📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

DINIY BAG‘RIKENGLIK – FAROVONLIK GAROVI

Har yili 16 noyabr kuni dunyo bo‘ylab "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" sifatida keng nishonlanadi. Bu sana 1995 yilda YUNESKO tomonidan qabul qilingan "Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi"ga asoslanadi. Bir yil o‘tib, BMT Bosh Assambleyasi 16 noyabrni rasman xalqaro kun sifatida belgilagan. Maqsad – millatlar, dinlar va madaniyatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tushunish muhitini mustahkamlash, jahondagi ziddiyat va murosasizlik holatlariga qarshi ma’naviy javob berish edi. Bag‘rikenglik – bu faqat boshqalarni toqat bilan qabul qilish emas, balki ularning borligini qabul qilish, farqlarini, o‘ziga xos jihatlarini qadrlash, har bir insonning haq-huquqini hurmat qilish demakdir.
Islom sivilizatsiyasi va Sharq madaniyati azaldan bag‘rikenglik tamoyiliga amal qilib, uni hayotga tatbiq etib kelgan. Qur’oni karim oyatlari va hadislarda ta’kidlangan mehr-shafqat va insonparvarlik ruhi bugungi bag‘rikenglik tamoyillarining ildizi naqadar chuqur ekanini ko‘rsatadi. Shu ma’noda, xalqaro miqyosda belgilangan ushbu sana – qadimiy ma’naviy an’analarning zamonaviy ifodasi, insonlarni tinchlik, do‘stlik va hurmat muhitida yashashga chorlovidir.
Bag‘rikenglik islomning umumbashariy qadriyati bo‘lib, barcha insonlar uchun ahamiyatlidir. Muhammad alayhissalomning hayot yo‘llari islomning bag‘rikenglik va boshqa din vakillariga hurmat borasidagi ta’limotlarini amaldagi yorqin namunasi hisoblanadi. U zot turli din vakillari bilan tinch-totuv yashagan, ularning huquqlariga hurmat bilan qaragan va kezi kelganda ular bilan hamkorlikda ish yuritganlar.
Musulmon jamiyatlarida bag‘rikenglik va o‘zgalarga hurmat ijtimoiy hamjihatlik va osoyishtalikni ta’minlovchi muhim omildir. Turli e’tiqod, madaniyat va turmush tarzlariga hurmat bilan qarash jamiyatda tinchlik va hamkorlik muhitini yaratadi, farovonlikni kafolatlaydi. Islomning bag‘rikenglikka chorlovi odamlarni bir-birini tushunishga va mehr-shafqat bilan munosabatda bo‘lishga undaydi.
Bugun O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" alohida kayfiyat, o‘zgacha shukuh bilan nishonlanmoqda. Har yili noyabr oyida "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, konferensiyalar, davra suhbatlari tashkil etib kelinadi. Turli millat va din vakillari ishtirokida va hamkorligida o‘tkaziladigan ushbu tadbirlar mamlakatimizdagi tinchlik va o‘zaro hamjihatlik siyosatining amaliy ko‘rinishi hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan dinlararo muloqot va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarning huquqiy tengligi va erkinligini ta’minlash allaqachon davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi.
Xalqaro bag‘rikenglik kuni bu faqat bayram emas, balki har bir insonning yana bir bor o‘z ma’naviy mas’uliyatini anglashi hamdir. Bag‘rikeng bo‘lish fikrda, e’tiqodda va turmush tarzida o‘zidan farqli bo‘lgan insonlarni tushunish, ularni hurmat qilish demakdir. Bunday ruh hukmron bo‘lgan jamiyatda esa nafratga emas, muhabbatga, ziddiyatga emas, hamjihatlikka yo‘l ochiladi. Shu bois, har birimiz bu kunni nafaqat nishonlash, balki uning ma’nosi hayotimizda amaliy ifoda etishiga harakat qilishimiz lozim.

Oybek Sotvoldiyev,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 
bo‘lim boshlig‘i