Korrupsiya jamiyatning barqaror poydevorini yemirib, davlat va millat taraqqiyotiga soya soluvchi ogʻir illatdir. U qonun ustuvorligini zaiflashtirib, jamiyatda adolat tuygʻusini soʻndiradi va xalq ishonchini poymol qiladi. Bunday muhitda uyushgan jinoyatchilik, manfaatparastlik va turli salbiy oqimlar uchun keng yoʻl ochiladi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurash faqatgina muayyan tashkilot yoki mansabdor shaxsning vazifasi emas, balki butun jamiyatning, har bir fuqaroning vijdonniy burchi, umumiy masʼuliyati boʻlmogʻi darkor.
Islom dini ham ushbu umummilliy kurashda maʼnaviy tayanch va tarbiyaviy kuch sifatida muhim oʻrin tutadi. Din halollik, poklik, adolat va masʼuliyat kabi insoniy qadriyatlarni yuksak qiymat sifatida uqtiradi, pora olish va mansabni suiisteʼmol qilishni ogʻir gunoh sifatida qoralaydi. Shu maʼnoda, islomning maʼrifiy taʼlimotlari jamiyatda korrupsiyaga qarshi kuchli maʼnaviy qalqon yaratib, insonlarni pok niyat va vijdon yoʻlida faol boʻlishga chorlaydi.
Taʼkidlash joizki, islom dini jamiyatda sogʻlom muhit shakllantirishni hamisha diqqat markaziga qoʻygan. Shu bois jamiyatda uchraydigan har qanday illatni bartaraf etish uchun insonlarni maʼnaviy-maʼrifiy yoʻl asosida tarbiyalashga asosiy eʼtibor qaratadi. Xususan, Qurʼoni karim va hadisi shariflarda korrupsiyaning koʻrinishlaridan boʻlgan poraxoʻrlik, oʻzganing haqqini nohaq egallashni gunoh ekani taʼkidlandi hamda musulmonlarni bunday illatlardan qaytardi. Jumladan, Qurʼoni karimning Niso surasi 29-oyatida: “Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yoʻl bilan yemang”, deyiladi.
Shu asosda birovning molini botil yoʻl bilan yeyish, poraxoʻrlik va tovlamachilik kabi illatlar qatʼiy man etilgan. Har bir masʼul inson oʻz vazifasini adolat va halollik asosida bajarishi, mansab lavozimini suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻymasligi lozim, chunki bu nafaqat gunoh, balki jamiyatda oʻzaro ishonchni poymol qiluvchi ogʻir xatodir.
Rasululloh (s.a.v.) hadislarida ham “Pora beruvchiga ham, pora oluvchiga ham Allohning laʼnati boʻlsin!”, “Pora beruvchi ham, oluvchi ham, oʻrtada turuvchi ham jahannamga tashlanadi” deya bu illatdan musulmonlar qaytariladi. Qolaversa, bu koʻrsatma har bir musulmonni adolatli va vijdonli boʻlishga hamda jamiyatda sogʻlom muhitni saqlashga chorlaydi. Islomning maʼnaviy yoʻnalishi shu yoʻl bilan korrupsiyaga qarshi eng kuchli qalqon vazifasini bajaradi.
Shuningdek, Umar ibn Xattob (r.a.) “Kimki bir ishga munosbiroq odam turganida oʻzaro yaqin yoki qarindosh boʻlgani uchungina boshqa insonni ishlatsa, u Allohga, Rasuliga va moʻminlarga xiyonat qilibdi”, deganlar. Bu esa, islom dini jamiyat va davlat ishlarida insonlarni tanish-bilishchilik, mahalliychilikdan qaytirishini anglatadi.
Bundan tashqari, islom dini qoʻl ostida xodimlari bor mansabdor shaxslarni xossatan oʻzi uchun tashkil qilingan ziyofatlarga borishdan ham qaytargan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad korrupsiyaga yoʻl ochmaslik boʻlgan. Ayniqsa, oʻrta asrlarda qozilik lavozimida ishlovchi kishilar uchun korrupsiyaga sharoit yaratuvchi har qanday holatlar taqiqlangan. Xususan, qozi yoki uning oilasi uchun tashkil etilgan maxsus ziyofatlarga bormaslik, oddiy holatda ham kishilardan sovgʻa-salom olmaslik, savdo ahli tomonidan oldi-sotdi ishlarida ular uchun turli imtiyozlar bermaslik kabi bir qancha qoidalar ishlab chiqilganki, ularning asosiy maqsadi korrupsiya uchun tuynuklar hosil boʻlishini oldini olishga qaratilgan.
Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, islom dini korrupsiyaga qarshi kurashni nafaqat huquqiy, balki maʼnaviy va tarbiyaviy masʼuliyat sifatida qaraydi. U adolat, poklik va masʼuliyatni inson hayotining asosiy yoʻriqlari qilib belgilaydi, poraxoʻrlik, mansabni suiisteʼmol qilish va oddiy halollikka zid boʻlgan barcha illatlarni qatʼiy qoralaydi. Qurʼon va hadislar orqali musulmonlar adolatli, vijdonli va pok niyatli boʻlishga chaqiriladi. Bu esa jamiyatda sogʻlom muhit, oʻzaro ishonch va adolatli munosabatlarni saqlashda eng kuchli maʼnaviy qalqon vazifasini bajaradi.
Shu bilan birga, amaldorlarni tanish-bilishchilik, mahalliychilik va manfaatparstlik illatlaridan uzoq turishga chorlaydi. Maxsus ziyofatlarga bormaslik, sovgʻa va imtiyoz talab qilmaslik kabi qoidalar korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslikda amaliy ibrat boʻlib xizmat qilgan. Bu tartiblar orqali islom jamiyatda sogʻlom muhit, shaffoflik va adolatni taʼminlab, har bir insonni halollik va vijdon yoʻlida faol boʻlishga chorlaydi hamda jamiyatda oʻzaro ishonchga asoslangan sogʻlom muhitini barpo etadi.
Shukrullo Joʻrayev
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi
