Xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 29-sentyabr kuni Malayziya xalqaro islom universiteti professori Shukran Abdul Rahmon Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya xalqaro islom universiteti huzuridagi Islom tushunchasi va sivilizatsiyasi instituti (ISTAC) o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, dolzarb mavzularda konferensiya, seminar va davra suhbatlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Professor Shukran Abdul Rahmon O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasidagi nuqtini o‘qib chiqqani, unda oliy ta’lim sohasiga oid tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, bu g‘oyalarni Malayziya ilmiy jamoatchiligiga ham yetkazishini qayd etdi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil Malayziyaga amalga oshirgan tashrifidan so‘ng O‘zbekiston va Malayziya ilmiy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy xodimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faoliyat yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.