News

Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida jamiyatda diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga…

This page is currently available in Uzbek only.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida jamiyatda diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yurtimizning jahon sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi tarixiy maqomi va nufuzini tiklash boʻyicha puxta oʻylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan qisqa vaqt ichida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu umuminsoniy gʻoyasi asosida jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni taʼminlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar toʻgʻri ekanligidan dalolat bermoqda. 

Yuqoridagilarni eʼtiborga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalarni roʻyobga chiqarish, diniy-maʼrifiy sohadagi ezgu gʻoya va tashabbuslarni xalq manfaatlaridan kelib chiqib izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:

I. Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari

1. Quyidagilar fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini taʼminlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi faoliyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

a) jamiyatda diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilgʻor mexanizmlarni joriy etish;

b) ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bagʻrikenglik kabi umuminsoniy va oliyjanob gʻoyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur oʻrganish hamda keng targʻib etish;

v) diniy-maʼrifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;

g) aholi orasida birdamlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash;

d) diniy-maʼrifiy sohadagi xalqaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish.

2. Diniy-maʼrifiy soha faoliyati rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bagʻrikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash maqsadida “Bagʻrikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining yangi hamkorlik tizimi yoʻlga qoʻyilsin.

Quyidagilar hamkorlik tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:

a) diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplarini qatʼiy amalga oshirishda davlat va jamoat  tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish;

b) fuqarolarning vijdon erkinligiga boʻlgan huquqini taʼminlash, jamiyatda turli diniy konfessiyalar vakillarining oʻzaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qoʻllab-quvvatlash;

v) Oʻzbekiston aholisining dini, eʼtiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar huquq va qonuniy manfaatlarini toʻliq roʻyobga chiqara olishini taʼminlash;

g) dinga boʻlgan munosabatidan kelib chiqib ustunlik berish, kamsitish va vijdon erkinligi kafolatlari buzilishining boshqa har qanday koʻrinishlarining oldini olish.

Qoʻmita bir oy muddatda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda hamkorlik tizimining mexanizmlarini belgilovchi qoʻshma qarorni tasdiqlasin.

II. Diniy-maʼrifiy sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish

4. Fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishi bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsadida Qoʻmita va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni (keyingi oʻrinlarda – Portal) hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqsin.

Belgilansinki:

a) Portal “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron roʻyxati shakllantiriladigan tizim hisoblanadi;

b) Portalda “Haj” va “Umra” faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va rasmiylashtirish bilan bogʻliq jarayonlar raqamlashtiriladi;

v) vazirlik va idoralar Qoʻmita soʻroviga koʻra oʻzining axborot tizimlari Portalga integratsiya qilinishini taʼminlaydi;

g) Qoʻmita Portal faoliyatini moliyalashtirishga, texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlashga, aloqador davlat va nodavlat tashkilotlar uchun foydalanish imkoniyatini yaratishga masʼul davlat organi hisoblanadi;

d) Qoʻmita “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Portaldan foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi.

5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qoʻmitaning Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasini Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi oʻrinlarda – Akademiya) etib qayta nomlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda oʻquv dasturi, qoʻllanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud boʻlgan boshqa sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlash;

b) taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etish;

v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bagʻrikenglikni taʼminlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

g) diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmogʻida taʼlim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;

d) talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish;

ye) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.

7. Akademiyaga quyidagi huquqlar berilsin:

a) oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konʼyunkturasidan kelib chiqib belgilash;

b) Qoʻmita bilan kelishgan holda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini tegishli yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalarida belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilash;

v) talabalarning toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlash muddatlarini belgilash va uzaytirish;

g) yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish;

d) oʻz grifi asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish.

8. Belgilansinki, Akademiyaga oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklidan tushadigan mablagʻlarning yetishmagan qismi davlat oliy taʼlim muassasalarini saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan byudjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritish orqali qoplanadi.

9. Qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazini Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut) sifatida qayta tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

a) Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari, shuningdek, radikallashuvning oldini olish yoʻnalishlarida diniy sohada mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga masʼul muassasa hisoblanadi;

b) barcha taʼlim tashkilotlarining islomshunoslik va dinshunoslik fanlari oʻqituvchilarining malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash Institut tomonidan amalga oshiriladi;

v) taʼlim jarayoni sifatini oshirish hamda taʼlim va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida Institut soʻroviga asosan darslarga tegishli vazirlik, idora, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlarining rahbar xodimlari va mutaxassislari jalb etiladi;

g) Institut qayta tashkil etilayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

10.  Akademiyaga qarashli Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Zarbuloq koʻchasi, 14-uy manzili boʻyicha joylashgan yotoqxona binosi operativ boshqaruv huquqi asosida Institutga bepul oʻtkazilishi taʼminlansin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu binoni saqlash uchun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2025 yil uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarining qoldiq qismini Institutga oʻtkazib bersin, 2026 yildan boshlab esa binoni saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni Institutning xarajatlar smetasida rejalashtirib borsin.

11.  Qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

a) buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik gʻoyalarini ilmiy asosda oʻrganish, yosh avlodni bagʻrikenglik hamda oʻzaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targʻibot ishlarini olib borish;

b) tasavvuf taʼlimoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini xalqaro maydonda keng targʻibqilish;

v) naqshbandiylik taʼlimotining ezgu gʻoyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bagʻishlangan anjuman, konferensiya, koʻrgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;

g) tasavvuf taʼlimotining ilmiy asoslangan gʻoyalarini targʻib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.

12. Qoʻmita va Akademiyaning Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi islomshunoslik yoʻnalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bogʻliq jarayonlar boʻyicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

13. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qoʻshimcha vazifalari etib belgilansin:

a) Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy merosni oʻrganish, jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz hududida roʻy bergan Birinchi va Ikkinchi Renessansning ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq etish hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining maʼnaviy poydevorini yaratishda ishtirok etish;

b) islom dinining insonparvarlik mohiyati, maʼrifiy-madaniy roli va rivojlanish yoʻnalishlarini ilmiy asosda oʻrganish va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;

v) diniy taʼlim muassasalariga ilmiy-tadqiqot va oʻquv-uslubiy masalalarda hamda pedagog kadrlar va diniy xodimlarning malakasini oshirib borishda amaliy yordam koʻrsatish;

g) ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini saqlash, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish.

14. Diniy-maʼrifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

a) Muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga masʼul boʻlgan maslahat organi hisoblanadi;

b) Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi vazifasini Qoʻmita amalga oshiradi;

v) Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Akademiya va boshqa diniy-maʼrifiy muassasalarning taʼlim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyati muvofiqlashtiriladi;

g) Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislari har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.

15. Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:

a) “Uchinchi renessans – Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi asosida buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosida ulugʻlangan vatanparvarlik, bagʻrikenglik kabi umuminsoniy gʻoyalarni aholi orasida keng targʻib etish yoʻnalishlarini belgilash;

b) diniy-maʼrifiy sohadagi muassasalar faoliyatini chuqur oʻrganib borish, oʻquv-tarbiya jarayoniga ilgʻor axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish hamda ilmiy va uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirish;

v) soha tashkilotlarida toʻplangan ilmiy-uslubiy ishlanmalar va tajribalarni tahlil etish asosida ulardagi taʼlim mazmunini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, oʻquv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik tamoyillarini taʼminlash;

g) respublikaning barcha taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bajariladigan diniy mavzudagi tadqiqotlar (dissertatsiyalar)ning mavzu va yoʻnalishlarining ahamiyati, dolzarbligi yuzasidan tegishli tavsiyalarni berish.

III. Diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash

16. Respublikada istiqomat qiluvchi turli din vakillarining Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga daxldorlik hissini oshirish, jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash maqsadida Qoʻmitaning Konfessiyalar ishlari boʻyicha kengash (keyingi oʻrinlarda – Kengash) faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda quyidagilar inobatga olinsin:

a) Kengash tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislarni kuzatuvchi sifatida kiritish;

b) Kengashga diniy konfessiyalarning muammolari boʻyicha davlat va nodavlat tashkilotlarga soʻrov, murojaat va tavsiyalar yuborish huquqini berish;

v) Toshkent, Samarqand, Buxoro va Fargʻona viloyatlarida hududiy kengashlar tashkil etish;

g) Kengash tomonidan turli konfessiyalarga oid diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari oʻrtasida sport musobaqalari, intellektual oʻyinlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish.

Kengashning yangilangan tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

IV. Farmon ijrosini tashkil etish va nazorat qilish

17. Qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi S.D.Toshboyev belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q.Davletov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                             Sh.MIRZIYOEV

News

Read also

All news
News

Parij Bosh masjidiga tashrif

9-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning…