📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Imom Moturidiy qabrini izlab …

Keyingi yillarda buyuk ajdodlarimizning hayot yo‘li, ularning ma’rifiy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning   “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ulug‘ bobolarimiz ruhini shod etish, ular merosini o‘rganish va targ‘ib etish, so‘nggi qo‘nim topgan tabarruk maskanlarini obod etish borasidagi savobli tashabbuslardan yana biri bo‘lgani aniq.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi. 

– Movarounnahrning Samarqand, Buxoro, Termiz, Nasaf, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Urganch kabi yirik shaharlari o‘rta asrlarda ilm-fan va ma’rifat markazlariga aylangan edi. Bu shaharlarda bir necha yuzlab olimu ulamolar tabiiy, ijtimoiy va diniy fanlar bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ulardan minglab noyob qo‘lyozmalar meros bo‘lib qolgan.

Ayni vaqtda mazkur shaharlarda musulmon ulamolari dafn etilgan bir necha o‘nlab tabarruk ziyoratgohlar ham paydo bo‘ldi. Shunday ulug‘ maskanlardan biri bu Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonidir. Bu yerda ko‘plab olimu ulamolar dafn etilganlarki, shu tufayli bu qabriston qadimdanoq, “ilmlar makoni”, deya nom olgan.

“Chokardiza” nomi anchayin qadimiy bo‘lib, manbalarda yozilishicha, bu manzilda chokarlar, ya’ni lashkarlar qo‘rg‘oni mavjud bo‘lgan. Keyinchalik bu nom shu manzil hamda bu yerdan oqib o‘tgan ariqqa ham ko‘chib o‘tgan.

Tarixchi sayyohlar Istaxriy va Maqdisiylar Samarqand shahrini suv bilan ta’minlagan Chokardiza arig‘i islomgacha bo‘lgan davrlarda barpo qilinganini yozishgan.

Chokardiza qabristoni va unga dafn etilganlar haqidagi ma’lumotlarni, asosan “Kichik Qandiya” hamda Abu Tohirxojaning “Samariya” kitoblaridan olish mumkin. Ularda yozilishicha, Chokardiza qabristoni Samarqand shahrining kunchiqar tomonida joylashgan. Bu yer qabristonga aylanishidan oldin Imom Abu Ishoq ibn Ibrohim ibn Samosiy Mutavaiyning bog‘i bo‘lgan. Mutavaiy vafot etgach, o‘z bog‘iga dafn etilgan. Undan keyin imom Abu Mansur Moturidiy dafn etilgan va shu tariqa bu manzilda samarqandlik mashhur olimu ulamolar, aziz-avliyolar dafn etiladigan tabarruk qabriston paydo bo‘ldi.

Chokardiza qabristoniga X asrning o‘rtalarida Imom Abu Mansur Moturidiyning dafn qilinishi ushbu xilxonaning nufuzini juda oshirib yubordi. Bu yerda olib borilgan arxeologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, allomaning qabri ustiga XI-XII asrlarda ulug‘vor maqbara va masjiddan iborat majmua barpo qilingan. Buni Afrosiyob shaharchasining janubiy devori yonida barpo qilingan Qusam ibn Abbos majmuasiga o‘xshatish mumkin. Buni u yerda topilgan sirlangan va sirlanmagan sopol bezaklar, qurilish materiallarining qoldiqlari yaqqol ko‘rsatib turibdi. Afsuski, bu inshootlar Samarqandda XIII asrda yuz bergan mo‘g‘ullar bosqini paytida vayron bo‘lgan.

Chokardiza qabristoni haqida yozgan barcha tadqiqotchilar bu yerda Abu Mansur Moturidiy qabrining g‘arbiy tomonida “Muftiylar hazirasi” bo‘lgani va bu yerga 444 muftiy dafn qilinganini qayd etishadi. Bu xildagi haziralar odatda XV-XVI asrlarga mansub bo‘lib, ularning to‘rt tomoni pishiq g‘ishtlar bilan o‘ralgan, kirish faqat birgina darvoza orqali amalga oshirilgan. Buxoro shahri va uning atroflarida ham ko‘plab shunday haziralar barpo qilingan. Muftiylar hazirasining tashqarisida Shayx Abu Bakr Buxoriy, Shayx Abulqosim Samarqandiy, Xoja Bahriy Peshovariy, Xoja Rashid, Xoja Duridkash, Mavlono Mansur Zohid charmgar hamda Shayx Obrezlarning ham qabrlari borligi zikr etilgan.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, Chokardizadagi “Muftiylar hazirasi”ning janubiy tomonida chillaxona mavjud bo‘lib “Oshiqlar g‘ori” deyilgan. Qabristonga kelgan ziyoratchilar ushbu maskanni ziyorat qilgan.

Chokardiza qabristonining maqomi shu darajada baland ediki, unda Samarqandning ko‘plab ulug‘lari yotishni orzu qilar edi. X asrlarda shakllana boshlangan ushbu qabristonga XIV-XVII asrlarda ham nufuzli insonlarni dafn etish an’anasi davom etgan. Tarixiy manbalarda tilga olinishicha, Amir Temur va temuriylar davrida Hirot va Mashhaddan Samarqandga taklif etilgan ko‘pgina sayyidlarning qabrlari shu yerdadir.

Chokardizaga dafn etilgan olimu ulamolar orasida Naysoburiy, Astrobodiy, Buxoriy, Xo‘jandiy, Chimkentiy, Nasafiy, Kushoniy, Xo‘qandiy, Qatvoniy, Shoshiy, Marg‘iloniy, Ishtixoniy va Karobisiy, O‘zgandiy kabi nisbalarga ega zotlar bor. Bu holat o‘rta asrlarda Samarqandga turli shaharlar va qishloqlardan ko‘plab toliblar ilm istab kelgani va shu tabarruk tuproqda olim bo‘lib yetishganini anglatadi.

2000 yillarga kelib Chokardiza qabristoni yana odamlarning e’tiboriga tushdi. 1999 yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ulug‘ vatandoshimiz imom, shayx, kalom ilmining yetuk vakili Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1130 yilligini keng nishonlash va Chokardiza qabristonidagi allomaning qabri ustiga muhtasham maqbara qurish haqida qaror qabul qildi.

Bu vazifani bajarish O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologiya institutiga topshirildi. 2000 yilning boshida institutda maxsus bo‘linma tuzilib, tadqiqot ishlari boshlab yuborildi.

Arxeologlar Imom Moturidiy qabrini aniqlash maqsadida Chokardiza qabristoni deb taxmin qilingan manzil, ya’ni G‘ijduvon ko‘chasiga kelganlarida, bu yerda ko‘chalar va hovlilargina mavjud bo‘lib, qabristondan nom-nishon yo‘q edi.

Bunday mushkul vaziyatda bir necha tadbirlarni qo‘llashga to‘g‘ri keldi. Birinchi navbatda, Samarqand shahrining XIX-XX asrlarga oid topografik xaritasi har tomonlama o‘rganib chiqildi.

Ikkinchidan, to 1950 yillargacha, Buxoro va G‘ijduvon ko‘chalarida yashagan, hozirda boshqa mahallalarida yashayotgan kishilarni bu yerga to‘plab, ularning xotiralari, ko‘rsatmalarini o‘rganishga qaror qilindi. Bu tadbirlarning natijasida, Imom Moturidiyning qabri G‘ijduvon ko‘chasidagi 2-uyning hovlisida bo‘lgan, degan fikrga kelindi va ilk qazish ishlari boshlandi. Arxeologik tadqiqotlar bir necha shurf, transheya va qazishmalar shaklida olib borildi. Qazishmalardan shu narsa aniq bo‘ldiki, bu yer IV asrlarda o‘zlashtirilgan bo‘lib, X asrdan boshlab qabristonga aylantirilgan.

“Kichik Qandiya” va “Samariya” kitoblarida aytilishicha, Chokardiza qabristoni qadimda juda obod bo‘lgan. Qabriston atrofi devorlar bilan o‘ralgan, qabriston ichida sersoya daraxtlar, ulkan hovuz bo‘lgan. Abu Mansur Moturidiy qabri yaqinida esa masjid barpo qilingan. Yog‘ingarchiliklar paytida ziyoratchilarga noqulaylik bo‘lmasligi uchun toshlar yotqizilib, maxsus yo‘laklar qilingan. 2000 yilgi arxeologik qazishmalar paytida bunday yo‘laklar qayd etilgan. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qabriston bu yerga dafn qilingan marhumlarning obro‘-e’tiborlari, xotiralariga mos ravishda toza-ozoda, obod holatda saqlangan.

XX asrning o‘rtalariga kelib, Chokardiza qabristoni tugatilib, uning o‘rni mahallalarga bo‘lib berilgan. Shu tariqa, qabriston o‘rnida mahalla paydo bo‘lgan.

2000 yilda imom Abu Mansur Moturidiy tavalludiga 1130 yil to‘lishi munosabati bilan allomaning hayoti, ijodi, merosini har tomonlama o‘rganish, uning qabri ustiga maqbara o‘rnatish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Natijada, Chokardiza o‘rniga XX asrning 50-yillarida qurilgan noqonuniy ayrim hovli-joylar ko‘chirilib, arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Imom Moturidiy qabri aniqlanib, uning ustiga hashamatli maqbara bunyod qilindi. Qabriston hududi obodonlashtirilib, tabarruk ziyoratgohga aylantirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori esa nafaqat Imom Moturidiy ilmiy merosi, balki u zot mangu qo‘nim topgan qadim ziyoratgoh – Chokardiza qabristoni hududiga ham alohida e’tibor qaratishni taqozo etmoqda. Qarorda Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish vazifasi belgilangan. Shu jihatdan, Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonida arxeologik tadqiqotlarni davom ettirish, hamon turar-joylar tagida qolib kelayotgan tabarruk qabrlarni izlab topish, bu ko‘hna qabriston hududini batamom hovli-joylardan tozalab obodonlashtirish borasida ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yaqin yillarda Chokardiza qabristoni o‘zining asl holiga qaytarilib, tabarruk ziyoratgohga aylantiriladi va shu orqali tarixiy adolat qayta tiklanadi, deb umid qilamiz.

                                                             O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.