✍️ Qohirada Imom Ashʼariy ilmiy merosiga bagʻishlangan nufuzli xalqaro forum oʻz ishini boshladi
27-yanvar kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida nufuzli "Al-Azhar" majmuasi qoshidagi Imom Ashʼariy markazi tomonidan tashkil etilgan birinchi xalqaro ilmiy forum oʻz ishini boshladi.
Mazkur yirik anjuman "Imom Ashʼariyning islomiy firqalarga oid fikriy yondashuvlari: aqidaviy ixtilofdan muloqot ufqi va moʻtadillikni qaror toptirish sari" mavzusiga bagʻishlangan boʻlib, unda islom olamining yetuk ulamolari, dinshunos olimlar va tadqiqotchilar jam boʻlgan.
Forumda Oʻzbekiston nomidan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, anjuman ochilish marosimida Imom Ashʼariy markazi direktori Hasan Shofeʼiy, al-Azhar universiteti rektori Dovud Saloma, Imom Moturidiy markazi direktori Komiljon Shermuxamedov, Misr muftiysi Nazir Ayyod hamda al-Azhar majmuasi rahbari oʻrinbosari Muhammad Duvayniy soʻzga chiqdi.
Ushbu xalqaro anjuman islom olamidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, mutaassiblikka qarshi maʼrifat bilan kurashish hamda sof islom aqidasini asrab-avaylashda muhim platforma vazifasini oʻtaydi.
Anjuman oʻz ishini davom ettirmoqda.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati
