📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

YANGI O‘ZBEKISTONDA E’TIQOD ERKINLIGI VA ILMIY RENESSANS

O‘zbekiston zamini azaldan turli madaniyatlar va dinlar tutashgan chorraha, buyuk sivilizatsiyalar beshigi bo‘lib kelgan. Xalqimiz qon-qoniga singib ketgan bag‘rikenglik, o‘zgalar fikriga hurmat va ilm-ma’rifatga intilish bugungi Yangi O‘zbekiston siyosatining o‘zagini tashkil etadi. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar diniy qadriyatlarimizni tiklash, vijdon erkinligini ta’minlash va buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosini dunyoga tanitishni yangi bosqichga olib chiqdi. Bu jarayonlar shunchaki ijtimoiy tashabbus emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan mustahkamlangan huquqiy poydevorga egadir.

Demokratik jamiyatning eng muhim belgilaridan biri bu – insonning ruhiy va ma’naviy olami daxlsizligidir. Bosh qomusimiz bu borada xalqaro standartlarga to‘la mos keluvchi normalarni o‘zida jamlagan.

Konstitutsiyamizning 33-moddasida belgilangan “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega” degan norma fuqarolarning nafaqat o‘z qarashlariga ega bo‘lishini, balki uni ochiq bayon eta olishini kafolatlaydi. Bu ilmiy tadqiqotlar erkinligi va diniy manbalarni o‘rganishda muhim omil hisoblanadi.

Shuningdek, 35-modda jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikning garovi bo‘lmish vijdon erkinligini ta’minlaydi: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Ushbu moddaning ahamiyati shundaki, u jamiyatda diniy mutaassiblikka ham, radikal ateistik bosimga ham yo‘l qo‘ymaydi. Har bir fuqaro o‘z e’tiqodini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lib, bu turli konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinch-totuvlik muhitini yaratadi.

Dunyoviy davlatda din va davlat munosabatlari xassos va muhim masaladir. O‘zbekiston modelida bu munosabatlar konstruktiv hamkorlik va qonun ustuvorligi asosiga qurilgan. Konstitutsiyaning 75-moddasi bu balansni aniq belgilab beradi: “Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi. Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi”.

Bu shuni anglatadiki, davlat diniy tashkilotlarning ichki ishlariga, ibodat tartib-qoidalariga aralashmaydi, aksincha, ularning emin-erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asos yaratadi. Natijada, bugungi kunda yurtimizda masjidlar, cherkovlar va boshqa ibodatxonalar o‘z faoliyatini erkin amalga oshirmoqda, fuqarolarimiz ibodatlarini xotirjam ado etmoqdalar.

Qonuniy erkinliklar amaliy islohotlar bilan hamohangdir. Yurtimizda «Jaholatga qarshi – ma’rifat» g‘oyasi asosida diniy ta’lim tizimi takomillashtirildi. Bugun O‘zbekistonda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi kabi nufuzli oliy diniy ta’lim muassasalari bilan bir qatorda, diniy va dunyoviy ilmlarni uyg‘unlashtirgan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat yuritmoqda.

Ayniqsa, xalqaro miqyosdagi ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi Uchinchi Renessans poydevorini qurishda strategik qadam bo‘ldi. Samarqandda Imom Buxoriy, Toshkent shahrida Imom Moturidiy, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak baholandi.

Toshkentda barpo etilgan muazzam Islom sivilizatsiyasi markazi esa ayniqsa e’tiborga loyiqdir. Bu markaz nafaqat muzey, balki islom olamining buyuk mutafakkirlari, ularning aniq va tabiiy fanlar rivojiga qo‘shgan hissasini o‘rganuvchi global platformaga aylanmoqda.

Bizning zaminimizda minglab nodir qo‘lyozmalar saqlanib qolgan bo‘lib, ular hali to‘liq o‘rganilmagan xazinadir. Bu boylikni asrash va tadqiq etish masalasi Konstitutsiyaning 61-moddasida qat’iy belgilab qo‘yilgan: “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.

Mazkur modda ijrosini ta’minlash maqsadida, yuqorida nomlari zikr etilgan markazlarda, xususan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Olimlarimiz dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan, ajdodlarimiz qalamiga mansub nodir asarlarning fotonusxalarini olib kelib, ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlamoqdalar. Jumladan, Markaz ilmiy xodimlari tomonidan buyuk allomalarimiz Imom Moturidiyning «Kitob at-Tavhid» (Allohning yagonaligiga oid asar) va «Risola fit-tavhid» (Allohning yagonaligiga oid risola) asarlari, Abul Husayn Bashog‘ariyning «Ismat al-anbiyo» (Payg‘ambarlarning gunohdan pokligi) asari nodir qo‘lyozmalar asosida zamonaviy nashri chop etildi. Bu jarayon shunchaki tarjima emas, balki asarning asl mohiyatini, muallifning haqiqiy g‘oyasini buzmasdan dunyo olimlariga yetkazishdir. Chunki moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganish bugungi kunda yoshlarni turli yot g‘oyalardan himoya qilishda, islom dinining mo‘tadil va bag‘rikeng mohiyatini tushuntirishda beqiyos ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda diniy erkinlik amalda ta’minlanmoqda. Konstitutsiyamizdagi qoidalar hayotimizga kirib, ilm-fan va diniy qadriyatlarimizni rivojlantirishga imkon bermoqda. Ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish va yoshlarga yetkazish bo‘yicha qilinayotgan bu ishlar, albatta, xalqimiz ma’naviyatini boyitib, O‘zbekistonning dunyodagi obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.  

Ixtiyor Abduraxmonov
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi