Ilmiy maqolalar

Imom moturidiy manoqiblari (1-qism)

Imom Moturidiyning tasavvufiy qarashlari va zohidlik hayoti haqida bizga maʼlumot beruvchi manbalar yetarli darajada mavjud. Ushbu maʼlumotlar imomning shogirdlari va ularning shogirdlari…

Imom Moturidiyning tasavvufiy qarashlari va zohidlik hayoti haqida bizga maʼlumot beruvchi manbalar yetarli darajada mavjud. Ushbu maʼlumotlar imomning shogirdlari va ularning shogirdlari kabi unga eng yaqin boʻlgan manbalar orqali yetib kelgan. Shuningdek, bunday maʼlumotlar keyingi davr manbalarida ham uchrab turadi va ularda sezilarli xilma-xillik koʻzga tashlanadi. Yaqin vaqtgacha Imom Moturidiyning hayoti haqida maʼlumot yetishmasligi tufayli, uning islom ilmlaridagi fikr va qarashlari borasida asosli soʻz aytish qiyin boʻlib kelgandi. Biroq, bugungi kunda moturidiylik taʼlimoti olimlarining asarlarini oʻrganish, ularni tahqiq va tarjima qilish jarayonining oʻsib borishi hamda bu yoʻnalishga qiziqishning kuchayishi tufayli, bu borada asosli fikr yuritish imkoniyati paydo boʻldi.
Imom Moturidiy haqida soʻz yuritish qiyin boʻlgan davrlarda uning tasavvufiy qarashlari va zohidlik hayotiga doir fikrlar koʻpincha imomni qanday koʻrmoqchi yoki koʻrsatilmoqchi ekanligi asosida shakllangani anglashilmoqda. Turkiyadagi tadqiqotlarda yondashuv koʻproq Imom Moturidiyning tasavvufdan uzoq boʻlgani, uning tasavvufiy hayot tarziga ega boʻlmagani, hatto tasavvufdan uzoq va unga qarshi boʻlganini taʼkidlashga qaratilgan edi . Bu tendensiyaning ideologik yoki shaxsiy omillari va sabablari boʻlgan boʻlishi mumkin, ammo hozirgi kunda, ayniqsa akademik tadqiqotlarda, “tasavvuf bilan orasi uzoq” boʻlgan Imom Moturidiy tasviri chizilganini inkor qilib boʻlmaydi .
Holbuki, bizning fikrimizga koʻra, Imom Moturidiy oʻz asrining zohidlari va karomat sohibi boʻlgan soʻfiylaridan biri sifatida qabul qilingani shubhasiz aniq haqiqatdir. Bu haqiqat bizga maʼlum boʻlganidek, hammaga maʼlum boʻlishi uchun, bu yerda Imom Moturidiyning tasavvufiy shaxsiyatini ochib beradigan rivoyatlarni xronologik tartibda yigʻishga va taqdim etishga harakat qilamiz. Shu tariqa, ushbu daʼvo imomning zamondoshlari, shogirdlari va shogirdlarining shogirdlari kabi ilk davr ulamolari naqllari bilan qanchalik mosligi oydinlashadi. Bu orqali mazkur rivoyatlarning bari unga tasavvufiy qiyofa baxsh etish uchun keyinchalik toʻqilgan, degan daʼvo haqiqatga zid ekani barchaga maʼlum boʻladi. 
Imomning tasavvufiy shaxsiyatini ochib beradigan rivoyatlarning bir qismi u bilan uchrashgan yoki ikkinchi darajada boʻlsa ham bu yaqinlikni saqlagan shaxslarning bayonotlariga asoslangani uchun, ular katta eʼtirozga uchraydigan rivoyatlar emas. Ammo imom haqidagi baʼzi rivoyatlar manoqibnomalarda keltirilgani, ularning adabiy va toʻqima hikoyalarni oʻz ichiga olishi ular imomga tasavvufiy shaxsiyatni nisbat berish niyati bilan yaratilgan, degan ayrim daʼvolarga sabab boʻlgan .  Ammo Imom Moturidiy haqidagi ilk davr qaydlari va keyingi davr tasvirlari oʻrtasidagi muvofiqlik va yaqinlik bu kabi iddaoning asossiz ekanini koʻrsatish uchun yetarli dalil boʻladi.
Imom Moturidiy bilan uchrashganlar uni qanday soʻzlar bilan eslashgan va qanday tavsiflashgan? Avvalo shunga toʻxtalib oʻtsak. Abul Yusr Pazdaviy “Usulu-d-din” asarining avvalida Moturidiyning shogirdlaridan biri (ayni paytda oʻzining bobosi) boʻlgan Abdulkarim ibn Muso Pazdaviy oʻz oilasiga imomning karomatlari haqida soʻzlab berganini aytadi . Ushbu karomatlarning aniq tavsifi keltirilmagan boʻlsa-da, baʼzi karomatlarga shaxsan imomning shogirdlari guvoh boʻlishgan va Pazdaviy tomonidan umumiy tarzda bildirilgan fikr aynan shu guvohliklarga tayanadi. Bu qaydlar imomning shogirdlari uni karomat sohibi