Oʻzbekiston zamini azaldan turli madaniyatlar va dinlar tutashgan chorraha, buyuk sivilizatsiyalar beshigi boʻlib kelgan. Xalqimiz qon-qoniga singib ketgan bagʻrikenglik, oʻzgalar fikriga hurmat va ilm-maʼrifatga intilish bugungi Yangi Oʻzbekiston siyosatining oʻzagini tashkil etadi. Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar diniy qadriyatlarimizni tiklash, vijdon erkinligini taʼminlash va buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosini dunyoga tanitishni yangi bosqichga olib chiqdi. Bu jarayonlar shunchaki ijtimoiy tashabbus emas, balki Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan mustahkamlangan huquqiy poydevorga egadir.
Demokratik jamiyatning eng muhim belgilaridan biri bu – insonning ruhiy va maʼnaviy olami daxlsizligidir. Bosh qomusimiz bu borada xalqaro standartlarga toʻla mos keluvchi normalarni oʻzida jamlagan.
Konstitutsiyamizning 33-moddasida belgilangan “Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega” degan norma fuqarolarning nafaqat oʻz qarashlariga ega boʻlishini, balki uni ochiq bayon eta olishini kafolatlaydi. Bu ilmiy tadqiqotlar erkinligi va diniy manbalarni oʻrganishda muhim omil hisoblanadi.
Shuningdek, 35-modda jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy barqarorlikning garovi boʻlmish vijdon erkinligini taʼminlaydi: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi”. Ushbu moddaning ahamiyati shundaki, u jamiyatda diniy mutaassiblikka ham, radikal ateistik bosimga ham yoʻl qoʻymaydi. Har bir fuqaro oʻz eʼtiqodini erkin tanlash huquqiga ega boʻlib, bu turli konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat va tinch-totuvlik muhitini yaratadi.
Dunyoviy davlatda din va davlat munosabatlari xassos va muhim masaladir. Oʻzbekiston modelida bu munosabatlar konstruktiv hamkorlik va qonun ustuvorligi asosiga qurilgan. Konstitutsiyaning 75-moddasi bu balansni aniq belgilab beradi: “Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi. Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat koʻrsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi”.
Bu shuni anglatadiki, davlat diniy tashkilotlarning ichki ishlariga, ibodat tartib-qoidalariga aralashmaydi, aksincha, ularning emin-erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asos yaratadi. Natijada, bugungi kunda yurtimizda masjidlar, cherkovlar va boshqa ibodatxonalar oʻz faoliyatini erkin amalga oshirmoqda, fuqarolarimiz ibodatlarini xotirjam ado etmoqdalar.
Qonuniy erkinliklar amaliy islohotlar bilan hamohangdir. Yurtimizda «Jaholatga qarshi – maʼrifat» gʻoyasi asosida diniy taʼlim tizimi takomillashtirildi. Bugun Oʻzbekistonda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi kabi nufuzli oliy diniy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda, diniy va dunyoviy ilmlarni uygʻunlashtirgan Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat yuritmoqda.
Ayniqsa, xalqaro miqyosdagi ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi Uchinchi Renessans poydevorini qurishda strategik qadam boʻldi. Samarqandda Imom Buxoriy, Toshkent shahrida Imom Moturidiy, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak baholandi.
Toshkentda barpo etilgan muazzam Islom sivilizatsiyasi markazi esa ayniqsa eʼtiborga loyiqdir. Bu markaz nafaqat muzey, balki islom olamining buyuk mutafakkirlari, ularning aniq va tabiiy fanlar rivojiga qoʻshgan hissasini oʻrganuvchi global platformaga aylanmoqda.
Bizning zaminimizda minglab nodir qoʻlyozmalar saqlanib qolgan boʻlib, ular hali toʻliq oʻrganilmagan xazinadir. Bu boylikni asrash va tadqiq etish masalasi Konstitutsiyaning 61-moddasida qatʼiy belgilab qoʻyilgan: “Fuqarolar Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.
Mazkur modda ijrosini taʼminlash maqsadida, yuqorida nomlari zikr etilgan markazlarda, xususan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Olimlarimiz dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan, ajdodlarimiz qalamiga mansub nodir asarlarning fotonusxalarini olib kelib, ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlamoqdalar. Jumladan, Markaz ilmiy xodimlari tomonidan buyuk allomalarimiz Imom Moturidiyning «Kitob at-Tavhid» (Allohning yagonaligiga oid asar) va «Risola fit-tavhid» (Allohning yagonaligiga oid risola) asarlari, Abul Husayn Bashogʻariyning «Ismat al-anbiyo» (Paygʻambarlarning gunohdan pokligi) asari nodir qoʻlyozmalar asosida zamonaviy nashri chop etildi. Bu jarayon shunchaki tarjima emas, balki asarning asl mohiyatini, muallifning haqiqiy gʻoyasini buzmasdan dunyo olimlariga yetkazishdir. Chunki moturidiylik taʼlimotini chuqur oʻrganish bugungi kunda yoshlarni turli yot gʻoyalardan himoya qilishda, islom dinining moʻtadil va bagʻrikeng mohiyatini tushuntirishda beqiyos ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda diniy erkinlik amalda taʼminlanmoqda. Konstitutsiyamizdagi qoidalar hayotimizga kirib, ilm-fan va diniy qadriyatlarimizni rivojlantirishga imkon bermoqda. Ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish va yoshlarga yetkazish boʻyicha qilinayotgan bu ishlar, albatta, xalqimiz maʼnaviyatini boyitib, Oʻzbekistonning dunyodagi obroʻsini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ixtiyor Abduraxmonov
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
