KONSTITUTSIYA – ADOLAT, TINCHLIK VA HAMJIHATLIK MEZONI

Insoniyat yaralibdiki, jamoa bo‘lib o‘zaro munosabatlarga kirishib yashashga intiladi. Bir oila yoki kichik bir qishloq bo‘lsin, odamlar to‘plangan joyda tabiiy ravishda o‘rtadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarga ehtiyoj tug‘iladi. Ushbu qoidalar kuchli tomon zaif tomonga qo‘pollik qilishi, mazlumning haqi poymol bo‘lishi kabi jamiyatda parokandalikka sabab bo‘luvchi holatlar yuzaga kelmasligini ta’minlaydi.
Bugungi globallashuv davrida dunyo chegaralari kengayib, turli madaniyat va qarashlar qorishib ketgan bir paytda, shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlar hamda insonlarning huquqlari va erkinliklarini o‘zida mujassam qilgan ijtimoiy hujjat, kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etadi. Lotin tilida “constitutio” deya qayd qilingan “konstitutsiya” so‘zining ma’nosini ifoda etuvchi yuridik hujjatni davlat va fuqaro, boshliq va xodim, turli e’tiqod vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va majburiyatlar chegarasini belgilab beruvchi mezon sifatida ta’bir qilish joiz.
Konstitutsiya o‘zida barcha qonunlarni batafsil jamlagan yo‘riqnoma emas, balki jamiyatda yuzaga keladigan tartibsizlik va zulmning himoyachisi o‘laroq, insoniyat tafakkurining yuksak mahsulidir. Tarixga nazar tashlasak, jamiyatni qonunlar asosida boshqarish an’anasi islom madaniyatiga begona emasligini ko‘ramiz. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga ko‘chib kelganlaridan so‘ng, u yerda davlatchilik poydevorini qurdilar. Bu jamiyat faqat musulmonlardan iborat emasdi. Unda mahalliy arablar, ko‘chib kelgan musulmonlar va o‘zga din qabilalari istiqomat qilardi. Shunday murakkab vaziyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam tarixda “sahifatul Madina” (Madina ahdnomasi) nomi bilan tarixda qolgan, 52 moddadan iborat muhim hujjatni tuzdilar. Taniqli olim, professor Muhammad Hamidulloh (vaf. 2003 y.) “bu insoniyat tarixidagi ilk yozma konstitutsiyalardan biri edi” deya ta’kidlagan. Ushbu tarixiy hujjatning bugungi huquqiy tamoyillar bilan hamohang jihatlarini tahlil qilinganda, ahdnomada Madinada yashovchi barcha aholi, jumladan, o‘zga din vakillari ham musulmonlar bilan bir qatorda “bir xalq” deb e’lon qilinganini alohida ta’kildash o‘rinlidir. Zero, bu holat fuqarolik institutining tamal toshi bo‘lib, jamiyat a’zolari dini va irqidan qat’iy nazar, qonun oldida teng huquqli vatandosh sifatida e’tirof etilishini ifoda qiladi.
Madina ahdnomasida vijdon erkinligi ham ochiq-oydin belgilangan bo‘lib, “yahudiylarning o‘z dini bor, musulmonlarning o‘z dini bor” ligi qayd etib qo‘yilgan. Bu qoida o‘zga din vakillariga e’tiqodi sababli tazyiq o‘tkazilmasligi, har kim o‘z ibodatini emin-erkin bajarishini kafolatlagan. Shu o‘rinda mamlakatimiz konstitutsiyasining ham asosiy ustunlaridan biri sifatida unda vijdon erkinligi ta’minlanganini alohida eslab o‘tish lozim.
Yuqoridagi ma’lumotlardan jamiyat hayotini tartibga soluvchi qonunlarni ishlab chiqish, ularni kitob holiga keltirish va barchaning unga amal qilishini talab qilish dinga zid amal emas, aksincha, payg‘ambar Muhammad alayhissalom qo‘llagan hikmatli tadbir ekani xulosa qilinadi. Bu tadbir o‘z navbatida ko‘pdinli Madina jamiyatida tinchlikni asrash va dinlararo hamjihatlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Bugungi Konstitutsiyamizning ham bosh maqsadi mamlakatda inson qadrini ulug‘lash, har bir shaxsning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish hamda ijtimoiy adolatni o‘rnatish ekan, demak, uning mohiyati to‘liq ezgulikka xizmat qiladi. Nomlanishi, qaysi tilda ekani yoki kimlar tomonidan ishlab chiqilganidan qat’iy nazar, adolat va tinchlikni ta’minlashga qaratilgan har qanday hujjat hurmatga loyiqdir. Bugungi dunyoda konstitutsiyalar turli millat va turfa dunyoqarashga ega insonlarning bir vatan, bir bayroq ostida jipslashib yashashining yagona kafolatidir.
Shuningdek, konstitutsiya – bu shunchaki moddalar yig‘indisi emas, balki u o‘zaro ishonch, hurmat va mas’uliyat demakdir. Jamiyatda aniq belgilangan qoidalar asosidagi tartib-intizom va adolatli qonunlarning hukm surishi, o‘sha yurtda ilm-fanning rivoj topishi, xalqning farovon hayot kechirishi kabi omillarni yuzaga chiqaradi. Shu sababli, yurtning barqarorligini ta’minlovchi huquqiy poydevori bo‘lmish bosh qomusni o‘rganish hamda unga amal qilish har qachongidan muhim ahamiyat kasb etadi.
Sunnatulla Abdullayev
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi