ISLOMDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH MASALALARI

Korrupsiya jamiyatning barqaror poydevorini yemirib, davlat va millat taraqqiyotiga soya soluvchi og‘ir illatdir. U qonun ustuvorligini zaiflashtirib, jamiyatda adolat tuyg‘usini so‘ndiradi va xalq ishonchini poymol qiladi. Bunday muhitda uyushgan jinoyatchilik, manfaatparastlik va turli salbiy oqimlar uchun keng yo‘l ochiladi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurash faqatgina muayyan tashkilot yoki mansabdor shaxsning vazifasi emas, balki butun jamiyatning, har bir fuqaroning vijdonniy burchi, umumiy mas’uliyati bo‘lmog‘i darkor.
Islom dini ham ushbu umummilliy kurashda ma’naviy tayanch va tarbiyaviy kuch sifatida muhim o‘rin tutadi. Din halollik, poklik, adolat va mas’uliyat kabi insoniy qadriyatlarni yuksak qiymat sifatida uqtiradi, pora olish va mansabni suiiste’mol qilishni og‘ir gunoh sifatida qoralaydi. Shu ma’noda, islomning ma’rifiy ta’limotlari jamiyatda korrupsiyaga qarshi kuchli ma’naviy qalqon yaratib, insonlarni pok niyat va vijdon yo‘lida faol bo‘lishga chorlaydi.
Ta’kidlash joizki, islom dini jamiyatda sog‘lom muhit shakllantirishni hamisha diqqat markaziga qo‘ygan. Shu bois jamiyatda uchraydigan har qanday illatni bartaraf etish uchun insonlarni ma’naviy-ma’rifiy yo‘l asosida tarbiyalashga asosiy e’tibor qaratadi. Xususan, Qur’oni karim va hadisi shariflarda korrupsiyaning ko‘rinishlaridan bo‘lgan poraxo‘rlik, o‘zganing haqqini nohaq egallashni gunoh ekani ta’kidlandi hamda musulmonlarni bunday illatlardan qaytardi. Jumladan, Qur’oni karimning Niso surasi 29-oyatida: “Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang”, deyiladi.
Shu asosda birovning molini botil yo‘l bilan yeyish, poraxo‘rlik va tovlamachilik kabi illatlar qat’iy man etilgan. Har bir mas’ul inson o‘z vazifasini adolat va halollik asosida bajarishi, mansab lavozimini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymasligi lozim, chunki bu nafaqat gunoh, balki jamiyatda o‘zaro ishonchni poymol qiluvchi og‘ir xatodir.
Rasululloh (s.a.v.) hadislarida ham “Pora beruvchiga ham, pora oluvchiga ham Allohning la’nati bo‘lsin!”, “Pora beruvchi ham, oluvchi ham, o‘rtada turuvchi ham jahannamga tashlanadi” deya bu illatdan musulmonlar qaytariladi. Qolaversa, bu ko‘rsatma har bir musulmonni adolatli va vijdonli bo‘lishga hamda jamiyatda sog‘lom muhitni saqlashga chorlaydi. Islomning ma’naviy yo‘nalishi shu yo‘l bilan korrupsiyaga qarshi eng kuchli qalqon vazifasini bajaradi.
Shuningdek, Umar ibn Xattob (r.a.) “Kimki bir ishga munosbiroq odam turganida o‘zaro yaqin yoki qarindosh bo‘lgani uchungina boshqa insonni ishlatsa, u Allohga, Rasuliga va mo‘minlarga xiyonat qilibdi”, deganlar. Bu esa, islom dini jamiyat va davlat ishlarida insonlarni tanish-bilishchilik, mahalliychilikdan qaytirishini anglatadi.
Bundan tashqari, islom dini qo‘l ostida xodimlari bor mansabdor shaxslarni xossatan o‘zi uchun tashkil qilingan ziyofatlarga borishdan ham qaytargan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaga yo‘l ochmaslik bo‘lgan. Ayniqsa, o‘rta asrlarda qozilik lavozimida ishlovchi kishilar uchun korrupsiyaga sharoit yaratuvchi har qanday holatlar taqiqlangan. Xususan, qozi yoki uning oilasi uchun tashkil etilgan maxsus ziyofatlarga bormaslik, oddiy holatda ham kishilardan sovg‘a-salom olmaslik, savdo ahli tomonidan oldi-sotdi ishlarida ular uchun turli imtiyozlar bermaslik kabi bir qancha qoidalar ishlab chiqilganki, ularning asosiy maqsadi korrupsiya uchun tuynuklar hosil bo‘lishini oldini olishga qaratilgan.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, islom dini korrupsiyaga qarshi kurashni nafaqat huquqiy, balki ma’naviy va tarbiyaviy mas’uliyat sifatida qaraydi. U adolat, poklik va mas’uliyatni inson hayotining asosiy yo‘riqlari qilib belgilaydi, poraxo‘rlik, mansabni suiiste’mol qilish va oddiy halollikka zid bo‘lgan barcha illatlarni qat’iy qoralaydi. Qur’on va hadislar orqali musulmonlar adolatli, vijdonli va pok niyatli bo‘lishga chaqiriladi. Bu esa jamiyatda sog‘lom muhit, o‘zaro ishonch va adolatli munosabatlarni saqlashda eng kuchli ma’naviy qalqon vazifasini bajaradi.
Shu bilan birga, amaldorlarni tanish-bilishchilik, mahalliychilik va manfaatparstlik illatlaridan uzoq turishga chorlaydi. Maxsus ziyofatlarga bormaslik, sovg‘a va imtiyoz talab qilmaslik kabi qoidalar korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikda amaliy ibrat bo‘lib xizmat qilgan. Bu tartiblar orqali islom jamiyatda sog‘lom muhit, shaffoflik va adolatni ta’minlab, har bir insonni halollik va vijdon yo‘lida faol bo‘lishga chorlaydi hamda jamiyatda o‘zaro ishonchga asoslangan sog‘lom muhitini barpo etadi.
Shukrullo Jo‘rayev
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i