sifatida qabul qilganlarining yaqqol dalilidir. Uning karomat sohibi ekanini koʻrsatuvchi bu izoh Imom Moturidiyni maqtash maqsadida toʻqilgan yoki qoʻshimcha qilingan, deb aytish mumkin emas. Chunki, agar Pazdaviyning maqsadi imomni maqtash boʻlganida, u oʻz asarida Moturidiyning “Kitobu-t-Tavhid” asaridagi uslubni tanqid qilmagan boʻlar, aksincha, bu haqda gapirganida maqtov yoki sukutni afzal koʻrgan boʻlar edi. Holbuki, u “Kitobu-t-Tavhid”ni ochiqchasiga tanqid qilgan va undagi uslubning ogʻirligini oʻz asarining yozilish sababi sifatida koʻrsatgan.
Imom Moturidiyning boshqa bir shogirdi Abul Hasan Rustufagʻniy ham xuddi Abdulkarim ibn Muso Pazdaviy kabi oʻz ustozini karomat sohibi boʻlgan muborak zot sifatida eslab, uning baʼzi karomatlarini zikr qiladi. Rustufagʻniy imomni duosi ijobat boʻladigan insonlardan biri sifatida tavsiflaydi. Buning bir misoli sifatida Imom Moturidiyning shogirdlaridan birining uyini egallab olgan kishi bilan bogʻliq voqeani keltiradi: vaziyatni hal qilishga qaratilgan barcha harakatlar samara bermagach, Imom Moturidiy oʻsha kishini badduo qilgan, natijada u odam kasal boʻlib qolgan va holatni tushunib yetgach, uyni boʻshatib qoʻygan . Shuningdek, Rustufagʻniy bir solih kishi tushida Abu Nasr Iyoziyni oldida bir gul va shakarqamish turgan holda koʻrganini naql qiladi. Iyoziy gulni Abul Qosim Samarqandiyga, qamishni esa Abu Mansur Moturidiyga beradi, bu bilan Hakim Samarqandiyga hikmat, Abu Mansur Moturidiyga esa haqiqat ilmlari berilgani ifodalanadi . Rustufagʻniy oʻzining ham bir necha bor tushida Imom Moturidiyni koʻrib, unga baʼzi masalalarda savollar berganini aytadi . Rustufagʻniy Imom Moturidiyning shogirdi boʻlsa-da, ustozining obroʻsini maqsadli ravishda oshirish uchun uning karomatlarini toʻqib chiqargan emas. Aksincha, u baʼzi oʻrinlarda ustoziga qarshi fikrlar ham bildirgan. Masalan, Imom Abu Hanifadan kelgan “Har bir mujtahid oʻz ijtihodiga koʻra toʻgʻri hukm chiqaradi”, degan soʻzga nisbatan Imom Moturidiy “Har bir mujtahid toʻgʻri hukm chiqarishi ham, xato qilishi ham mumkin” degan fikrda boʻlgan. Ammo Rustufagʻniy bu masalada ustoziga qoʻshilmay, Imom Aʼzamning fikrini afzal koʻrgan .
Rustufagʻniyning shogirdlari orasida boʻlgan Abul Husayn Bashogʻariy ham bizga Imom Moturidiy haqida maʼlumotlar taqdim qiladi. U imomni ilm, idrok va taqvoda alohida ajralib turadigan shaxs sifatida taʼriflaydi . Bashogʻariy bilan bir avloddan boʻlgan Abu Ali Yahyo ibn Ali Zandavistiy (vaf. 400/1010) tomonidan rivoyat qilingan bir voqea esa imomning zohidligini namoyon etishi jihatidan eʼtiborlidir. Unga koʻra, Abu Ahmad Iyoziy bir kuni Moturidiyni Samarqandning boy kishilaridan birining uyida mehmon boʻlishga majbur qiladi. Oʻsha davrda Samarqandning boy xonadonlarida mehmonlarning soqoliga atir surtish odati bor boʻlib, bu ish ularga nisbatan ehtiromni koʻrsatish uchun qilingan. Imom Moturidiy majbur boʻlgan holda ushbu mehmondorchilikda qatnashganida, uning soqoliga ham atir surtmoqchi boʻladilar, ammo imom qattiq qarshilik qilib, bunga rozi boʻlmaydi. Shunda ular atirdan ozginasini uning ulovining dum qismiga surtib qoʻyishadi. Imom bu holatni sezib qolib, qattiq gʻazablanadi va atirning hidi toʻliq ketmaguncha uloviga minmaydi . Aynan shu hodisa Ahmad ibn Muso Kashshiyning (v. 550/1155) “Majmu’ al-havodis van-navozil” asarida ham baʼzi farqlar bilan keltiriladi .
