Anqara Yildirim Boyazid universiteti bilan hamkorlik
2025-yil 17-oktyabr kuni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori, professor Ali Chingiz Koʻseoʻgʻli tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Markaz rahbariyati va rektor Ali Chingiz Koʻseoʻgʻli oʻrtasida mazmunli muloqot boʻlib oʻtdi. Suhbatda allomalar ilmiy merosini chuqur oʻrganish, ularning asarlarida koʻtarilgan umuminsoniy gʻoyalarni yoshlarga yetkazish hamda oʻzaro aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chogʻida konferensiyalar, seminarlar va qoʻshma tadqiqotlarni tashkil etish boʻyicha aniq takliflar koʻrib chiqildi. Xususan, Turkiya va Oʻzbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar oʻtkazish, stajirovkalar tashkil etish boʻyicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida rektor Ali Chingiz Koʻseoʻgʻli Markaz jamoasiga minnatdorlik bildirib, bunday tashrif va muloqotlar ikki tomonlama ilmiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, buyuk mutafakkirlar merosini xalqaro miqyosda targʻib etishda muhim qadam ekanini taʼkidladi.
