Popular articles

Yangi Oʻzbekistonda ajdodlar merosining xalqaro eʼtirofi

Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Bu borada buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy…

This page is currently available in Uzbek only.

 

Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi.

Bu borada buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish boʻyicha tizimli tadqiqotlar olib borish, allomalarimizning ibratli hayot yoʻli, insoniyat tamadduni rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini mahalliy va xalqaro jamoatchilikka keng targʻib qilish, shuningdek, islom dinining tinchliksevar hamda insonparvarlik mohiyatini ochib berish, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Bahouddin Naqshband nomli ilmiy-tadqiqot markazi kabi ilmiy muassasalar faoliyati yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidlash lozim.

Bugungi kunda yurtimiz allomalarining yuksak gumanistik gʻoyalarga asoslangan taʼlimotlari, ilm-fan rivojida muhim oʻrin tutgan ulkan kashfiyot va ixtirolarining jamiyat taraqqiyotidagi tarixiy roli hamda bugungi kundagi zamonaviy ahamiyati dunyo jamoatchiligi tomonidan alohida eʼtirof etilmoqda. 

Xususan, buyuk mutafakkir ajdodimiz, moturidiylik taʼlimoti asoschisi Imom Ab-u Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur oʻrganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng targʻib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida yirik tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu borada ajdodlar merosi asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berishga qaratilgan 100 dan ortiq kitob nashr qilinganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Shuningdek, Imom Moturidiy qalamiga mansub “Kitob at-tavhid” asarining ilmiy-tanqidiy matni hamda oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasi, “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasining 20 ta juzi, “Moturidiylik taʼlimoti ensiklopediyasi”, “Buyuk ajdodlarimiz” rukni ostidagi xalqchil risolalar va boshqa kitoblar nashr qilindi.

Markaz tomonidan xorijlik hamkor tashkilotlar bilan dolzarb masalalarga bagʻishlab xalqaro anjumanlar oʻtkazib kelinmoqda. Jumladan, “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro simpozium har yili muntazam oʻtkazib kelinmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilayotgani Davlatimiz Rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida soʻzlagan nutqida alloma nomining alohida tilga olinishida ham oʻz ifodasini topdi. Haqiqatdan ham, soʻnggi yillarda Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilishni ragʻbatlantirish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-68-son Farmoni bilan Markaz nufuzi oshirilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga oʻtkazildi.

Mazkur Farmon bilan Markazga ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish kabi muhim vazifalar yuklanib, Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish belgilandi.

Shuningdek, 2025-yilda Imom Moturidiy majmuasida keng koʻlamli qayta taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Majmuada Imom Moturidiy innovatsion muzeyini tashkil etish vazifasi ham belgilangan boʻlib, hozirda Markaz xodimlari mazkur muzey konsepsiyasini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdalar.  

Imom Ab-u Mansur Moturidiy moʻtadillik va bagʻrikenglikka asoslangan alohida maktabni tashkil etdi. Bu maktab eʼtiqod masalalarini isbotlash hamda turli adashgan oqimlarning shubhalariga raddiya berishda naqlga (Qurʼon va hadis) tayanish bilan birgalikda ratsional hujjatlardan keng foydalandi.

Buning natijasida Imom Moturidiy toʻgʻri yoʻldan adashgan toifalarga qarshi raddiya berishning samarali usullarini ishlab chiqib, shu asosda sunniylik (ahli sunna val jamoa)ning umumiy pozitsiyasini himoya qildi.

Barchamizga maʼlumki, mamlakatimiz nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarkibida muhim tashabbuslar bilan faol ishtirok etib kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 
72-sessiyasidagi tarixiy nutqlari oʻz mazmun-mohiyati va xalqaro hamjamiyat uchun ahamiyati jihatidan aksariyat davlatlarning eʼtiborini tortdi.

Unda Oʻzbekiston Rahbari bagʻrikenglik, birdamlikni mustahkamlash masalalariga ham alohida toʻxtalib, bu borada BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Buning natijasida 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo 100 dan oshiq davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Ana shunday tashabbuslarning mantiqiy davomi sifati 2025-yil
23-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi mamlakatimizning xalqaro maydonda oʻz soʻzi va oʻrniga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Unda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik boʻlgan dolzarb masalalar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib, ularning yechimlari boʻyicha global taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Haqiqatdan ham hozirgi vaqtda radikalizm, ekstremizm va terrorizm tahdidlari nafaqat muayyan davlat yoki mintaqa, balki butun dunyo oldida turgan dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.

Ayni vaqtda din niqobidagi ekstremistik va terrorchi tashkilotlar tomonidan yoshlarni zoʻravonlikka undash yoʻli bilan jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, radikal qarashlarni tarqatishga urinish holatlari sezilarli darajada ortib bormoqda.

Yangi Oʻzbekistonda “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu gʻoyasi asosida jamiyatda radikalizm va ekstremizm mafkurasi tarqalishining oldini olish, yoshlarni turli oqimlar taʼsiridan asrab-avaylash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev nufuzli tashkilot minbaridan turib soʻzlagan nutqida islom maʼrifati gʻoyalarini chuqur oʻrganish va uni dunyoga targʻib qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi.

“Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy maʼnaviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida oʻtkazish niyatidamiz”, degan gaplari barchamizga gʻurur bagʻishladi.

Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, BMT minbaridan turib islom dunyosiga mashhur boʻlgan ikki muhaddis ajdodimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda eʼtiqod sofligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshgan Imom Moturidiy haqida gapirish bu – katta matonat va irodadir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ushbu takliflari mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari uchun yuksak sharaf boʻlish bilan birga, mazkur allomalarning yuksak taqdimotlarini oʻtkazishga munosib tayyorgarlik koʻrish va yuqori saviyada oʻtkazish nuqtayi nazaridan ulkan masʼuliyat ham yuklaydi.

Komiljon Shermuxamedov,

Imom Moturidiy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi direktori

Articles

Read also

All articles
Popular articles

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Popular articles

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…