Imom Moturidiyning shogirdlaridan tashqari, eʼtiborga molik boʻlgan yana bir guruh uning doʻstlaridir. Ulardan biri Mansur Hallojning xalifasi Abul Qosim Foris ibn Iso Bagʻdodiy Dinavariydir (vaf. 342/953). Rivoyatlarga koʻra, Imom Moturidiy va Foris ibn Iso vafotlariga qadar oʻrtalaridagi mustahkam doʻstlikni saqlab qolganlar . Malom(at)iya tariqati ichida zikr qilinuvchi va Halloj Mansur kabi tasavvuf tarixidagi eng bahsli va taniqli shaxsning xalifasi, ayni paytda Kaloboziyning (vaf. 380/990)  ustozi boʻlgan bir olim bilan Imom Moturidiyning yaqin doʻstligi uning hayotidagi tasavvufiy sohaning ochiq dalillaridir. Umuman, imomning yaqin atrofida Foris ibn Iso va Hakim Samarqandiy kabi soʻfiylar boʻlgani eʼtiroz qilib boʻlmaydigan faktlardir.
Abul Yusr Pazdaviyning “Usulu-d-din” asarida imomning karomat sohibi boʻlganiga ishora qilingani haqida aytgan edik. Shuningdek, Pazdaviy “Maʼrifat al-hujaj ash-sharʼiyya” deb nomlangan boshqa bir asarida ham imomnining nomini zikr qilar ekan, uni “zohid” deb ataydi . Pazdaviy Imom Moturidiy haqidagi eng ishonchli manbalardan biri hisoblanadi. Buning sababi faqat uning katta bobosi imomning shogirdlari orasida boʻlganligi emas. Aksincha, uning oʻzi ham Dorul-Juzjoniya ilmiy anʼanasining davomchisi boʻlib, u yerda dars bergan va hadis rivoyat qilgan . Shu tariqa, madrasa tarixi va ulamolari haqidagi eng yaqin maʼlumotlarni turli manbalardan oʻrgangan. Abul Muin Nasafiy ham Pazdaviy kabi imomning zohid va karomat sohibi olim boʻlganini taʼkidlagan ilk davr ulamolaridan biridir . Imomning karomatlariga qaratilgan bu urgʻular uni tasavvufiy shaxsiyat sifatida taqdim etish niyatidan kelib chiqqan, degan zamonaviy daʼvo bizningcha butunlay notoʻgʻri. Buning xatoligini tushunish uchun eʼtibor qaratish lozim boʻlgan eng muhim jihat shundaki, biz zikr qilgan ilk davr olimlaridan deyarli hech biri mutasavvif sifatida tanilmagan, tasavvuf tabaqalarida tilga olinmagan olimlardir. Oʻzlari mutasavvif boʻlmagan bu olimlar imomni soʻfiy sifatida taqdim qilish istagida boʻlgan, deb oʻylash asossiz va mantiqsizdir.
Abu Bakr Hosiriyning “al-Hoviy” nomli asarida zikr etilgan holat imomning zohidligiga doir jonli bir namunadir. Hosiriy Abu Bakr ibn Ismoil Samarqandiy, Abul Hasan Farro, Abu Mansur Moturidiy va Abu Nasr ibn Ibrohim kabi olimlar solih faqihlardan boʻlgani, ular juma namoziga uylaridan chiqqanlarida zarurat boʻlmasa, masjidga piyoda borishgani, hech qanaqa maxsus kiyimlar kiymay, oddiy odamlar kabi xalq orasida yurishni afzal koʻrishganini aytadi .
Najmiddin Umar Nasafiy “al-Qand” asarida Imom Moturidiy Xizr alayhissalomni koʻrgani haqidagi hikoyani keltiradi. Bu hikoyaga koʻra, Imom Abu Mansur Xizr alayhissalomni koʻrib, undan duo soʻragan, Xizr alayhissalomning duosi ortidan imom hikmat ilmiga voqif boʻlgan va bidʼatchi mazhab tarafdorlarini magʻlub qilgan. Soʻnmaz Qutlu buni Bartolddan iqtibos keltirib, rivoyat “turklar orasidagi Xizr bilan bogʻliq kultlardan kelib chiqqan boʻlishi mumkin"ligini aytadi . Lekin biz Xizr alayhissalomga boʻlgan ishonch faqat turklarda emas, balki barcha musulmonlarda mavjud ekani va uni "kult" deb atash notoʻgʻri ekanligini qayd etamiz . Biroq, Imom Moturidiyning Xizr (a.s.) bilan koʻrishganiga doir yagona naql bu emas, bir-biriga guvohlik beruvchi va shu tariqa manbaning ishonchliligini orttiruvchi boshqa xabarlar ham bor. Imom Moturidiyning Xizr (a.s.) bilan jami uch marta koʻrishgani aytiladi .
Xizr alayhissalomdan duo soʻrash va uning duosi orqali hikmat ilmiga voqif boʻlish haqidagi qisqacha rivoyatni imom haqidagi boshqa bir rivoyat yana ham toʻldiradi. Bu rivoyatga koʻra, Xizr alayhissalom imomga oʻzi ham oʻqiydigan hojat namozini oʻrgatgan va imom ham bu namozni oʻqigan . Demak, Xizr alayhissalomdan olingan yordam aynan ushbu hojat namozini oʻrganish va imomning bu namozni hojati ravo boʻlishi niyatida oʻqishi orqali sodir boʻlgan. Nasafiy imomni "qudvat al-fariqayn" deb ham atagan, bu esa uning zohiriy va botiniy ilmlar sohibi boʻlgan olim sifatida tan olinganini koʻrsatuvchi yana bir dalildir .
Keyingi davrda yashagan moturidiy mutakallimlaridan biri Saʼdiddin Taftazoniy Imom Navaviyning (vaf. 676/1277) “al-Arbain” asariga yozgan sharhida Imom Abu Mansurning bir karomatini zikr qiladi. Unga koʻra, oʻsha davrdagi amir Samarqand ahlidan yangi va yuqori miqdorda soliq toʻplash haqida qaror chiqarib, bu qarorni yetkazish uchun shaharga oʻz elchisini yuboradi. Elchi shahar peshvolarini yigʻib, amirning soliq toʻgʻrisidagi talabini oʻqib eshittiradi. Soliq oshishini eshitgan Imom Moturidiy bu qarorni zulm deb hisoblaydi. Elchiga: “Amirning irodasini bizga yetkazding, endi bizning irodamizni unga yetkaz”, deb shuni qoʻshimcha qiladi: “U bizga nisbatan zulmini kuchaytirdi, biz ham tundagi badduolarimizni koʻpaytirmiz.” Shundan soʻng aholi tarqaladi va oradan bir necha kun oʻtib, amirning oʻldirilgani maʼlum boʻladi . Diqqat qilinadigan boʻlsa, bu rivoyat Rustufagʻniyning ustozi haqidagi “duosi maqbul zot” degan taʼrifiga toʻliq mos tushadi.
Baʼzi manbalarda Imom Moturidiyning kalomiy masalalarni tasavvuf nuqtayi nazaridan izohlagani haqida maʼlumotlar uchraydi. Ushbu maʼlumotlardan biri Ato ibn Ali Juzjoniyning (vaf. 687/1288 yildan avval) “al-Fiqh al-akbar” asariga yozgan sharhida keltirilgan. Unda “Alloh osmonlar va yerning nuridir. Nurining misoli xuddi bir tokcha, uning ichiga chiroq qoʻyilgan, chiroq esa shisha ichida, shisha esa goʻyo durdan boʻlgan bir yulduz boʻlib, sharqiy ham, gʻarbiy ham boʻlmagan muborak zaytun daraxtidan yoqiladir. Uning moyi oʻziga olov tegmasa ham, yoritib yuboray deydir. (Bu) nur ustiga nurdir. Alloh xohlagan odamni Oʻz nuriga hidoyat qilur. Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani biluvchidir”  maʼnosidagi oyatga taalluqli holda keltirilgan naqlga koʻra, Imom Moturidiy iymon va islom soʻzlarini quyidagicha izohlagan: “Maʼrifatulloh (Allohni tanish) toʻrt darajadan iborat: Birinchi daraja — Haq taoloni hech qanday kayfiyatsiz va oʻxshatishsiz bilishdir. Bu maʼrifat “islom” deyiladi va uning makoni sadrdir. Ikkinchi daraja — uluhiyat bilan tanishdir, bunga “iymon” deyiladi va uning makoni qalb boʻlib, u sadrning ichidir. Uchinchi daraja — Haq taoloni sifatlari orqali tanish va uning oʻrni fuoddir. Toʻrtinchi daraja — tavhid, yaʼni vahdoniyat bilan bilishdir. Uning oʻrni fuodning siri, ichkarisidir. Sirning ham ichkari qismi xafiy deyiladi. Hidoyat nuri oʻsha yerdan chiqadi. Unga hech bir bandaning hech qanday aralashuvi yoʻq…” 
Jamoliddin Koʻnyaviy mazkur naqlni keltirganidan soʻng, Imom Moturidiyning iymon nuri qanday qilib barcha aʼzolarga tarqalishi haqida yana tasavvufiy maʼnodagi boshqa izohlarini ham keltiradi . Shunday tasavvufiy izohlarni ayni shaklda Abu Nasr Tojiddin Abdulvahhob ibn Ali Subkiyning (vaf. 771/1370) “as-Sayf al-mashhur” asarida ham uchratish mumkin .
Jamol Qarshiyning (vaf. 702/1303 yildan keyin) “Mulhaqot as-suroh” asarida keltirilgan yana bir rivoyat ham yuqoridagi naqllarga muvofiq keladi. Ushbu rivoyatga koʻra, Bagʻdoddan xalifa Muttaqiyning buyrugʻi bilan fatvo soʻrash uchun Samarqandga bir elchi keladi. Elchi eski kiyimda turgan imomni koʻrib, uning imom ekaniga ehtimol bermagan holda “Mavlono qayerda?”, deb soʻraydi. Imom unga “Mavlomiz Allohdir”, deb javob qaytaradi. Keyin elchi “Xoja qayerda?”, deb soʻraydi, imom esa “Xoja Mustafodir”, deb javob beradi. Elchi oxirida “Abu Mansur hazratlari qayerda?”, deb soʻraganida, imom “Abu Mansur mana shu faqirdir”, deb javob qaytaradi . Ushbu rivoyat imomning boshqalardan farqli kiyimda yurmagani haqidagi Hosiriyning naqllari bilan ham, uning zohidona hayoti haqidagi boshqa tasvirlar bilan ham toʻliq muvofiqdir.
Melikshah Sezenning “İmam Maturidi: Hayatı, Eserleri ve İlmi Şahsiyeti” kitobidan tarjima

