Istiqlol timsoli – madhiya

Har bir insonga Yaratgan tomonidan ato qilingan ulug‘ ne’matlardan biri bu – o‘z yeri, makoni, Vataniga ega bo‘lib, shu joyda erkin hayot kechirish, tinchlikda yashash hisoblanadi. O‘z Vatanida inson omonlikni his qiladi, xotirjamlik va kamolotga erishadi. Shu sababli, dinimizda har bir musulmon uchun Vatanni sevish, uni ardoqlash va himoya qilish shart qilingan. Bu borada Payg‘ambarimiz (s.a.v) tomonlaridan musulmon ahliga chiroyli ibrat bor. Chunki, Rasululloh (s.a.v) o‘zlari tavallud topgan Makka shahriga nisbatan mehr-muhabbatlari yuksak bo‘lgani borasidagi dalillar yetarli.
Darhaqiqat, Vatanni sevishda uning timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyani ardoqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, madhiya inson qalbida o‘z Vataniga muhabbat va sadoqat, milliy g‘urur, o‘ziga xos faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. Bu milliy timsolda xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagi tarannum qilinadi. Madhiya yangraganda insonda ruhan jo‘shqinlik va azmu shijoat yuksaladi, qalbda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Madhiya ma’naviyatning eng muhim timsollaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasi yoshlarda vatanparvarlik, bebaho tarixiy merosni idrok qilish, milliy o‘zlikni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib qolmoqda. Madhiyada tarannum etilgan mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular esa kelajagimiz poydevori bo‘lgan yoshlar uchun muhim dastak bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O‘zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yirik xalqaro anjumanlar, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarida eng baland shohsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangraydigan mamlakatimiz madhiyasi 1992 yil 10 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni asosida qabul qilingan edi. Mustaqil O‘zbekistonda madhiyani qabul qilish jarayoni o‘ta muhim voqea sifatida ko‘rilgani uchun ekspert komissiyasi tarkibiga ilm-fan namoyondalari, davlat mukofoti sovrindorlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at va madaniyat arboblari kiritilgan. Ularning fikrlari va xizmatlari o‘laroq davlat timsoli bo‘lgan madhiya ishlab chiqilgan edi.
Bugun madhiyaning 33 yilligini keng nishonlash arafasida ekanmiz uning qabul qilish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shgan mutaxassislar jamoasiga chuqur minnatdorchilik izhor qilishimiz lozim bo‘ladi. Sababi, madhiya timsolida dunyo e’tirof qilgan mustaqil, suveren davlatning ramzi tushunilgan bo‘lib, bugungi mojaro va urushlar alangasi so‘nmayotgan mamlakatlar aholisining qalbida o‘z madhiyalarining dunyo uzra yangrashi go‘yo ushalmas orzu sifatida qolmoqda. Shuning uchun, yurtning eng ulug‘ qo‘shig‘ini e’zozlash, yod olish va baralla kuylash mamlakatda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning muhim burchlaridandir. Mazkur burchni farzandlarimiz tarbiyasiga singdirish ham ota-onalar uchun shart qilingan vazifadir.
Xulosa o‘rnida aytib o‘tish lozimki, davlat ramzlari, ayniqsa, madhiya ozod va farovon Vatanni bunyod qilish, erkin va baxtiyor hayotni barpo qilish singari g‘oyalar atrofida butun jamiyatni birlashtira oladigan qudratli qurol bo‘lib, uni hurmat qilish, e’tirof etish hamda e’zozlash orqali tinchlik ne’matining qadriga yetish mumkin. Ne’matni qadrlash esa Allohga mahbub bo‘lgan ishlardandir.
Jo‘rayev Ulug‘bek
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi