼrsatadi. Uning Vatan sogʼinchi hamda boshqa mavzularga oid lirik sheʼrlari, gʼazal va ruboiylarini mutolaa qilgan odam ham bunga amin boʼladi.
Boburning ilmiy-maʼnaviy merosida uning turkiy tilda yozilgan shoh asari “Boburnoma” alohida ajralib turadi. Bobur tilidan goʼzal badiiy uslubda bayon qilingan ushbu asar Movarounnahr va Hindiston tarixiga oid muhim etnografik, geografik va boshqa maʼlumotlarni beruvchi muhim ilmiy-tarixiy manba boʼlishi bilan birga, oʼzbek adabiyotining eng nodir durdonalaridan biri hamdir. XVI asrda fors tiliga tarjima qilinib, Sharq olamida keng shuhrat qozongan “Boburnoma”, XVIII asrga kelib, Gʼarb sharqshunoslarining ham asosiy tadqiqot obʼektlaridan biriga aylandi. Jumladan, gollandiyalik tadqiqotchi Nikolaas Vitsen 1705 yilda birinchilardan boʼlib ushbu asarni golland tiliga tarjima qildi. Shundan keyin “Boburnoma” bir necha marta Yevropa tillariga, jumladan, 1826 yilda ingliz tiliga, 1871 yilda frantsuz tiliga, 1942 yilda rus tiliga hamda 1940 yilda turk tiliga tarjima qilindi. Аsarni oʼrganish yuzasidan hozirgi kunda ham izchil izlanishlar davom ettirilayotganini ham alohida taʼkidlab oʼtish zarur.
Аsarning oʼziga xos xususiyati shundaki, unda muallif tomonidan oʼta ravon va samimiy bayon uslubi tanlangan. Ingliz sharqshunosi Mauntstyuart Elfinston Boburning “Boburnoma” asaridagi badiiy uslubi haqida toʼxtalib, “Uning shaxsiy his-tuygʼulari har qanday mubolagʼadan yoki pardalashdan xoli, uslubi oddiy va mardona, shu bilan birga jonli va ifodali. Oʼz zamondoshlari biografiyasini, ularning qiyofalari, urf-odatlari, intilishlari, qiziqish va anʼanalarini koʼzguda aks etgandek ravshan tasvirlaydi. Bu jihatdan “Boburnoma” Oʼrta Osiyodagi yagona chinakam tarixiy tasvir namunasidir”, deb yozadi. Haqiqatdan ham, oʼzi bilan sodir boʼlgan voqea-hodisalarni tasvirlar ekan, Bobur ularga ulkan bir davlatning hukmdori sifatida emas, balki jarayonlarning oddiy ishtirokchisi sifatida yondashadi. Oʼzini ulugʼlashdan qochib, voqelikka xolis baho berishdan, yoʼl qoʼygan xato va kamchiliklarini ochiq eʼtirof etishdan tortinib oʼtirmaydi. Bu esa Boburning haqiqatdan ham dilbar shaxs boʼlganini yana bir marta tasdiqlaydi.
Bobur oʼzbek adabiyoti rivojiga, xususan, uning jahonga tanilishiga bebaho hissa qoʼshgan. Shu bilan birga, u islom fiqhi va boshqa sohalarga oid asarlar ham yozgan. Jumladan, uning 1522 yilda oʼgʼli Humoyunga atab yozgan “Mubayyin” nomli asarida shariatga koʼra soliq yigʼish tartib-qoidalari va miqdorlari nazmiy uslubda bayon etilgan. Bundan maʼlum boʼladiki, Bobur islom ilmlari, xususan, fiqh va tasavvuf ilmlaridan ham yaxshi xabardor boʼlgan. Bobur va boburiylarning saʼy-harakatlari natijasida Hindiston musulmonlari orasida hanafiy-moturidiylik taʼlimoti keng quloch yozdi. Mamlakatdagi madrasalarning taʼlim tizimiga movarounnahrlik allomalardan Burhoniddin Margʼinoniyning “Hidoya”, Аbul Yusr Pazdaviyning “Usul ad-din”, Аbul Barakot Nasafiyning “al-Manor”, Ubaydulloh ibn Masʼudning “Sharh al-viqoya” asarlari asosiy darslik sifatida kiritildi. Boburiylar tomonidan tamal toshi qoʼyilgan ushbu bogʼ bugungi kunda ham oʼz mevasini berib, Hindiston diyori musulmon olamiga yetuk hanafiy olimlarni yetishtirib bermoqda.
Bugungi kunda yurtimizda Bobur siymosiga munosib ehtirom koʼrsatib, uning hayoti va ilmiy-adabiy merosini chuqur oʼrganish, uni jamoatchilikka keng targʼib qilish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash toʼgʼrisida”gi PQ-20-sonli qarori asosida bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Boburning yoshlik davriga bagʼishlangan “Yoʼlbarsning tugʼilishi” badiiy filьmi ekran yuzini koʼrdi, uning hayoti va ijodiga doir oʼzbek, rus va ingliz tillaridagi “Bobur entsiklopediyasi”ning toʼldirilgan uchinchi nashri, “Bobur” kitob-alьbomi, Bobur asarlari lugʼati, Bobur devonining mukammal nashri chop etildi.
Bobur hayotiga nazar soladigan boʼlsak, uning doimo atrofdagilarga yaxshilik ulashgani, davlat boshqaruvida adolat tamoyillariga qatʼiy amal qilgani, oʼzidan faqat yaxshi nom qoldirganiga guvoh boʼlamiz. Uning ruboiylaridan birida “Yaxshi kishi koʼrmagay yomonliq hargiz” deb oʼrinli taʼkidlanganidek, bugungi kunda butun dunyo ahli uning yaxshiliklariga javoban, unga nisbatan alohida hurmat-ehtirom bilan munosabatda boʼladi, uning gʼazal va ruboiylari zavq bilan sevib mutolaa qilinadi, asarlari jahonning turli tillariga qayta-qayta tarjima qilinadi, unga atab badiiy asarlar, ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi.
Аziz Tajiev
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy kotibi