[1] Баъзи мисоллар учун қар. Sönmez Kutlu, "Bilinen ve Bilinmeyen Yönleriyle İmam Mâturîdî", s. 32-34; "İmam Mâtürîdî'nin Sûfîleştirilmesi veya Mutasavvıf Olarak Sunulması Mümkün mü?", İmam Mâtürîdî ve Mâtürîdiyye Geleneği, (ed.) Hülya Alper, İstanbul: İfav, 2018, s. 421-435; Mehmet Kalaycı, Tarihi Süreçte Eşarilik- Maturidilik İlişkisi, s. 222; Yunus Eraslan, Mâtürîdîlik ve Tasavvuf, Ankara: Türkiye Diyanet Vakfı, 2021, s. 87.

[2] Тасаввуф тушунчаси атрофида шаклланган ушбу масалани тўлиқ тушуниш учун "тасаввуфни англаш муаммоси" ҳамда тасаввуфнинг институционаллашмаган даври бўлган "зуҳд даври" ҳақида кенг маълумотга эга бўлиш, шунингдек, ҳанафийлик анъанасини ушбу маълумотлар асосида баҳолаш керак.

[3] Маноқибнома асарларида учрайдиган барча ривоятлар тўлиқ тарихий ҳақиқатдан узоқ, деб баҳоланиши мумкин эмас. Аксинча, бу ривоятларнинг кўпи тарихий воқеликлар билан жиддий даражада мос келади. Бироқ, бундай асарлардаги тил ва услуб баъзан муболағали тус олади, буни ҳам эътиборга олиш керак. Шу сабабли, маноқибнома туркумидаги асарлардан фойдаланишда улардаги тарихий ҳақиқатларга мос келувчи ривоятларни аниқлаш учун синчковлик билан ёндашиш керак. Акс ҳолда, бу каби асарлардаги барча маълумотларни муболаға ёки тўқима деб баҳолаб, уларни рад этиш илмий ва ҳаққоний ёндашув бўлмайди. Қар. Zeki Velidi Togan, Tarihte Usûl, İstanbul: Enderun Kitabevi, 1985, s. 48-49; Ahmet Yaşar Ocak, Kültür Tarihi Kaynağı Olarak Evliya Menâkıbnâmeleri -XV-XII. Yüzyıllar-, İstanbul: Timaş, 5. Baskı, 2016, s. 61-62.

