Научные статьи

Noqonuniy diniy taʼlim berishning salbiy oqibatlari

Ogohlik Oʻzbekiston dunyoviy davlat sifatida din va taʼlim sohasida muayyan tartib va qonun-qoidalariga ega. Mamlakatda diniy taʼlim berish huquqiy asoslar orqali tartibga solingan…

Эта страница пока доступна только на узбекском языке.

Ogohlik

Oʻzbekiston dunyoviy davlat sifatida din va taʼlim sohasida muayyan tartib va qonun-qoidalariga ega. Mamlakatda diniy taʼlim berish huquqiy asoslar orqali tartibga solingan boʻlib, mazkur jarayon davlat tomonidan tasdiqlangan muassasalarda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, dinning notoʻgʻri talqini va turli xil radikal oqimlarning tarqalishi, ayniqsa noqonuniy diniy taʼlim berish orqali jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid tugʻdiradi.

Odatda noqonuniy diniy taʼlim asosan diniy fanlar boʻyicha maʼlumoti yetarli boʻlmagan shaxslar tomonidan berilib, ular jamiyatda turli xil qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, noqonuniy diniy taʼlim koʻpincha radikal gʻoyalarning tarqalishiga xizmat qilib, ekstremizm va terrorizm kabi xavfli oqimlar paydo boʻlishiga olib keladi. Bu kabi jarayonlar jamiyatda nizolar, murosasizlik holatlarini kuchaytiradi, natijada mavjud barqarorlikka salbiy taʼsir koʻrsatadi. 

Maʼlumki, yoshlar jamiyatda faol, ammo hayotiy tajribasi kam boʻlgan aholi qatlami hisoblanadi. Oʻz navbatida, yoshlar noqonuniy diniy taʼlimga ham tez beriluvchan toifa sanaladi. Jamiyatda noqonuniy diniy taʼlim boʻyicha “takliflar” ortib borgani sayin, yoshlarning turli xil manbalar orqali taqdim etilgan yolgʻon maʼlumotlarga ishonish xavfi ortib boradi. Bu esa ular oʻrtasida diniy oqimlar yoki aqidaviy radikalizmga berilish xavfini kuchaytiradi. Natijada salbiy mafkuraviy taʼsirlarga uchrab, jamiyatda buzgʻunchilik rolini bajarib berish darajasi ham ortib boradi.

Oʻzbekiston koʻp millatli va koʻp konfessiyali davlat boʻlib, barcha millatlar va diniy oqimlar oʻrtasida bagʻrikenglik hamda oʻzaro hurmat yuqori qadrlanadi. Noqonuniy diniy taʼlim berish esa yoshlarda oʻzga din vakillariga nisbatan mutaassiblashuv ortishi hamda diniy bagʻrikenglikni zaiflashtirib, millatlararo totuvlikka putur yetkazishi mumkin. Radikal gʻoyalarning tarqalishi dinlararo nizolar va millatlararo tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining 3-moddasiga binoan, diniy tashkilot sifatida roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat koʻrsatish, diniy tashkilot tomonidan faoliyatni oʻzi turgan joydan, shu jumladan ibodat qilinadigan binolardan va diniy tashkilotga tegishli hududlardan tashqarida amalga oshirish, shuningdek, diniy taʼlim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish taqiqlanishi hamda 8-moddasida har kim diniy taʼlim muassasalarida professional diniy taʼlim olish huquqiga ega ekanligi, diniy taʼlim muassasalarida oʻqishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim yoki professional taʼlim olganidan keyin qabul qilinishlari belgilab qoʻyilgan.

Demak, fuqarolar diniy taʼlim bilan bogʻliq huquq va erkinliklarini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirishlari talab etiladi. Aksincha, noqonuniy diniy taʼlim bilan shugʻullanuvchilar belgilangan tartib-qoidalarga bepisandlik bilan qarab, oʻz xatti-harakatlari orqali qonunni buzish holatlarining ortib borishi jamiyatda qonun ustuvorligining zaiflashuviga olib keladi. Bu holatlarda nafaqat taʼlim oluvchilar, balki butun jamoatchilikning qonunga boʻlgan ishonchi yoʻqoladi va qolganlar ham oʻzboshimchalik bilan harakat qilishga moyil boʻladi. Qolaversa, huquqiy tizimning kuchsizlanishi jamiyatda oʻrnatilgan tartib-qoidalarning izdan chiqishiga olib keladi. Shu sabab ham har bir fuqaro diniy taʼlim sohasida oʻrnatilgan tartib-qoidalarga amal qilishi lozim.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida davlat noqonuniy tarzda diniy taʼlimotdan saboq berish bilan bogʻliq faoliyat uchun qonunchilikda muayyan javobgarlik masalasini belgilagan. Noqonuniy tarzda diniy taʼlmotdan saboq bergan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 241-moddasiga (Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish) asosan javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan. Ushbu moddaga koʻra, “Maxsus diniy maʼlumoti boʻlmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy taʼlimotdan saboq berish, xuddi shuningdek, xususiy tartibda diniy taʼlimotdan saboq berish – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi”. Huquqbuzar belgilangan jazo chorasiga qaramay bu ishini davom ettirsa, Jinoyat kodeksining 2292-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. 

Shunday ekan amaldagi qonunchilikka rioya qilish barcha fuqarolar uchun muqarrarligi, diniy taʼlim olish faqatgina rasmiy diniy muassasalarda berilishi, fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida diniy taʼlim olishi mumkin emasligi amaldagi qonunchilikda qatʼiy belgilangan. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning xatti-harakatlari qonun asosida qatʼiy taʼqib qilinadi. 

Oʻz navbatida, noqonuniy diniy taʼlim berish nafaqat diniy soha, balki jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga ham jiddiy tahdid tugʻdiradi. Noqonuniy shakldagi diniy taʼlim yoshlar ongiga salbiy taʼsir qilib, ularning turli xil radikal oqimlar safiga qoʻshilib qolishlariga sabab boʻladi. Shuningdek, qonun ustuvorligiga boʻlgan ishonchni zaiflashtirib, jamiyat barqarorligi va diniy bagʻrikenglikka putur yetkazadi. Shunday ekan, noqonuniy diniy taʼlimning oldini olish uchun davlat va jamiyat birgalikda harakat qilishi, huquqiy choralarni kuchaytirishi lozim.

Shukrullo Joʻrayev,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi

Manba: “Maʼrifat” gazetasi 2024-yil 4-dekabr, 49-son

Статьи

Читайте также

Все статьи
Популярные статьи

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Популярные статьи

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…