Xalqaro hamkorlik

Anqara Yildirim Boyazid universitetida uchrashuv
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillarining Turkiyaga safari doirasida Anqara Yildirim Boyazid universiteti (AYBÜ) Ilohiyot fakultetida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda AYBÜ Ilohiyot fakulteti dekani prof. dr. Nuri Adiguzel, fakultet professori Ahmet Yildirim hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov, Markaz bo‘lim boshlig‘i Oybek Sotvoldiyev, Markazning Turkiyadagi maxsus vakili Abdumalik To‘ychiboyev qatnashdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar muhokama qilinib, 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma yo‘l xaritasini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yo‘l xaritasiga o‘zaro hamkorlikda moturidiylik bo‘yicha simpozium va konferensiyalar o‘tkazish, universitet professor-o‘qituvchilarini Imom Moturidiy xalqaro stipendiyasiga jalb etish, shuningdek, universitetning Ilohiyot fakultetida O‘zbekistondagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xonasini tashkil etish kabi masalalarni kiritish belgilab olindi.