[4] Абул Юср Паздавий. Усул ад-дин. Б. 2-3.

[5] Абул Ҳасан Рустуфағний. Мухтасар Фавоид ар-Рустуфағний. Б. 54.

[6] Насафий. ал-Қанд. Б. 293; Кафавий. Катоиб. II/38

[7] Şükrü Özen, Ebu Mansur el-Maturidiʼnin Fıkıh Usulünün Yeniden İnşası, s. 26.

[8] Мüstakimzade Süleyman Sadeddin, Menakıb-ı İmam-ı Aʼzam, s. 135 (27. Dipnot)

[9] Ибн Яҳё Башоғарий. Шарҳ Жумал усул ад-дин ли Аби Салама ас-Самарқандий. Сулаймония кутубхонаси, Шаҳид Али Пошо, №1648/2, вар. 162а

[10] Абу Али Яҳё ибн Али Зандавистий. Равзат ал-уламо ва нузҳат ал-фузало. Сулаймония кутубхонаси, Фотиҳ, №2635, вар. 10b

[11] Аҳмад ибн Мусо Кашший. Мажмуъ ал-ҳаводис ван-навозил. Сулаймония кутубхонаси, Йени Жами, №547, вар. 316b

[12] Abdurrahman Cami, Nefahatü’l-Üns, -Evliya Menkıbeleri-, (çev.) Lamii Çelebi, (haz.) Süleyman Uludağ & Mustafa Kara, İstanbul: Marifet, 1998, s. 298.

