Новости

Imom Moturidiy qabrini izlab …

Keyingi yillarda buyuk ajdodlarimizning hayot yoʻli, ularning maʼrifiy merosini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining…

Эта страница пока доступна только на узбекском языке.

Keyingi yillarda buyuk ajdodlarimizning hayot yoʻli, ularning maʼrifiy merosini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning   “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ulugʻ bobolarimiz ruhini shod etish, ular merosini oʻrganish va targʻib etish, soʻnggi qoʻnim topgan tabarruk maskanlarini obod etish borasidagi savobli tashabbuslardan yana biri boʻlgani aniq.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi. 

– Movarounnahrning Samarqand, Buxoro, Termiz, Nasaf, Xiva, Shahrisabz, Margʻilon, Urganch kabi yirik shaharlari oʻrta asrlarda ilm-fan va maʼrifat markazlariga aylangan edi. Bu shaharlarda bir necha yuzlab olimu ulamolar tabiiy, ijtimoiy va diniy fanlar bilan mashgʻul boʻlgan. Ulardan minglab noyob qoʻlyozmalar meros boʻlib qolgan.

Ayni vaqtda mazkur shaharlarda musulmon ulamolari dafn etilgan bir necha oʻnlab tabarruk ziyoratgohlar ham paydo boʻldi. Shunday ulugʻ maskanlardan biri bu Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonidir. Bu yerda koʻplab olimu ulamolar dafn etilganlarki, shu tufayli bu qabriston qadimdanoq, “ilmlar makoni”, deya nom olgan.

“Chokardiza” nomi anchayin qadimiy boʻlib, manbalarda yozilishicha, bu manzilda chokarlar, yaʼni lashkarlar qoʻrgʻoni mavjud boʻlgan. Keyinchalik bu nom shu manzil hamda bu yerdan oqib oʻtgan ariqqa ham koʻchib oʻtgan.

Tarixchi sayyohlar Istaxriy va Maqdisiylar Samarqand shahrini suv bilan taʼminlagan Chokardiza arigʻi islomgacha boʻlgan davrlarda barpo qilinganini yozishgan.

Chokardiza qabristoni va unga dafn etilganlar haqidagi maʼlumotlarni, asosan “Kichik Qandiya” hamda Abu Tohirxojaning “Samariya” kitoblaridan olish mumkin. Ularda yozilishicha, Chokardiza qabristoni Samarqand shahrining kunchiqar tomonida joylashgan. Bu yer qabristonga aylanishidan oldin Imom Abu Ishoq ibn Ibrohim ibn Samosiy Mutavaiyning bogʻi boʻlgan. Mutavaiy vafot etgach, oʻz bogʻiga dafn etilgan. Undan keyin imom Abu Mansur Moturidiy dafn etilgan va shu tariqa bu manzilda samarqandlik mashhur olimu ulamolar, aziz-avliyolar dafn etiladigan tabarruk qabriston paydo boʻldi.

Chokardiza qabristoniga X asrning oʻrtalarida Imom Abu Mansur Moturidiyning dafn qilinishi ushbu xilxonaning nufuzini juda oshirib yubordi. Bu yerda olib borilgan arxeologik tadqiqotlarning koʻrsatishicha, allomaning qabri ustiga XI-XII asrlarda ulugʻvor maqbara va masjiddan iborat majmua barpo qilingan. Buni Afrosiyob shaharchasining janubiy devori yonida barpo qilingan Qusam ibn Abbos majmuasiga oʻxshatish mumkin. Buni u yerda topilgan sirlangan va sirlanmagan sopol bezaklar, qurilish materiallarining qoldiqlari yaqqol koʻrsatib turibdi. Afsuski, bu inshootlar Samarqandda XIII asrda yuz bergan moʻgʻullar bosqini paytida vayron boʻlgan.

Chokardiza qabristoni haqida yozgan barcha tadqiqotchilar bu yerda Abu Mansur Moturidiy qabrining gʻarbiy tomonida “Muftiylar hazirasi” boʻlgani va bu yerga 444 muftiy dafn qilinganini qayd etishadi. Bu xildagi haziralar odatda XV-XVI asrlarga mansub boʻlib, ularning toʻrt tomoni pishiq gʻishtlar bilan oʻralgan, kirish faqat birgina darvoza orqali amalga oshirilgan. Buxoro shahri va uning atroflarida ham koʻplab shunday haziralar barpo qilingan. Muftiylar hazirasining tashqarisida Shayx Abu Bakr Buxoriy, Shayx Abulqosim Samarqandiy, Xoja Bahriy Peshovariy, Xoja Rashid, Xoja Duridkash, Mavlono Mansur Zohid charmgar hamda Shayx Obrezlarning ham qabrlari borligi zikr etilgan.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, Chokardizadagi “Muftiylar hazirasi”ning janubiy tomonida chillaxona mavjud boʻlib “Oshiqlar gʻori” deyilgan. Qabristonga kelgan ziyoratchilar ushbu maskanni ziyorat qilgan.

Chokardiza qabristonining maqomi shu darajada baland ediki, unda Samarqandning koʻplab ulugʻlari yotishni orzu qilar edi. X asrlarda shakllana boshlangan ushbu qabristonga XIV-XVII asrlarda ham nufuzli insonlarni dafn etish anʼanasi davom etgan. Tarixiy manbalarda tilga olinishicha, Amir Temur va temuriylar davrida Hirot va Mashhaddan Samarqandga taklif etilgan koʻpgina sayyidlarning qabrlari shu yerdadir.

Chokardizaga dafn etilgan olimu ulamolar orasida Naysoburiy, Astrobodiy, Buxoriy, Xoʻjandiy, Chimkentiy, Nasafiy, Kushoniy, Xoʻqandiy, Qatvoniy, Shoshiy, Margʻiloniy, Ishtixoniy va Karobisiy, Oʻzgandiy kabi nisbalarga ega zotlar bor. Bu holat oʻrta asrlarda Samarqandga turli shaharlar va qishloqlardan koʻplab toliblar ilm istab kelgani va shu tabarruk tuproqda olim boʻlib yetishganini anglatadi.

2000 yillarga kelib Chokardiza qabristoni yana odamlarning eʼtiboriga tushdi. 1999 yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ulugʻ vatandoshimiz imom, shayx, kalom ilmining yetuk vakili Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1130 yilligini keng nishonlash va Chokardiza qabristonidagi allomaning qabri ustiga muhtasham maqbara qurish haqida qaror qabul qildi.

Bu vazifani bajarish Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo Gʻulomov nomidagi Arxeologiya institutiga topshirildi. 2000 yilning boshida institutda maxsus boʻlinma tuzilib, tadqiqot ishlari boshlab yuborildi.

Arxeologlar Imom Moturidiy qabrini aniqlash maqsadida Chokardiza qabristoni deb taxmin qilingan manzil, yaʼni Gʻijduvon koʻchasiga kelganlarida, bu yerda koʻchalar va hovlilargina mavjud boʻlib, qabristondan nom-nishon yoʻq edi.

Bunday mushkul vaziyatda bir necha tadbirlarni qoʻllashga toʻgʻri keldi. Birinchi navbatda, Samarqand shahrining XIX-XX asrlarga oid topografik xaritasi har tomonlama oʻrganib chiqildi.

Ikkinchidan, to 1950 yillargacha, Buxoro va Gʻijduvon koʻchalarida yashagan, hozirda boshqa mahallalarida yashayotgan kishilarni bu yerga toʻplab, ularning xotiralari, koʻrsatmalarini oʻrganishga qaror qilindi. Bu tadbirlarning natijasida, Imom Moturidiyning qabri Gʻijduvon koʻchasidagi 2-uyning hovlisida boʻlgan, degan fikrga kelindi va ilk qazish ishlari boshlandi. Arxeologik tadqiqotlar bir necha shurf, transheya va qazishmalar shaklida olib borildi. Qazishmalardan shu narsa aniq boʻldiki, bu yer IV asrlarda oʻzlashtirilgan boʻlib, X asrdan boshlab qabristonga aylantirilgan.

“Kichik Qandiya” va “Samariya” kitoblarida aytilishicha, Chokardiza qabristoni qadimda juda obod boʻlgan. Qabriston atrofi devorlar bilan oʻralgan, qabriston ichida sersoya daraxtlar, ulkan hovuz boʻlgan. Abu Mansur Moturidiy qabri yaqinida esa masjid barpo qilingan. Yogʻingarchiliklar paytida ziyoratchilarga noqulaylik boʻlmasligi uchun toshlar yotqizilib, maxsus yoʻlaklar qilingan. 2000 yilgi arxeologik qazishmalar paytida bunday yoʻlaklar qayd etilgan. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu qabriston bu yerga dafn qilingan marhumlarning obroʻ-eʼtiborlari, xotiralariga mos ravishda toza-ozoda, obod holatda saqlangan.

XX asrning oʻrtalariga kelib, Chokardiza qabristoni tugatilib, uning oʻrni mahallalarga boʻlib berilgan. Shu tariqa, qabriston oʻrnida mahalla paydo boʻlgan.

2000 yilda imom Abu Mansur Moturidiy tavalludiga 1130 yil toʻlishi munosabati bilan allomaning hayoti, ijodi, merosini har tomonlama oʻrganish, uning qabri ustiga maqbara oʻrnatish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Natijada, Chokardiza oʻrniga XX asrning 50-yillarida qurilgan noqonuniy ayrim hovli-joylar koʻchirilib, arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Imom Moturidiy qabri aniqlanib, uning ustiga hashamatli maqbara bunyod qilindi. Qabriston hududi obodonlashtirilib, tabarruk ziyoratgohga aylantirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori esa nafaqat Imom Moturidiy ilmiy merosi, balki u zot mangu qoʻnim topgan qadim ziyoratgoh – Chokardiza qabristoni hududiga ham alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda. Qarorda Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirish vazifasi belgilangan. Shu jihatdan, Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonida arxeologik tadqiqotlarni davom ettirish, hamon turar-joylar tagida qolib kelayotgan tabarruk qabrlarni izlab topish, bu koʻhna qabriston hududini batamom hovli-joylardan tozalab obodonlashtirish borasida ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yaqin yillarda Chokardiza qabristoni oʻzining asl holiga qaytarilib, tabarruk ziyoratgohga aylantiriladi va shu orqali tarixiy adolat qayta tiklanadi, deb umid qilamiz.

                                                             OʻzA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.

Новости

Читайте также

Все новости
Новости

Parij Bosh masjidiga tashrif

9-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning…