Yangi O‘zbekistonda ajdodlar merosining xalqaro e’tirofi

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bu borada buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish bo‘yicha tizimli tadqiqotlar olib borish, allomalarimizning ibratli hayot yo‘li, insoniyat tamadduni rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini mahalliy va xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilish, shuningdek, islom dinining tinchliksevar hamda insonparvarlik mohiyatini ochib berish, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Bahouddin Naqshband nomli ilmiy-tadqiqot markazi kabi ilmiy muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim.
Bugungi kunda yurtimiz allomalarining yuksak gumanistik g‘oyalarga asoslangan ta’limotlari, ilm-fan rivojida muhim o‘rin tutgan ulkan kashfiyot va ixtirolarining jamiyat taraqqiyotidagi tarixiy roli hamda bugungi kundagi zamonaviy ahamiyati dunyo jamoatchiligi tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Xususan, buyuk mutafakkir ajdodimiz, moturidiylik ta’limoti asoschisi Imom Ab-u Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida yirik tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu borada ajdodlar merosi asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berishga qaratilgan 100 dan ortiq kitob nashr qilinganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Shuningdek, Imom Moturidiy qalamiga mansub “Kitob at-tavhid” asarining ilmiy-tanqidiy matni hamda o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasi, “Ta’vilot al-Qur’on” asarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasining 20 ta juzi, “Moturidiylik ta’limoti ensiklopediyasi”, “Buyuk ajdodlarimiz” rukni ostidagi xalqchil risolalar va boshqa kitoblar nashr qilindi.
Markaz tomonidan xorijlik hamkor tashkilotlar bilan dolzarb masalalarga bag‘ishlab xalqaro anjumanlar o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro simpozium har yili muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Yangi O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani Davlatimiz Rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida alloma nomining alohida tilga olinishida ham o‘z ifodasini topdi. Haqiqatdan ham, so‘nggi yillarda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilishni rag‘batlantirish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-68-son Farmoni bilan Markaz nufuzi oshirilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazildi.
Mazkur Farmon bilan Markazga ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish kabi muhim vazifalar yuklanib, Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish belgilandi.
Shuningdek, 2025-yilda Imom Moturidiy majmuasida keng ko‘lamli qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Majmuada Imom Moturidiy innovatsion muzeyini tashkil etish vazifasi ham belgilangan bo‘lib, hozirda Markaz xodimlari mazkur muzey konsepsiyasini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdalar.
Imom Ab-u Mansur Moturidiy mo‘tadillik va bag‘rikenglikka asoslangan alohida maktabni tashkil etdi. Bu maktab e’tiqod masalalarini isbotlash hamda turli adashgan oqimlarning shubhalariga raddiya berishda naqlga (Qur’on va hadis) tayanish bilan birgalikda ratsional hujjatlardan keng foydalandi.
Buning natijasida Imom Moturidiy to‘g‘ri yo‘ldan adashgan toifalarga qarshi raddiya berishning samarali usullarini ishlab chiqib, shu asosda sunniylik (ahli sunna val jamoa)ning umumiy pozitsiyasini himoya qildi.
Barchamizga ma’lumki, mamlakatimiz nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarkibida muhim tashabbuslar bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining
72-sessiyasidagi tarixiy nutqlari o‘z mazmun-mohiyati va xalqaro hamjamiyat uchun ahamiyati jihatidan aksariyat davlatlarning e’tiborini tortdi.
Unda O‘zbekiston Rahbari bag‘rikenglik, birdamlikni mustahkamlash masalalariga ham alohida to‘xtalib, bu borada BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Buning natijasida 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo 100 dan oshiq davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ana shunday tashabbuslarning mantiqiy davomi sifati 2025-yil
23-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi mamlakatimizning xalqaro maydonda o‘z so‘zi va o‘rniga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Unda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik bo‘lgan dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, ularning yechimlari bo‘yicha global taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Haqiqatdan ham hozirgi vaqtda radikalizm, ekstremizm va terrorizm tahdidlari nafaqat muayyan davlat yoki mintaqa, balki butun dunyo oldida turgan dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Ayni vaqtda din niqobidagi ekstremistik va terrorchi tashkilotlar tomonidan yoshlarni zo‘ravonlikka undash yo‘li bilan jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, radikal qarashlarni tarqatishga urinish holatlari sezilarli darajada ortib bormoqda.
Yangi O‘zbekistonda “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu g‘oyasi asosida jamiyatda radikalizm va ekstremizm mafkurasi tarqalishining oldini olish, yoshlarni turli oqimlar ta’siridan asrab-avaylash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev nufuzli tashkilot minbaridan turib so‘zlagan nutqida islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va uni dunyoga targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
“Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkazish niyatidamiz”, degan gaplari barchamizga g‘urur bag‘ishladi.
Shuni alohida e’tirof etish kerakki, BMT minbaridan turib islom dunyosiga mashhur bo‘lgan ikki muhaddis ajdodimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda e’tiqod sofligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shgan Imom Moturidiy haqida gapirish bu – katta matonat va irodadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ushbu takliflari mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari uchun yuksak sharaf bo‘lish bilan birga, mazkur allomalarning yuksak taqdimotlarini o‘tkazishga munosib tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish nuqtayi nazaridan ulkan mas’uliyat ham yuklaydi.
Komiljon Shermuxamedov,
Imom Moturidiy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi direktori