📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Tenglik sari qadam: Yangi O‘zbekiston konstitutsiyasida ayollar huquqi

Xalqimiz azaldan ayolni oila parvonasi, millat tarbiyachisi va jamiyat ma’naviyatining ustuni sifatida ardoqlab kelgan. “Onasini e’zozlagan el el bo‘ladi”, deyishgan ajdodlarimiz. Darhaqiqat, tarixga nazar tashlasak, To‘marisning jasorati, Bibixonimning davlatdorlik va bunyodkorlik qobiliyati, Nodirabegimning ijodiy merosi xalqimizning ayolga bo‘lgan yuksak munosabatini namoyon etadi.

Islom ta’limotida ham ayolga nisbatan ehtirom — insoniylik mezoni. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Jannat onalar oyog‘i ostidadir” deganlari ayol qadrining eng yuksak ifodasidir. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarda esa: “Sizning eng yaxshingiz – ayoliga yaxshilik qilganingizdir”, deyiladi. Bu o‘gitlar xalqning maishiy munosabatlaridan tortib ijtimoiy me’yorlarigacha singib ketgan.

Yangi O‘zbekistonning Asosiy qonuni ana shu tarixiy va ma’naviy ildizlarga tayangan holda, zamonaviy huquqiy me’yorlarni o‘zida mujassam etmoqda.

2023-yilda umumxalq referendumi natijasida qabul qilingan O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashda milliy an’analarimiz va umuminsoniy qadriyatlarning o‘zaro uyg‘unligini namoyon etadi. Zero, ayolning jamiyatdagi mavqei mustahkam bo‘lishi nafaqat oila, balki butun mamlakat hayotining barqarorligi va ma’naviy qiyofasini yuksaltiradi.

Shu bois, Bosh qomusimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning qadr-qimmatini ulug‘lash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Chunonchi, Konstitutsiyaning 19-moddasida insonlarning jinsidan qat’i bir xil huquq va erkinliklarga ega ekanligi, qonun oldida tengligi qat’iy muhrlab qo‘yilgan. Bu modda ayollarni har qanday kamsitishlardan himoya qilib, ularga erkaklar bilan bab-baravar jamiyat rivojiga hissa qo‘shish imkonini beradi.

Ayollarni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash xalqimizga xos g‘amxo‘rlikning amaliy ko‘rinishidir. Yangi Konstitutsiyaning 42-moddasi ayollarning mehnat qilish huquqini himoyalashga qaratilgan bo‘lib, homiladorlik yoki farzand tarbiyasi sababli ularni ishga qabul qilmaslik yoki ishdan bo‘shatish kabi adolatsizliklarga chek qo‘yadi. Bu norma onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayolning oiladagi vazifalari bilan jamiyatdagi faolligini uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 58-moddasi davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning faol ishtiroki uchun keng yo‘l ochadi. Bugungi kunda ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik va davlat xizmatida xotin-qizlarimizning o‘rni ortib borayotgani, ularning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi yuksalayotgani buning yorqin dalilidir.

Mamlakatimizda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolati to‘g‘risida”gi qonun (2019-yil) ham ayollarning jamiyatdagi mavqeini huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiluvchi asosiy hujjatlardan biridir. Davlat tomonidan “Ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazlari”ning tashkil etilishi esa xotin-qizlarga ko‘mak berish, ularni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishda amaliy qadam bo‘ldi.

Yangi O‘zbekistonda ayollarga qaratilayotgan e’tibor nafaqat qonunlarda, balki hayotiy raqamlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Bugungi kunda xotin-qizlarimiz davlat boshqaruvi, tadbirkorlik va ilm-fan sohalarida faol ishtirok etmoqdalar.

Xususan, so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida:

  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning
    32 foizini ayollar tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston mintaqadagi yetakchi davlatlar qatoridan joy oldi va jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori natijani qayd etdi;
  • davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlarning ulushi 33 foizga yetdi. Bu Konstitutsiyaning 58-moddasida belgilangan davlat boshqaruvida teng ishtirok etish huquqining amaliy isbotidir;
  • oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar orasida qizlarning ulushi qariyb 49-50 foizni tashkil qilmoqda. E’tiborli jihati, magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan qoplab berilayotgani ilm yo‘lidagi minglab opa-singillarimizga katta rag‘bat bo‘ldi;
  • iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning salkam 40 foizi xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Afsuski, shunga qaramay, ayrim hollarda diniy tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilish yoki eskicha qarashlar tufayli ayollarning ilm olish va kasb egallash imkoniyatlari cheklanishi holatlari uchrab turadi. Vaholanki, ilm-ma’rifatga intilish dinimizda ham farz, ham qarz hisoblanadi. Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir, deya qat’iy ta’kidlaganlar. Ulamolarimiz ushbu hadisdagi “musulmon” so‘zi umumiy ma’noda kelgan bo‘lib, u erkaklarga ham, ayollarga ham birdek tegishli ekanini bayon qilganlar. Shu bois, ayollarning huquqlarini ta’minlash nafaqat qonuniy, balki diniy-ma’rifiy jihatdan ham muhim vazifa sifatida qaralmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda tarixiy ahamiyatga ega hujjatdir. Unda belgilangan normalar xalqaro andozalarning ko‘r-ko‘rona ko‘chirmasi emas, balki ayollarga bo‘lgan hurmat va ehtiromning huquqiy tildagi ifodasidir.

Ayol huquqlarini ta’minlash – bu oilalarning farovonligi, farzandlarning barkamol tarbiyasi va jamiyatning ma’naviy yuksalishi demakdir. Zero, ayol qadrlangan yurtda tinchlik, baraka va taraqqiyot barqaror bo‘ladi. Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz aynan shu ezgu maqsadga – xotin-qizlarimizning baxtli hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.

Madina Jo‘rayeva 
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi