Anqara Yildirim Boyazid universitetida uchrashuv
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillarining Turkiyaga safari doirasida Anqara Yildirim Boyazid universiteti (AYBÜ) Ilohiyot fakultetida uchrashuv oʻtkazildi.
Unda AYBÜ Ilohiyot fakulteti dekani prof. dr. Nuri Adiguzel, fakultet professori Ahmet Yildirim hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov, Markaz boʻlim boshligʻi Oybek Sotvoldiyev, Markazning Turkiyadagi maxsus vakili Abdumalik Toʻychiboyev qatnashdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar muhokama qilinib, 2026-2027-yillarga moʻljallangan qoʻshma yoʻl xaritasini imzolash boʻyicha kelishuvga erishildi.
Yoʻl xaritasiga oʻzaro hamkorlikda moturidiylik boʻyicha simpozium va konferensiyalar oʻtkazish, universitet professor-oʻqituvchilarini Imom Moturidiy xalqaro stipendiyasiga jalb etish, shuningdek, universitetning Ilohiyot fakultetida Oʻzbekistondagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xonasini tashkil etish kabi masalalarni kiritish belgilab olindi.
