📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Sof e’tiqod dushmanlari

Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.

Najmiddin Kubro 1145-yilda Xiva shahrida dunyoga kelgan. Uning “Najmiddin”, “Kubro”, “Abul Jannob”, “Valiytarosh” kabi laqab, unvon va kunyalari bor. Farididdin Attor avliyolar haqida gapirar ekan, ularning bir necha toifaga bo‘linishini zikr etgan. Jumladan, ma’rifat ahli, muomalot ahli, muhabbat ahli, tavhid ahli, miskin faqirlar ahli va boshqalar. Ammo shunday shayxlar borki, ularda sanab o‘tilgan toifalarning bir qanchasining sifatlari jamlangan bo‘ladi. Shayx Najmiddin Kubro ham shunday insonlar sirasiga kiradigan murshid hisoblanadi.

Ahmad yoshligidan ilmga qiziqqan qobiliyatli inson bo‘lgan. U shariat ilmlarini puxta egallab, yigitlik pallasida tengqurlari bilan bo‘lgan barcha bahslarda hamisha g‘olib chiqqani uchun uni “Tammatul-Kubro” deya atashgan. Keyinchalik “Kubro” so‘zi laqab bo‘lib qolgan. Buning yoniga “Najmiddin” – “dinning yulduzi” degan martaba-unvon qo‘shilib, Ahmad ibn Umar shundan keyin Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur bo‘lib ketadi. “Abul Jannob” so‘zi esa Najmiddin Kubroning kunyasi bo‘lib, mazkur so‘zning ma’nosi dunyodan parhez qilgan taqvodorning otasi degan ma’noni anglatadi. Boshqacha aytganda, shayxning taqvo va tavba posboni ekanligiga ishora. Abdurahmon Jomiyning yozishicha, Najmiddin Kubro Iskandariya shahrida muhaddis ulamolardan hadis ilmini o‘rganib qaytayotganida, yo‘lda bir kecha hazrati Payg‘ambar (s.a.v.)ni tushida ko‘radi va ul zotga murojaat qilib: “Menga kunya bag‘ishlang”, deydi. Rasululloh (s.a.v.) Najmiddinga: “Sening kunyang Abul Jannob – dunyodan ijtinob qilib (chetlanib), parhez etuvchi bo‘ladi”, deya marhamat qiladilar.