Ommabop maqolalar

Diniy bagʻrikenglik – farovonlik garovi

Har yili 16 noyabr kuni dunyo boʻylab "Xalqaro bagʻrikenglik kuni" sifatida keng nishonlanadi. Bu sana 1995 yilda YUNESKO tomonidan qabul qilingan "Bagʻrikenglik…

Har yili 16 noyabr kuni dunyo boʻylab "Xalqaro bagʻrikenglik kuni" sifatida keng nishonlanadi. Bu sana 1995 yilda YUNESKO tomonidan qabul qilingan "Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi"ga asoslanadi. Bir yil oʻtib, BMT Bosh Assambleyasi 16 noyabrni rasman xalqaro kun sifatida belgilagan. Maqsad – millatlar, dinlar va madaniyatlar oʻrtasida oʻzaro hurmat va tushunish muhitini mustahkamlash, jahondagi ziddiyat va murosasizlik holatlariga qarshi maʼnaviy javob berish edi. Bagʻrikenglik – bu faqat boshqalarni toqat bilan qabul qilish emas, balki ularning borligini qabul qilish, farqlarini, oʻziga xos jihatlarini qadrlash, har bir insonning haq-huquqini hurmat qilish demakdir.
Islom sivilizatsiyasi va Sharq madaniyati azaldan bagʻrikenglik tamoyiliga amal qilib, uni hayotga tatbiq etib kelgan. Qurʼoni karim oyatlari va hadislarda taʼkidlangan mehr-shafqat va insonparvarlik ruhi bugungi bagʻrikenglik tamoyillarining ildizi naqadar chuqur ekanini koʻrsatadi. Shu maʼnoda, xalqaro miqyosda belgilangan ushbu sana – qadimiy maʼnaviy anʼanalarning zamonaviy ifodasi, insonlarni tinchlik, doʻstlik va hurmat muhitida yashashga chorlovidir.
Bagʻrikenglik islomning umumbashariy qadriyati boʻlib, barcha insonlar uchun ahamiyatlidir. Muhammad alayhissalomning hayot yoʻllari islomning bagʻrikenglik va boshqa din vakillariga hurmat borasidagi taʼlimotlarini amaldagi yorqin namunasi hisoblanadi. U zot turli din vakillari bilan tinch-totuv yashagan, ularning huquqlariga hurmat bilan qaragan va kezi kelganda ular bilan hamkorlikda ish yuritganlar.
Musulmon jamiyatlarida bagʻrikenglik va oʻzgalarga hurmat ijtimoiy hamjihatlik va osoyishtalikni taʼminlovchi muhim omildir. Turli eʼtiqod, madaniyat va turmush tarzlariga hurmat bilan qarash jamiyatda tinchlik va hamkorlik muhitini yaratadi, farovonlikni kafolatlaydi. Islomning bagʻrikenglikka chorlovi odamlarni bir-birini tushunishga va mehr-shafqat bilan munosabatda boʻlishga undaydi.
Bugun Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash yoʻlida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. "Xalqaro bagʻrikenglik kuni" alohida kayfiyat, oʻzgacha shukuh bilan nishonlanmoqda. Har yili noyabr oyida "Bagʻrikenglik haftaligi" doirasida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, konferensiyalar, davra suhbatlari tashkil etib kelinadi. Turli millat va din vakillari ishtirokida va hamkorligida oʻtkaziladigan ushbu tadbirlar mamlakatimizdagi tinchlik va oʻzaro hamjihatlik siyosatining amaliy koʻrinishi hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan dinlararo muloqot va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarning huquqiy tengligi va erkinligini taʼminlash allaqachon davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanib ulgurdi.
Xalqaro bagʻrikenglik kuni bu faqat bayram emas, balki har bir insonning yana bir bor oʻz maʼnaviy masʼuliyatini anglashi hamdir. Bagʻrikeng boʻlish fikrda, eʼtiqodda va turmush tarzida oʻzidan farqli boʻlgan insonlarni tushunish, ularni hurmat qilish demakdir. Bunday ruh hukmron boʻlgan jamiyatda esa nafratga emas, muhabbatga, ziddiyatga emas, hamjihatlikka yoʻl ochiladi. Shu bois, har birimiz bu kunni nafaqat nishonlash, balki uning maʼnosi hayotimizda amaliy ifoda etishiga harakat qilishimiz lozim.

Oybek Sotvoldiyev,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 
boʻlim boshligʻi

Maqolalar

Yana oʻqing

Barcha maqolalar
Ommabop maqolalar

Muborak bayram – meros qadriyat

Har yili zulhijja oyining oʻninchi kunida dunyoning toʻrt burchagida yashovchi musulmonlar bir xil tuygʻu – iymon va shukronalik ruhida bayram dasturxonini yozadilar,…

Ommabop maqolalar

Maʼnaviy qudrat manbayi

XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo tarixida Ikkinchi Renessans davri sifatida alohida oʻrin tutadi. Ushbu tarixiy bosqich nafaqat qudratli markazlashgan davlat barpo etilgani, balki…