📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Forum

✍️ Qohirada Imom Ash’ariy ilmiy merosiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro forum o‘z ishini boshladi

 27-yanvar kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida nufuzli "Al-Azhar" majmuasi qoshidagi Imom Ash’ariy markazi tomonidan tashkil etilgan birinchi xalqaro ilmiy forum o‘z ishini boshladi.

Mazkur yirik anjuman "Imom Ash’ariyning islomiy firqalarga oid fikriy yondashuvlari: aqidaviy ixtilofdan muloqot ufqi va mo‘tadillikni qaror toptirish sari" mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda islom olamining yetuk ulamolari, dinshunos olimlar va tadqiqotchilar jam bo‘lgan.

 Forumda O‘zbekiston nomidan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, anjuman ochilish marosimida Imom Ash’ariy markazi direktori Hasan Shofe’iy, al-Azhar universiteti rektori  Dovud Saloma, Imom Moturidiy markazi direktori Komiljon Shermuxamedov, Misr muftiysi Nazir Ayyod hamda al-Azhar majmuasi rahbari o‘rinbosari Muhammad Duvayniy so‘zga chiqdi.

Ushbu xalqaro anjuman islom olamidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, mutaassiblikka qarshi ma’rifat bilan kurashish hamda sof islom aqidasini asrab-avaylashda muhim platforma vazifasini o‘taydi.

 Anjuman o‘z ishini davom ettirmoqda.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi  Matbuot xizmati