News

Hidoyat imomi ijodiga buyuk ehtirom

Munosabat Ona zamin insoniyat gavhari boʻlmish allomalarga beshik boʻlar ekan, ularning ilm ziyosi bashariyat kamoloti uchun abadiylikka munosib boʻlib yashayveradi. Islomiy ilmlar…

This page is currently available in Uzbek only.

Munosabat

Ona zamin insoniyat gavhari boʻlmish allomalarga beshik boʻlar ekan, ularning ilm ziyosi bashariyat kamoloti uchun abadiylikka munosib boʻlib yashayveradi. Islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiy ana shunday betimsol maʼrifat sohibi sanaladi.   

Maʼlumotlarga koʻra bu zotning nasabi ulugʻ sahobiy Abu Ayyub Ansoriyga borib taqaladi. Shuning uchun ushbu ulugʻ allomaga “Ansoriy” nisbati ham berilgan.   

Abu Mansur Moturidiyning ustozlaridan biri boʻlgan Muhammad ibn Muqotil Roziy hijriy 248 (milodiy 862) yilda vafot etgani aytilgan. Shunga koʻra, Abu Mansur Moturidiy hijriy 240 (milodiy 854) yildan oldin tugʻilgan, chunki Muqotil Roziydek faqih, muhaddis olimdan taʼlim olish uchun shogird kamida oʻn yosh atrofida boʻlish kerak, deyilgan.   

Alloma sharʼiy ilmlarning uchta yoʻnalishi – Tafsir, Usulul fiqh, Aqoid boʻyicha asarlar taʼlif etgan. “Taʼviylotu ahli sunna” (Ahli sunnaning tushuntirishlari), “Maʼxozush sharoi’” (Sharʼiy hukmlar manbasi) va “Jadal” (Ilmiy bahslar) va boshqa koʻplab asarlar shular jumlasidan sanaladi.   

Butun hayotini ilm maʼrifat oʻrganish va uni yoyish bilan oʻtkazgan Abu Mansur Moturidiy hijriy 333 (milodiy 945) yilda toʻqson besh yoshlar atrofida Samarqandda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.   

Ushbu ulugʻ allomaning ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganishni ragʻbatlantirish, moturidiylik taʼlimotiga xos bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida joriy yil 14 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori eʼlon qilindi. “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida“gi mazkur qarorga koʻra, alloma tavalludini islom olamidagi obroʻ-eʼtibori va nufuziga munosib tarzda yuqori saviyada nishonlash boʻyicha bir qancha chora-tadbirlar belgilandi. Unda,  jumladan, 2025 yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish;   

xorijlik tadqiqotchilar oʻrtasida moturidiylik taʼlimoti boʻyicha ilmiy tanlov oʻtkazish, gʻoliblar ishtirokida Oʻzbekistonda madaniy-maʼrifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish;   

Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning oʻzbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish kabi vazifalar belgilandi.   

Shu bilan birga, Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bagʻishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, buyuk mutafakkirning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa koʻrgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;   

Imom Moturidiyning serqirra hayot yoʻli va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish;   

Samarqand viloyatida Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti yoʻnalishida faoliyat olib borgan allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy merosiga bagʻishlangan asarlarning nodir qoʻlyozma va nashr nusxalari hamda kitoblari koʻrgazmasini tashkil etish hamda Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirish kabilar nazarda tutilgan.   

– Oʻzbekiston zamini qadimdan ilm-maʼrifat, maʼnaviyat, sivilizatsiyalar kesishgan chorraha sifatida butun dunyoga maʼlum va mashhur. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar jahon ilm-fani taraqqiyotiga benazir hissa qoʻshganlar, – deya fikr bildiradi Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov. – Ajdodlarimiz orasida «Hidoyat imomi» degan unvonni olgan Imom Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh alohida oʻrin tutadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida»gi qarori Imom Moturidiy rahimahullohning boy ilmiy merosini butun dunyoga tarannum etishda muhim hujjat boʻldi.   

Moturidiylik taʼlimoti sunniylik yoʻnalishidagi ikki yirik maktabning biri boʻlib, ushbu taʼlimoti X asrdan bugungi kunga qadar oʻzining moʻtadilligi bilan ajralib turadi. Buning asosiy sababi Imom Moturidiy oʻz taʼlimotini oʻsha davrning ijtimoiy-siyosiy jihatlarini ham hisobga olgan holda yaratgan. Shuning uchun ham moturidiylik taʼlimotini oʻrganishga qiziqish katta. Moturidiylik taʼlimoti dunyoning koʻplab yirik taʼlim muassasalarida, xususan, al-Azhar universitetida ham oʻqitiladi.   

Davlatimiz rahbarining mazkur qaroriga binoan shu yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish, allomaning “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning oʻzbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish belgilangani buyuk ajdodimizning boy ilmiy-maʼrifiy merosini dunyoga tarannum etish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, inshaalloh.   

Darhaqiqat, qarorda nazarda tutilgan muhim jihatlardan biri sifatida “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyalar, suhbatlar, “Moturidiylik taʼlimoti bilimdoni” kabi tanlovlar oʻtkaziladi va gʻoliblar munosib taqdirlanadi.   

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotiga mansub allomalarning hayoti va ilmiy merosiga oid noyob qoʻlyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklar aniqlanib, ularning nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish va tadqiq qilish tizimli ravishda tashkil etiladi.   

Davlatimiz tomonidan hidoyat imomi sanalmish ushbu ulugʻ alloma va uning ilmiy merosiga koʻrsatilayotgan ehtirom xalqimiz hamda kelajak avlodlar uchun ibrat va iftixor ramzi boʻlib qoladi.   

Abdulaziz RUSTAMOV, OʻzA

News

Read also

All news
News

Parij Bosh masjidiga tashrif

9-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning…