Ommabop maqolalar

Tenglik sari qadam: Yangi Oʻzbekiston konstitutsiyasida ayollar huquqi

Xalqimiz azaldan ayolni oila parvonasi, millat tarbiyachisi va jamiyat maʼnaviyatining ustuni sifatida ardoqlab kelgan. “Onasini eʼzozlagan el – el boʻladi”, deyishgan ajdodlarimiz.…

Xalqimiz azaldan ayolni oila parvonasi, millat tarbiyachisi va jamiyat maʼnaviyatining ustuni sifatida ardoqlab kelgan. “Onasini eʼzozlagan el – el boʻladi”, deyishgan ajdodlarimiz. Darhaqiqat, tarixga nazar tashlasak, Toʻmarisning jasorati, Bibixonimning davlatdorlik va bunyodkorlik qobiliyati, Nodirabegimning ijodiy merosi xalqimizning ayolga boʻlgan yuksak munosabatini namoyon etadi.

Islom taʼlimotida ham ayolga nisbatan ehtirom — insoniylik mezoni. Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Jannat onalar oyogʻi ostidadir” deganlari ayol qadrining eng yuksak ifodasidir. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarda esa: “Sizning eng yaxshingiz – ayoliga yaxshilik qilganingizdir”, deyiladi. Bu oʻgitlar xalqning maishiy munosabatlaridan tortib ijtimoiy meʼyorlarigacha singib ketgan.

Yangi Oʻzbekistonning Asosiy qonuni ana shu tarixiy va maʼnaviy ildizlarga tayangan holda, zamonaviy huquqiy meʼyorlarni oʻzida mujassam etmoqda.

2023-yilda umumxalq referendumi natijasida qabul qilingan Oʻzbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi ayollarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlashda milliy anʼanalarimiz va umuminsoniy qadriyatlarning oʻzaro uygʻunligini namoyon etadi. Zero, ayolning jamiyatdagi mavqei mustahkam boʻlishi nafaqat oila, balki butun mamlakat hayotining barqarorligi va maʼnaviy qiyofasini yuksaltiradi.

Shu bois, Bosh qomusimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning qadr-qimmatini ulugʻlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi. Chunonchi, Konstitutsiyaning 19-moddasida insonlarning jinsidan qatʼi bir xil huquq va erkinliklarga ega ekanligi, qonun oldida tengligi qatʼiy muhrlab qoʻyilgan. Bu modda ayollarni har qanday kamsitishlardan himoya qilib, ularga erkaklar bilan bab-baravar jamiyat rivojiga hissa qoʻshish imkonini beradi.

Ayollarni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash xalqimizga xos gʻamxoʻrlikning amaliy koʻrinishidir. Yangi Konstitutsiyaning 42-moddasi ayollarning mehnat qilish huquqini himoyalashga qaratilgan boʻlib, homiladorlik yoki farzand tarbiyasi sababli ularni ishga qabul qilmaslik yoki ishdan boʻshatish kabi adolatsizliklarga chek qoʻyadi. Bu norma onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayolning oiladagi vazifalari bilan jamiyatdagi faolligini uygʻunlashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 58-moddasi davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning faol ishtiroki uchun keng yoʻl ochadi. Bugungi kunda taʼlim, tibbiyot, tadbirkorlik va davlat xizmatida xotin-qizlarimizning oʻrni ortib borayotgani, ularning mamlakat taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi yuksalayotgani buning yorqin dalilidir.

Mamlakatimizda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolati toʻgʻrisida”gi qonun (2019-yil) ham ayollarning jamiyatdagi mavqeini huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiluvchi asosiy hujjatlardan biridir. Davlat tomonidan “Ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazlari”ning tashkil etilishi esa xotin-qizlarga koʻmak berish, ularni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishda amaliy qadam boʻldi.

Yangi Oʻzbekistonda ayollarga qaratilayotgan eʼtibor nafaqat qonunlarda, balki hayotiy raqamlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Bugungi kunda xotin-qizlarimiz davlat boshqaruvi, tadbirkorlik va ilm-fan sohalarida faol ishtirok etmoqdalar.

Xususan, soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida:

  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning
    32 foizini ayollar tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston mintaqadagi yetakchi davlatlar qatoridan joy oldi va jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori natijani qayd etdi;
  • davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlarning ulushi 33 foizga yetdi. Bu Konstitutsiyaning 58-moddasida belgilangan davlat boshqaruvida teng ishtirok etish huquqining amaliy isbotidir;
  • oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar orasida qizlarning ulushi qariyb 49-50 foizni tashkil qilmoqda. Eʼtiborli jihati, magistraturada oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari davlat tomonidan qoplab berilayotgani ilm yoʻlidagi minglab opa-singillarimizga katta ragʻbat boʻldi;
  • iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning salkam 40 foizi xotin-qizlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bu ayollarning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamdir.

Afsuski, shunga qaramay, ayrim hollarda diniy tushunchalarni notoʻgʻri talqin qilish yoki eskicha qarashlar tufayli ayollarning ilm olish va kasb egallash imkoniyatlari cheklanishi holatlari uchrab turadi. Vaholanki, ilm-maʼrifatga intilish dinimizda ham farz, ham qarz hisoblanadi. Bu borada Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deya qatʼiy taʼkidlaganlar. Ulamolarimiz ushbu hadisdagi “musulmon” soʻzi umumiy maʼnoda kelgan boʻlib, u erkaklarga ham, ayollarga ham birdek tegishli ekanini bayon qilganlar. Shu bois, ayollarning huquqlarini taʼminlash nafaqat qonuniy, balki diniy-maʼrifiy jihatdan ham muhim vazifa sifatida qaralmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda tarixiy ahamiyatga ega hujjatdir. Unda belgilangan normalar xalqaro andozalarning koʻr-koʻrona koʻchirmasi emas, balki ayollarga boʻlgan hurmat va ehtiromning huquqiy tildagi ifodasidir.

Ayol huquqlarini taʼminlash – bu oilalarning farovonligi, farzandlarning barkamol tarbiyasi va jamiyatning maʼnaviy yuksalishi demakdir. Zero, ayol qadrlangan yurtda tinchlik, baraka va taraqqiyot barqaror boʻladi. Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz aynan shu ezgu maqsadga – xotin-qizlarimizning baxtli hayotini taʼminlashga xizmat qiladi.

Madina Joʻrayeva 
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Maqolalar

Yana oʻqing

Barcha maqolalar
Ommabop maqolalar

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Ommabop maqolalar

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…