Yangiliklar

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor o‘rinbosari Sh.Islomov ayni vaqtda Din ishlari qo‘mitasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Indoneziyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.
✅Xizmat safari davomida Indoneziya Bosh vaziri o‘rinbosari, Ijtimoiy himoya vaziri Muhaymin Iskandar, Indoneziya Ulamolar kengashi Bosh kotibi Amirshoh Tambunan, Nahdatul ulamo tashkilotining Oliy kengashi vakili Ulil Absor Abdulloh bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, bugungi kunning dolzarb mavzularida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari, Ijtimoiy himoya vaziri Muhaymin Iskandar O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy merosida ulug‘langan umuminsoniy g‘oyalar bugungi globallashuv davrida ijtimoiy muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, Imom Buxoriy asarlarida yoritilgan ma’naviy-axloqiy qadriyatlardan bugungi kunda Indoneziya jamiyatidagi muammoli masalalarni hal etishda unumli foydalaniyotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Nahdatul ulamo Oliy kengashi vakili Ulil Absor Abdulloh bugungi kunda Indoneziyalik oilalar o‘z farzandlariga Buxoriy, Moturidiy, Termiziy va Ulug‘bek kabi o‘zbek ismlarini qo‘yayotganini faxr bilan tilga oldi