Популярные статьи

Istiqlol timsoli – madhiya

Har bir insonga Yaratgan tomonidan ato qilingan ulugʻ neʼmatlardan biri bu – oʻz yeri, makoni, Vataniga ega boʻlib, shu joyda erkin hayot…

Эта страница пока доступна только на узбекском языке.

Har bir insonga Yaratgan tomonidan ato qilingan ulugʻ neʼmatlardan biri bu – oʻz yeri, makoni, Vataniga ega boʻlib, shu joyda erkin hayot kechirish, tinchlikda yashash hisoblanadi. Oʻz Vatanida inson omonlikni his qiladi, xotirjamlik va kamolotga erishadi. Shu sababli, dinimizda har bir musulmon uchun Vatanni sevish, uni ardoqlash va himoya qilish shart qilingan. Bu borada Paygʻambarimiz (s.a.v) tomonlaridan musulmon ahliga chiroyli ibrat bor. Chunki, Rasululloh (s.a.v) oʻzlari tavallud topgan Makka shahriga nisbatan mehr-muhabbatlari yuksak boʻlgani borasidagi dalillar yetarli.

Darhaqiqat, Vatanni sevishda uning timsollari boʻlgan bayroq, gerb va madhiyani ardoqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, madhiya inson qalbida oʻz Vataniga muhabbat va sadoqat, milliy gʻurur, oʻziga xos faxr va iftixor tuygʻularini uygʻotadi. Bu milliy timsolda xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagi tarannum qilinadi. Madhiya yangraganda insonda ruhan joʻshqinlik va azmu shijoat yuksaladi, qalbda gʻurur va buyuk istiqbolga ishonch tuygʻusi paydo boʻladi. Madhiya maʼnaviyatning eng muhim timsollaridan biridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Madhiyasi yoshlarda vatanparvarlik, bebaho tarixiy merosni idrok qilish, milliy oʻzlikni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita boʻlib qolmoqda. Madhiyada tarannum etilgan mardona va sharaflarga boy oʻtmishimiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuygʻular esa kelajagimiz poydevori boʻlgan yoshlar uchun muhim dastak boʻladi.

Taʼkidlash lozimki, Prezidentimizning turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chogʻida, Oʻzbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yirik xalqaro anjumanlar, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarida eng baland shohsupaga koʻtarilgan paytida baralla yangraydigan mamlakatimiz madhiyasi 1992 yil 10 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida qabul qilingan edi. Mustaqil Oʻzbekistonda madhiyani qabul qilish jarayoni oʻta muhim voqea sifatida koʻrilgani uchun ekspert komissiyasi tarkibiga ilm-fan namoyondalari, davlat mukofoti sovrindorlari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat va madaniyat arboblari kiritilgan. Ularning fikrlari va xizmatlari oʻlaroq davlat timsoli boʻlgan madhiya ishlab chiqilgan edi.

Bugun madhiyaning 33 yilligini keng nishonlash arafasida ekanmiz uning qabul qilish jarayoniga oʻz hissasini qoʻshgan mutaxassislar jamoasiga chuqur minnatdorchilik izhor qilishimiz lozim boʻladi. Sababi, madhiya timsolida dunyo eʼtirof qilgan mustaqil, suveren davlatning ramzi tushunilgan boʻlib, bugungi mojaro va urushlar alangasi soʻnmayotgan mamlakatlar aholisining qalbida oʻz madhiyalarining dunyo uzra yangrashi goʻyo ushalmas orzu sifatida qolmoqda. Shuning uchun, yurtning eng ulugʻ qoʻshigʻini eʼzozlash, yod olish va baralla kuylash mamlakatda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning muhim burchlaridandir. Mazkur burchni farzandlarimiz tarbiyasiga singdirish ham ota-onalar uchun shart qilingan vazifadir.  

Xulosa oʻrnida aytib oʻtish lozimki, davlat ramzlari, ayniqsa, madhiya ozod va farovon Vatanni bunyod qilish, erkin va baxtiyor hayotni barpo qilish singari gʻoyalar atrofida butun jamiyatni birlashtira oladigan qudratli qurol boʻlib, uni hurmat qilish, eʼtirof etish hamda eʼzozlash orqali tinchlik neʼmatining qadriga yetish mumkin. Neʼmatni qadrlash esa Allohga mahbub boʻlgan ishlardandir.
 

Joʻrayev Ulugʻbek

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Статьи

Читайте также

Все статьи
Популярные статьи

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Популярные статьи

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…