Insoniyat yaralibdiki, jamoa boʻlib oʻzaro munosabatlarga kirishib yashashga intiladi. Bir oila yoki kichik bir qishloq boʻlsin, odamlar toʻplangan joyda tabiiy ravishda oʻrtadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarga ehtiyoj tugʻiladi. Ushbu qoidalar kuchli tomon zaif tomonga qoʻpollik qilishi, mazlumning haqi poymol boʻlishi kabi jamiyatda parokandalikka sabab boʻluvchi holatlar yuzaga kelmasligini taʼminlaydi.
Bugungi globallashuv davrida dunyo chegaralari kengayib, turli madaniyat va qarashlar qorishib ketgan bir paytda, shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlar hamda insonlarning huquqlari va erkinliklarini oʻzida mujassam qilgan ijtimoiy hujjat, kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etadi. Lotin tilida “constitutio” deya qayd qilingan “konstitutsiya” soʻzining maʼnosini ifoda etuvchi yuridik hujjatni davlat va fuqaro, boshliq va xodim, turli eʼtiqod vakillari oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va majburiyatlar chegarasini belgilab beruvchi mezon sifatida taʼbir qilish joiz.
Konstitutsiya oʻzida barcha qonunlarni batafsil jamlagan yoʻriqnoma emas, balki jamiyatda yuzaga keladigan tartibsizlik va zulmning himoyachisi oʻlaroq, insoniyat tafakkurining yuksak mahsulidir. Tarixga nazar tashlasak, jamiyatni qonunlar asosida boshqarish anʼanasi islom madaniyatiga begona emasligini koʻramiz. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga koʻchib kelganlaridan soʻng, u yerda davlatchilik poydevorini qurdilar. Bu jamiyat faqat musulmonlardan iborat emasdi. Unda mahalliy arablar, koʻchib kelgan musulmonlar va oʻzga din qabilalari istiqomat qilardi. Shunday murakkab vaziyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam tarixda “sahifatul Madina” (Madina ahdnomasi) nomi bilan tarixda qolgan, 52 moddadan iborat muhim hujjatni tuzdilar. Taniqli olim, professor Muhammad Hamidulloh (vaf. 2003 y.) “bu insoniyat tarixidagi ilk yozma konstitutsiyalardan biri edi” deya taʼkidlagan. Ushbu tarixiy hujjatning bugungi huquqiy tamoyillar bilan hamohang jihatlarini tahlil qilinganda, ahdnomada Madinada yashovchi barcha aholi, jumladan, oʻzga din vakillari ham musulmonlar bilan bir qatorda “bir xalq” deb eʼlon qilinganini alohida taʼkildash oʻrinlidir. Zero, bu holat fuqarolik institutining tamal toshi boʻlib, jamiyat aʼzolari dini va irqidan qatʼiy nazar, qonun oldida teng huquqli vatandosh sifatida eʼtirof etilishini ifoda qiladi.
Madina ahdnomasida vijdon erkinligi ham ochiq-oydin belgilangan boʻlib, “yahudiylarning oʻz dini bor, musulmonlarning oʻz dini bor” ligi qayd etib qoʻyilgan. Bu qoida oʻzga din vakillariga eʼtiqodi sababli tazyiq oʻtkazilmasligi, har kim oʻz ibodatini emin-erkin bajarishini kafolatlagan. Shu oʻrinda mamlakatimiz konstitutsiyasining ham asosiy ustunlaridan biri sifatida unda vijdon erkinligi taʼminlanganini alohida eslab oʻtish lozim.
Yuqoridagi maʼlumotlardan jamiyat hayotini tartibga soluvchi qonunlarni ishlab chiqish, ularni kitob holiga keltirish va barchaning unga amal qilishini talab qilish dinga zid amal emas, aksincha, paygʻambar Muhammad alayhissalom qoʻllagan hikmatli tadbir ekani xulosa qilinadi. Bu tadbir oʻz navbatida koʻpdinli Madina jamiyatida tinchlikni asrash va dinlararo hamjihatlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Bugungi Konstitutsiyamizning ham bosh maqsadi mamlakatda inson qadrini ulugʻlash, har bir shaxsning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish hamda ijtimoiy adolatni oʻrnatish ekan, demak, uning mohiyati toʻliq ezgulikka xizmat qiladi. Nomlanishi, qaysi tilda ekani yoki kimlar tomonidan ishlab chiqilganidan qatʼiy nazar, adolat va tinchlikni taʼminlashga qaratilgan har qanday hujjat hurmatga loyiqdir. Bugungi dunyoda konstitutsiyalar turli millat va turfa dunyoqarashga ega insonlarning bir vatan, bir bayroq ostida jipslashib yashashining yagona kafolatidir.
Shuningdek, konstitutsiya – bu shunchaki moddalar yigʻindisi emas, balki u oʻzaro ishonch, hurmat va masʼuliyat demakdir. Jamiyatda aniq belgilangan qoidalar asosidagi tartib-intizom va adolatli qonunlarning hukm surishi, oʻsha yurtda ilm-fanning rivoj topishi, xalqning farovon hayot kechirishi kabi omillarni yuzaga chiqaradi. Shu sababli, yurtning barqarorligini taʼminlovchi huquqiy poydevori boʻlmish bosh qomusni oʻrganish hamda unga amal qilish har qachongidan muhim ahamiyat kasb etadi.
Sunnatulla Abdullayev
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