[13] Абул Юср Паздавий. Маърифат ал-ҳужаж аш-шаръиййа. (таҳқиқ) Абдулодир ибн Ёсин ал-Хатиб. – Байрут: Муассаса ар-Рисола, 2000. Б. 65.

[14] Заҳабий. Тарих ал-ислом. XXXIV/164.

[15] Абул Муин Насафий. Табсират ал-адилла. I/360, 473.

[16] Ҳосирий. Ал-Ҳовий фил-фатово. Сулаймония кутубхонаси, Ҳакимўғли, №402, вар. 277b.

[17] Sönmez Kutlu, "Bilinen ve Bilinmeyen Yönleriyle İmam Mâturîdî", s. 32-33; Ahmet Yıldırım, "İmam Mâtürîdî Zaviyesinden Tasavvufa Bakış", Mâtürîdî Düşünce ve Mâtürîdîlik Literatürü, (ed. M. Raşit Akpınar, Recep Tuzcu, Aslı Menekşe, İstanbul, 2018, s. 167.

[18] Қуръони Каримда "Хизр қиссаси" сифатида маълум бўлган оятлар учун Қаҳф сураси 60–82 оятларига қаранг. Хизр алайҳиссаломнинг жисмоний ҳаёти тугагани ва у эндиликда жисмонан ҳаётда эмаслиги муҳаддисларнинг кўпчилиги томонидан айтилган. Хизр (а.с.) қиёматгача яшашини хабар берувчи кўплаб ривоятларнинг сохта экани таъкидланган. Бироқ, Хизр (а.с.) билан учрашилгани ҳақидаги ҳар бир ривоят сохта эмас. Чунки бу учрашувлар маънавий оламда, тушда ёки кўриниш бериш шаклида рўй бериши мумкин ва бу ҳолат жоиздир. Шунингдек, Ибн Ҳажар ва Айний каби муҳаддислар Хизр (а.с.) нинг вафот этганига далолат қилувчи ривоятларни таъвил қилиш мумкинлигини айтишган. Шу боис Хизр (а.с.) ҳақидаги ҳар қандай ривоятни инкор этавериш тўғри эмас.

[19] Ulrich Rudolph, Mâturîdî, s. 223.

[20] Ahmed b. Mahmûd el-Hazînî, Cevâhiruʼl-Ebrâr min Emvâciʼl-Bihâr, İstanbul Üniversitesi Ktp., TY, nr. 3893, vr. 102a.

[21] Насафий. ал-Қанд. Б. 143.

[22] Тафтазоний. Шарҳ ат-Тафтазоний ала-л-аҳодис ал-арбаъин ан-Нававий. – Байрут: Дор ал-кутуб ал-илмиййа, 2013. Б. 156.

[23] Нур сураси, 35-оят.

[24] Ато ибн Али Жузжоний. Шарҳ ал-Фиқҳ ал-акбар, Б. 82-86. Ушбу нақл кейинги даврларда ёзилган қуйидаги манбаларда ҳам айни шаклда учрайди: Муҳаммад ибн Абу Бакр Розий. Ал-Ҳидоя мин ал-эътиқод. Байрут, 2001. Б. 315; Жамолиддин Кўнявий. Ал-Қалоид фи шарҳ ал-ақоид. Кўня вилоят қўлёзмалар кутубхонаси, №220, вар. 68b; Мустақимзода. Тафсир сура ал-Фотиҳа. Б. 70.

[25] Жамолиддин Кўнявий. Ал-Қалоид фи шарҳ ал-ақоид. Кўня вилоят қўлёзмалар кутубхонаси, №220, вар. 70а.

[26] Тожиддин Субкий. ас-Сайф ал-машҳур фи шарҳ ақида Аби Мансур. Истанбул, 2000. Б. 37.

[27] Necdet Tosun, “Maturidiyye ve Tasavvuf İlişkisi”, Tasavvuf İlmi ve Akademik Araştırma Dergisi, 2016. XVII/38, 49-50.

Maqolalar

Yana oʻqing

Barcha maqolalar
Ommabop maqolalar

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Ommabop maqolalar

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…