Popular articles

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

This page is currently available in Uzbek only.

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar, qurbonlik soʻyib, qarindosh-urugʻni mehmon qiladilar. Qurbon hayiti – bu nafaqat diniy marosim, balki insoniyatning eng ogʻir maʼnaviy sinovdan oʻtganligini tasdiqlovchi tirik xotira, asrlar osha avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan ulugʻ anʼanadir.

Bugungi kunda jamiyatimiz hayoti shiddat bilan oʻzgarib, yangilanib borayotgan bir davrda, ushbu muborak ayyom el-yurtimiz uchun yanada teran maʼno-mazmun kasb etmoqda. Xususan, bu yil ham Qurbon hayiti munosabati bilan Prezidentimizning alohida qarorlari qabul qilindi. Unda jamiyatimiz hayotida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan ezgu gʻoyani chuqur qaror toptirishda barcha milliy va diniy qadriyatlarimiz qatori insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bagʻrikenglik kabi olijanob fazilatlarni oʻzida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti gʻoyat muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida taʼkidlandi. Insonparvarlik printsiplariga asoslangan ushbu siyosat tufayli bayram milliy yuksalishimizning maʼnaviy ustunlaridan biriga aylandi.

Islom taʼlimotida Qurbon hayiti ikki ulugʻ bayramdan biri sanaladi. U hijriy taqvimning zulhijja oyida, Haj amaliyotining soʻnggi kunlarida nishonlanadi. Bugun dunyo boʻylab ikki milliarddan ziyod musulmon bu kunni ibodat, qurbonlik soʻyish, ehson ulashish va mehmondoʻstlik bilan oʻtkazadi.

Hayit kuni soʻyilgan qurbonlik goʻshti oila ahli, qarindosh-urugʻlar, kambagʻal va muhtojlarga ulashiladi. Bu taqsimot – islomdagi ijtimoiy adolatning amaliy ifodasidir. Davlatimiz rahbarining yuqorida tilga olingan qarorida bayon etilganidek, mamlakatimizda ijtimoiy davlat barpo etish, yurtdoshlarimiz oʻrtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlash, hech kimni mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslik borasida bu bayramning bezavol anʼanalari biz uchun kuch-gʻayrat va ilhom manbai boʻlib xizmat qilmoqda.

Oʻzbekistonda Qurbon hayiti oʻziga xos milliy-madaniy qiyofa kasb etgan. Hayitning rasmiy bayram sifatida belgilangani esa qadriyatlarimizga nisbatan yuksak ehtiromning yaqqol ifodasidir. Har yili bayram arafasida yurtimiz boʻylab keng koʻlamli obodonlashtirish va mehr-muruvvat ishlari avj oladi. Shahar-u qishloqlarda odamlar bayramga oʻzgacha shukuh va kayfiyat bilan tayyorgarlik koʻrishadi.

Bu bayram faqat diniy marosim emas – u avlodlar oʻrtasidagi mustahkam koʻprik, oila va jamiyat birligini yangilovchi ulkan ijtimoiy hodisadir. Tong otmasdan odamlar masjidlar tomon oshiqadi. Namozdan soʻng – yurt tinchligi va elimiz farovonligini soʻrab duoga qoʻl ochiladi, keyin oila davrasiga qaytib, qurbonlik qilish amaliga kirishiladi. Qurbonlik goʻshtidan tayyorlangan taomlar bayram dasturxonining koʻrkiga aylanadi. Mahallalarda koʻtarinki kayfiyat hukm suradi, qoʻni-qoʻshnilar bir-biriga taom ulashadi.

Qurbon hayitida biz faqat qurbonlik soʻymaymiz, balki nafsimizni tiyishga, inson qadrini ulugʻlashga, muhtojlarga yordam qoʻlini choʻzishga, oilaviy rishtalarni mustahkamlashga va inson sifatida yana bir bor oʻzligimizga qaytishga harakat qilamiz. Аna shunday teran maʼnosi va ezgu fazilatlari tufayli Qurbon hayiti haqiqiy insoniylik, mehr-muruvvat va oqibat bayramidir.

Oybek Sotvoldiev,

Imom Moturidiy xalqaro

ilmiy-tadqiqot markazi

boʻlim boshligʻ

Articles

Read also

All articles
Popular articles

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…

Popular articles

Korrupsiya taraqqiyotga qilingan xujum

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, jamiyat tanasini ich-ichidan kemiruvchi bu illat nafaqat…