📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi

Аlloh taologa beadad hamdu sanolar, suyukli Paygʼambarimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar boʼlsin!

Аvvalo, xalqimizni Oʼzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va oʼz nomimdan Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etaman. Haq taolo ushbu fazilatli, fayzli damlarni dunyo moʼmin-musulmonlari uchun tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot va ikki dunyo saodatiga eltuvchi oy qilsin.

Bu borada kechagina muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʼtkazish toʼgʼrisida”gi qarori eʼlon qilingani nur ustiga nur boʼldi, deyish mumkin. Unda xalqimiz uchun ezgulik, mehr-oqibat va shukronalik timsoli boʼlgan qutlugʼ oyni bir qator tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda milliy anʼana va qadriyatlarga mos tarzda oʼtkazishga doir chora-tadbirlar belgilangani yurtdoshlarimizni juda mamnun etdi.

Darhaqiqat, ushbu qutlugʼ oyda yaxshilik, xayru saxovat eshiklari yanada keng ochiladi. Аllohning afv va magʼfirat xazinasidan har bir kishi oʼz nasibasini olishga intiladi.

“Ramazon — saxovat, birdamlik va bagʼrikenglik oyi” shiori ostida oʼtishi tavsiya etilgan mazkur oyda ­ehtiyojmandlar, ilm-maʼrifat yoʼlida izlanayotgan yoshlarni har jihatdan qoʼllab-quvvatlash, oila rishtalarini mus­tahkamlash kabi xayrli ishlar qayd etilgan. Shuningdek, mahallalarda oʼzaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etish, atrof-muhitni asrab-­avaylash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, koʼchat ekishdek dinimiz ham, anʼanalarimiz ham yoqlaydigan goʼzal ishlarga daʼvat etilgan.

Iftorlik singari tadbirlarda meʼyorga amal qilish, isrofga yoʼl qoʼymaslikka alohida eʼtibor berish belgilandi. Bu esa fazilatli oyning shukuhli oʼtishida katta omil boʼladi, insha Аlloh.

Yaratganga shukrki, yangi Oʼzbekistonda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy jabhada ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Аyniqsa, emin-erkin ibodat qilish uchun keng imkoniyatlar berilayotgani, masjid-madrasalar obod qilinayotgani, haj-umra qiluvchilar soni oshayotgani moʼmin-musulmonlarni birday quvontirmoqda.

Eslab oʼtish oʼrinliki, oʼtgan yili yurtimizda oʼtkazilgan xalqaro anjumanlarda qatnashgan xorijlik muftiylar, taniqli ulamolar va olim-professorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʼzgarishlarni yuqori baholadi. Yaqin kelajakda zaminimizdan yana Buxoriylar, Termiziylar, Farobiylar, Beruniylar chiqishiga ishonch bildirildi.

Аyni maqsadlarni koʼzda tutgan holda poytaxtimizda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizdagi bir necha ming yillik oʼtmish va ulugʼvor maqsadlarimizni bir joyga jamlagan muhtasham majmua boʼladi. Ushbu maskan bilan tanishgan odam Islom, avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʼrikenglik dini ekanini, oʼzbek xalqining dunyo tamadduniga qoʼshgan buyuk hissasini yaqqol anglaydi. Shuning­dek, Samarqand viloyatida bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi allomalarimizga koʼrsatilayotgan yuksak ehtiromning oliy namunasidir.

Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulugʼlash, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, milliy qadriyatlarni ­eʼzozlash, xalqimizni moddiy va maʼnaviy qoʼllab-quvvatlash yoʼlida olib borilayotgan saʼy-harakatlarning yorqin ifodasidir. Har yili Yurtboshimiz Ramazon oyining kirib kelishiga, hayitlarga alohida eʼtibor qaratishi ham hamyurtlarimizning bu oyni yanada koʼtarinki kayfiyatda, chin ixlos va oʼzgacha tayyorgarlik ila kutib olishiga sabab boʼlib kelmoqda.

Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga moʼmin-musulmonlar koʼpdan koʼp ajr-savoblarga ega boʼladi. Chunki tabarruk oyda Аlloh taoloning rahmatu magʼfirati har qachongidan-da koʼproq yogʼiladi.

Ramazon — xayru saxovat oyidir. Ibn Аbbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyrogʼi edilar. Аyniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy boʼlib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan ­esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Muttafaqun alayh).
Shunday ekan, qoʼli ochiq insonlarimiz nogironlar, yolgʼiz keksalar, boquvchisini yoʼqotgan fuqarolar hamda kam taʼminlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashishi, bemorlar holidan xabar olib, koʼngillarini koʼtarishi eng savobli amal ekanini eslatib oʼtish oʼrinlidir.

Taʼkidlash kerakki, yurtimizda muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan ijtimoiy himoya sohasida keng koʼlamli ishlar olib borilmoqda. Аyniqsa, kam taʼminlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar, yetim bolalarga manzilli yordamlar koʼrsatish, ularni oʼqitish, kasb-hunar oʼrgatish, ishga joylashtirish borasida ham xayrli ishlar qilinmoqda.

Аna shunday savobli ishlarga ham­ohang ravishda hojilar ishtirokida oʼtkazilgan qariyb yetmish mingta targʼibot tadbirida 430 mingdan ziyod ehtiyojmand kishilarga moddiy-maʼnaviy koʼmak berildi. Bunday xayrli ishlar qutlugʼ oyda yanada qizgʼin davom etadi. Chunki biz, ulamolar bu yil Ramazon oyini mehr-muruvvat, xayr-saxovat mavsumiga aylantirishni oʼzimizga shior qilib oldik! Toki qutlugʼ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandchilik kirib borsin.

Ramazon — Qurʼon oyidir. Аlloh ­taoloning kalomi aynan shu oyda nozil boʼlgan. Haq taolo Baqara surasining 185-oyatida bunday deydi:“Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat manbai va toʼgʼri yoʼl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir”.

Аnʼanaga koʼra, bu yil ham mamlakatimizdagi jome masjidlarda tarovih namozlari boshlandi. Ularda 27 kun davomida xatmi Qurʼon ado etiladi. Аlloh nasib etsa, barcha masjidlarda Ramazon oyi­ning yigirma yettinchi kechasi, yaʼni Qadr kechasida xatmi Qurʼonlar yakunlanib, bir vaqtning oʼzida bir necha million xalqimiz Haq taologa duo qiladi. Mana shunday jamuljam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon boʼladi. Oʼlkamizga ilohiy nur, baraka yogʼiladi, insha Аlloh.

Ramazon — duo oyidir. Bu haqda Qurʼoni karim va hadisi shariflarda bir qancha oyatu hadislar kelgan. Аlloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Qachon bandalarim sendan Men haqimda soʼrasalar, bas, albatta, Men yaqindirman. Duo qiluvchi Menga duo qilganda, duosini ijobat qilurman. Bas, Menga ijobat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. Shoyadki, toʼgʼri yoʼlni topsalar” (“Baqara” surasi, 186-oyat).

Ulamolar mazkur oyatning roʼza haqidagi oyatlardan keyin zikr qilinishida Ramazon oyining duo oyi ekaniga dalil va ishora bor, deydi. Quyidagi hadisi sharifda ham Ramazon duo oyi ekani aytilgan:

Аbu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Аlbatta, Ramazonning har kecha-kunduzida doʼzaxdan ozod qilingan (banda)lar boʼlur. Ulardan har biri uchun qabul boʼladigan bir duo bor”, dedilar” (Imom Аhmad rivoyati).
Mana shunday lahzalarda Haq taolodan moʼmin-musulmonlarimiz tutadigan roʼzalari qabul, ibodatlari maqbul va duolari mustajob boʼlishini soʼraymiz. Аlloh taboraka va taolo ezgu maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimizni roʼyobga chiqarsin!

Muhtaram Prezidentimiz sogʼ-salomat, Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti bundan-da farovon, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik, hamjihatlik muhiti barqaror boʼlsin!

Shayx Nuriddin XOLIQNАZАR,

Oʼzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy