Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, xalqparvar va millatparvar siyosati, shuningdek, mintaqa miqyosida faol tashqi siyosat olib borayotganligi, qoʻshni davlatlar bilan har tomonlama, oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirayotganligi, ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili boʻlgan diniy bagʻrikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga imkon bermoqda.
Yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, taʼlim, ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat, millatlar oʻrtasidagi doʻstlik va bagʻrikenglik tamoyillari oʻzining yangi tarixiy sahifalarini ochdi. Yaqin qoʻshni davlatlar bilan oliy va yuqori darajadagi aloqalarimiz sezilarli darajada faollashdi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida hamda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi sessiyasida nutq soʻzlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezidentimizning muhim taklifi asosida 2018 yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Shuni alohida taʼkidlsh lozimki, mazkur rezolyutsiyani Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi 50 dan ortiq mamlakatlar yakdil qoʻllab-quvvatlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 2023-yil 19-sentabrdagi 78-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari asosida joriy yil 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya yuqori saviyada oʻtkazildi.
Unda dunyoning 22 ta mamlakatidan 70 dan ortiq xorijiy mehmonlar – ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar, xalqaro tashkilotlarning vakillari hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir yakuni boʻyicha musulmon mamlakatlarining olim va mutaxassislari ishtirokida ekstremizm, radikalizm va terrorizmga qarshi kurash samaradorligini yanada oshirish, ilmiy raddiyalar berish metodologiyasini takomillashtirish masalalari boʻyicha Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi.
Joriy yilning 16-noyabr kuni esa poytaxtimizda “Bagʻrikenglik haftaligi” doirasida Din ishlari qoʻmitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Undan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda tinchlik, osoyishtalik omillaridan biri boʻlgan diniy bagʻrikenglik, dinlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni oʻrganish, istiqboldagi vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yoʻnalishda oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Xalqaro anjumanda AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya, Malayziya, Portugaliya, Armaniston, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston kabi davlatlardan mutaxassislar, UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, milliy madaniy markazlar, turli diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari qatnashdi.
Anjumanning xorijiy ishtirokchilari bugungi tahlikali zamonda Oʻzbekistondagi dinlararo va millatlararo totuvlik hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar xorijiy davlatlar uchun oʻrnak boʻlayotgani, bu islohotlar va tashabbuslar boshida Oʻzbekiston Prezidenti turganini yuqori baholadilar. Quyida diniy konfessiya rahbarlari va dinshunos mutaxassislarning anjuman haqidagi taassurotlarini keltiramiz:
Mustafa DEMIRJI,
Turkiyaning Saljuq universiteti Saljuq tadqiqotlari instituti mudiri, professor:
– Mazkur konferensiya Oʻzbekistondagi 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillarini bir maqsad yoʻlida birlashtirdi, deb aytish mumkin.
Ushbu nufuzli anjuman orqali turli millat vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik borasida olib borilayotgan islohotlardan mamnun ekanliklarini izhor qilmoqdalar.
Tarixan ushbu makon Buyuk Ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan, turli millat va xalqlar bir yerda jamlangan yurt hisoblanadi. Bu esa oʻlkaning sivilizatsiyalar tutashgan manziliga aylantirgan. Bunday yurt dunyoning boshqa joyida topilmaydi.
Sergey KRETOV,
Novoapostol cherkovi Markaziy Osiyo okrugi rahbari:
– Hozirda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari istiqomat qiladigan multikonfessional Oʻzbekiston jamiyatida bagʻrikenglikni targʻib qilish yurt rivojining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Biz Oʻzbekistonda dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashning oʻziga xos modeli shakllanganining guvohi boʻldik. Uning oʻziga xos jihati shundaki, har bir din vakiliga teng huquq va erkinlik berilgani va emin-erkin ibodatlarini amalga oshirishga sharoit yaratilganidir.
Shuni aytish muhimki, keyingi yillarda yangi Oʻzbekistonda dinlararo muloqot sohasida koʻplab ijobiy islohotlar amalga oshirilayotganining guvohi boʻlmoqdamiz va bu bizni mamnun qiladi. Bugungi oʻtkazilayotgan konferensiya ham fikrimizning yaqqol misoli boʻladi.
Yepiskop Xose Luis Mumbiyela SERRA,
Markaziy Osiyo katolik yepiskoplari konferensiyasi raisi, Qozogʻiston:
– Oʻzbekistonga avval ham bir necha bor kelganman. Bu yerda turli din va millat vakillarining hamjihatlikda oʻzaro tinch-totuv hayot kechirayotgani, umuman, diniy bagʻrikenglikning yuksak madaniyati shakllangani meni gʻoyatda hayratlantiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugun mamlakatingizning tez surʼatlar bilan rivojlanib, xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora yuksalib borishida diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik muhiti muhim rol oʻynamoqda.
Bugungi turli nizolar kuzatilayotgan vaziyatda turli millat, din vakillarini bir joyga jamlab, tinchlik, farovonlikni koʻzda tutgan mushtarak maqsadlar ilgari surilayotgani juda katta jasorat va dunyo hamjamiyatiga namunadir.
Mitropolit VIKENTIY,
Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi rahbari:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha odamlar tinchlik va hamjihatlikda yashashlarini taʼminlashini qoʻllab-quvvatlab, targʻib qilib kelmoqda. Bu esa diniy bagʻrikenglikning muvaffaqiyat kalitidir.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatga tobora ochilib bormoqda. Turli millatlar oʻrtasida ezgulik, tinchlik va totuvlik, bagʻrikenglik va doʻstlik siyosatini tarannum etayotgan mamlakat sifatida dunyoda tan olinmoqda. Ushbu konferensiya esa diniy bagʻrikenglikning oʻzbekona modeli sifatida eʼtirof etilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining tinchlik va hamjihatlik tashabbusini barchamiz qoʻllab-quvvatlashimiz kerak. Shunday ekan, bugungi bayram bilan barchani tabriklayman. Bunday quvonchli kunlar har doim hamrohimiz boʻlsin.
Vladimir PROVOROV,
Rossiya Yevangel-Lyuteran cherkovi arxiyepiskopi:
– Oʻylaymanki, mazkur konferensiya Oʻzbekistondagi turli millat va elat vakillarining tinch-totuv, umumjamiyat rivoji yoʻlidagi saʼy-harakatlariga hamohangdir.
Oʻzbekiston Prezidentining millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik tamoyillariga asoslangan siyosati mamlakatdagi turli millat vakillarini bir maqsad sari birlashtirmoqda. Bu yangi Oʻzbekistonning insonparvarlik islohotlaridan biri sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Abd Rahman Mohd ROSMIZI,
Malayziya Islom ilmlari universiteti professori:
– “Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik” mavzusidagi konferensiya sabab Oʻzbekistonda boʻlganimdan juda ham mamnunman. Fursatdan foydalanib, ushbu nufuzli anjuman tashkilotchisi va tashabbuskori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga minnatdorlik bildirib qolaman. Bu kabi tadbirlarning bardavom boʻlayotgani juda quvonarlidir. Zero, yaxshi bilamizki, islom dini taʼlimotiga koʻra, Alloh taolo insonlarni turli xalq va millatlarga boʻlib yaratgan va ularning asosiy maqsadi yer yuzida hamjihatlikda va hamkorlikda yashashdan iborat.
Biroq bugun yer yuzining ayrim hududlarida sodir boʻlayotgan nizolar, toʻqnashuvlar tinchlik-totuvlikning qadrini yanada oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan bugungi konferensiya dolzarb ahamiyatga ega.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtingizdagi diniy konfessiya vakillarining faoliyatini oʻrganish, tahlil etish, Oʻzbekistonning bagʻrikenglik siyosatini jahon hamjamiyatiga namuna sifatida koʻrsatish anjuman qatnashchilarining muhim maqsadi boʻlishi kerak. Oʻz yurtimizga qaytganimizda ham konferensiyada koʻtarilgan insonparvarlik, bagʻrikenglik gʻoyalarini yetkazishni koʻzda tutganmiz.
Sanjit DJXA,
MDH Hind forumi raisi, Rossiya Hind Kengashi raisi:
– Bugungi tashkil etilayotgan “Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik” konferensiyasini oʻz yoʻnalishiga koʻra, dunyoda noyob hodisa deb hisoblayman.
Men bir necha din va millat vakillari yashaydigan davlatlarni bilaman, lekin bugungidek davlat rahbari darajasida eʼtibor beriladigan birorta mamlakatni bilmayman.
Oʻzim shaxsan Krishna jamiyati vakili hisoblanaman. Qadimgi sanskrit tilida yozilgan hinduiylik dini manbalarida “Bu dunyo unda yashayotgan din va millat vakillaridan qatʼiy nazar katta oiladir”. Men aynan Oʻzbekistonda bir nechta millat va elatlarning ahil va inoq oiladek yashayotganiga guvoh boʻldim. Bunday nufuzli anjumanda ishtirok etayotganimdan gʻoyatda mamnunman.
Faride KAMALOVA,
Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti kafedra mudiri:
– Insoniy qadriyatlarga asoslangan dinlararo muloqotning asosiy poydevori bagʻrikenglikdir. Bagʻrikenglik turli fikrlar, eʼtiqodlar va madaniyatlarni hurmat qilish sifatida taʼriflanadi hamda koʻp millatli va koʻp konfessiyali jamiyatlarda tinch-totuv yashashning zarur sharti sifatida koʻriladi.
Modomiki shunday ekan, har bir inson, butun jamiyat oʻzaro munosabatlarni xalqlarning turli-tuman urf-odatlari, madaniyati va qadriyatlarini tan olgan holda bagʻrikenglik asosiga qurishi zarur. Zero, tinch-totuvlik, bagʻrikenglik taraqqiyot garovidir.
Xorijiy ekspert va mutaxassislarning fikrlaridan shunday xulosa qilish mumkinki, Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida mazkur jabhada “oʻzbek modeli” oʻziga xos namuna oʻlaroq shakllanayotganligi jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi kishilarning bir makonda ezgu niyatlar yoʻlida oʻzaro hamkor va hamjihat boʻlib yashashi, mehnat qilishi bagʻrikenglikning eng yorqin namunasidir. Dunyodagi vaziyat keskin va murakkab boʻlib borayotgan bugungi kunda yurtimizning tinchligi va ravnaqini taʼminlash, diniy bagʻrikenglikni qaror toptirish har qachongidan ham muhimdir.
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 26-noyabr, 240-son
OʻzA
Статьи
Читайте также
Muborak bayram – meros qadriyat
Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…
Maʼnaviy qudrat manbayi
XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…
Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami – milliy va maʼnaviy qadriyatlar timsoli
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ezgu tashabbusi bilan “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida keksalar, yolgʻiz fuqarolar holidan xabar olindi,…
